«Gudbay, Amerika»ni nega har bir o‘zbek o‘qishi kerak?
Taniqli o‘zbek yozuvchisi Abduqayum Yo‘ldoshevning «Gudbay, Amerika» nomli kitobi «Yangi kitob» nashriyoti tomonidan chop etildi. U ikkita qissadan iborat bo‘lib, musofirlikdagi hayotni qamrab olgan.
Bugun davlatlar, qit’alar o‘rtasidagi chegaralar shaffoflashgan, integratsiya misli ko‘rilmagan darajada mahobat kasb etgan davrda yashamoqdamiz. Illo, endi hech bir mamlakat alohida, ihotalangan holda, o‘z-o‘zicha taraqqiy eta olmasligi ham ayon. Bunday sharoitda eldoshlarimizning ba’zilari ta’lim olish, qay birovlari o‘z iqtidorlarini namoyon etish, yana ayrimlari esa tezroq va osonlik bilan boylik orttirish ilinjida o‘zga yurtlarga otlanib qolishlari turgan gap.
Biroq hayotning asrlar sinovidan o‘tgan boqiy haqiqati shuki, hech qachon, hech bir hudud osmonidan tekin chalpak yog‘maydi...
To‘plamdagi qissalarda musofirlikning achchiq zahmatlarini tortgan elatdoshlarimizning hayoti qalamga olingan. Ular o‘zga ellarda aldov, xiyonat, razolat, buzuqlik, e’tiqodsizlik, zalolatning ming bir tusda tovlanishlariga ro‘baro‘ keladilar. Hatto beg‘ubor ko‘ngilda ko‘z ochgan ilohiy muhabbat chechagi ham vahshiylarcha toptab-yanchiladi...
Quyida kitob haqida o‘zbek adabiyot ahlining fikrlari bilan tanishasiz.
«Sehrli diyor» ilinjida grin-karta deb chopib yurganlar oldin shu kitobni bir o‘qib ko‘rsa ziyon qilmasdi.
Erkin A’zam, O‘zbekiston xalq yozuvchisi
O‘ta og‘ir hayotiy muammolar haqida juda yengil o‘qiladigan qilib yozilgan kitob. O‘qib mazza qilasiz!
Qozoqboy Yo‘ldoshev, filologiya fanlari doktori
Amerika desa og‘zidan so‘lagi oqadigan odamlar, ayniqsa yoshlar uchun bu asar o‘ziga xos ogohlantirishdir.
Suvon Meliyev, filologiya fanlari doktori, professor
Muallifning boshqa asarlari kabi bu kitobi ham o‘quvchini aslo zeriktirmaydi: hayratomuz voqealar, kutilmagan ziddiyatlar, turfa sarguzashtlar – hammasi bor. O‘qing, pushaymon bo‘lmaysiz.
Iqbol Qo‘shshayeva, san’atshunos jurnalist
«Gudbay, Amerika»ni o‘qiyotganimda, «har joyni qilma orzu...» degan hikmat xayolimga kelgan edi. Shuning uchun bu kitobni har bir o‘zbek o‘qib, mulohaza qilib ko‘rishi lozim”, degan edim...
Bahodir Karimov, adabiyotshunos olim
Kitob g‘oyasida odam non-suvsiz bir amallab yashay oladi, ammo nomussiz, sharafsiz yashay olmaydi degan hikmat balqib turibdi…
Isajon Sulton, O‘zbekiston xalq yozuvchisi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter