Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Demak, hali yashasa bo‘ladi...

Demak, hali yashasa bo‘ladi...

foto:svetdushicrimeacentr.site

Mashinamni avtojoyga (avtoturargoh so‘zi uzun va g‘aliz tuyuladi menga) qo‘yarkanman, e’tiborsizlik qilib yangigina «Treker»ning yonboshini turtib yuborsam bo‘ladimi. Tushib qarasam, mashinaning orqa eshigi ezilgan. So‘ng kelib o‘zimnikiga boqdim – bilinar-bilinmas qirilgan, xolos.

Telefon raqamim yozilgan qog‘ozni «Treker»ning oynak tozalagichiga qistirar ekanman, mashina ichkarisida telefon raqamga ko‘zim tushdi. Sarosar solsam, mashina ichi saranjom-sarishta, hamma yoq yog‘ tushsa yalagudek top-toza. «Mashinasiga shuncha e’tibor bergich odam, bo‘lgan voqeani eshitsa, naq to‘polon qilvorsa kerak», degan xavotirli o‘y xayolimdan o‘tdi. O‘zimni urishdim – 30 yildir birovning mashinasiga borib urmagan odam kelib kelib tep-tekis joyda, to‘xtab turgan mashinani ham urasanmi, nodon?..

Shunday o‘ylar bilan raqam terdim.

Yigit kishining ovozi keldi.

– Falon raqamli oq «Treker» sizdanmi?

– Ha.

– Shu desangiz, mashinangizni ozroq turtib yubordim, uzr...  Jiddiy emas. Lekin, baribir, ustaga borish kerak bo‘ladi. Xarajatini qoplayman. Otim – Ulug‘bek. Shu raqamdaman, birozdan keyin darsga kirib ketaman, ustaga borganingizda qo‘ng‘iroqlashaylik.

– Xo‘p, xo‘p...

Ajab, men kutgandek bo‘lmadi, mashinaning egasi «portlab» ketmadi.

Ammo oradan 10 yo 15 daqiqa o‘tib, qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

– Hozir menga siz telefon qilganmidingiz?

– Ha, men.

– O‘zingizga hech nima qilmadimi?

– Yo‘q, soppa-sog‘man.

– Ha, yaxshi, sog‘ bo‘lsangiz bo‘ldi.

– Hoy to‘xtang, usta xarajatlari...

– Kerak emas, o‘zim hal qilib olaman.

– Hoy...

– Sog‘ bo‘ling!..

– Olloh boshqa joydan to‘ldirsin!.. – deya oldim arang.

U telefonni qo‘ydi.

Men negadir hijolat bo‘lib qoldim.

Keyin esa ichim yorishib ketdi. Yo‘q, 200-300 dollar yonimga qolganidan emas, dunyoda shunday odamlar hali-hanuz tirik yurganidan sevindim.

Bundan 15 yillar burun ham mashinam qulflanib qolib, shunga yaqin hodisa ro‘y berganda, «Yaxshi odamlar» degan hikoya yozilgandi. Hozir bo‘lib o‘tgan voqeada hikoya ko‘rmadim, lekin yaxshi odamni, uning yaxshiligini aniq ko‘rdim. Yana deng, odamning o‘zini ko‘rmay turib, yaxshiligini ko‘rdim, his qildim.

Demak, dunyoda hali yashasa bo‘ladi... Demak, dunyoda yaxshi va olijanob odamlar ko‘p...

Ulug‘bek Hamdamning facebook sahifasidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring