Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Issiq kunlarda O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli kuniga 280 mln kVt·soatgacha yetishi kutilmoqda

Issiq kunlarda O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli kuniga 280 mln kVt·soatgacha yetishi kutilmoqda

Foto: Xabar.uz

Kutilayotgan jazirama kunlarda O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin ortishi kutilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligida o‘tkazilgan Respublika shtabi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, yaqin kunlarda respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 million kVt·soat, elektr tarmoqlariga tushadigan maksimal yuklama esa 13–13,3 GVtgacha yetishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan energetika tizimi korxonalariga elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda profilaktik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda yoz mavsumida iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, energetika obyektlarining 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish, avariya brigadalarining shayligini oshirish va reja asosidagi ta’mirlash ishlarini jadallashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda kuzatilgan nosozliklar va ular oqibatida yuzaga kelgan avariyaviy uzilishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun ayrim mas’ul rahbarlar lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, issiq ob-havo sharoitida yoqilg‘i infratuzilmasida yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring