Endi avval narxlarni oshirib so‘ng chegirma e’lon qilish taqiqlanadi

Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekistonda chakana savdo qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, endilikda savdo qoidalari «rag‘batlantiruvchi aksiya», «narxnoma», «chegirma narx» va «chegirma narxgacha» kabi yangi tushunchalar bilan to‘ldirildi.
Jumladan, agar sotuvchi tovarning chegirmagacha bo‘lgan narxini ko‘rsatsagina, bu «chegirma» deb hisoblanadi. Aks holda, bu shunchaki tovar narxini arzonlashtirish sifatida baholanadi.
Bundan tashqari, chegirmada ko‘rsatilgan, chegirma narxgacha bo‘lgan narx (qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari) chegirma e’lon qilingunga qadar oxirgi 30 kundagi eng past narx bo‘lishi kerak. Bu qoida sotuvchilarning sun’iy ravishda narxni oshirib, keyin uni chegirma sifatida taqdim etib, iste’molchini chalg‘itishiga chek qo‘yadi.
Rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazishda ham sotuvchilarga aniq talablar qo‘yilmoqda. Birinchidan, sotuvchi aksiya e’lon qilinganda uning shartlarini, jumladan, amal qilish muddati, tovarlar nomi, miqdori va sotib olish shartlarini iste’molchilarga aniq va tushunarli tarzda yetkazishi shart. Ikkinchidan, aksiya e’lon qilingandan so‘ng uning shartlarini o‘zgartirish yoki tovar narxi haqida noto‘g‘ri ma’lumot berish qat’iyan taqiqlanadi.
Chegirma yoki aksiya ommaviy tadbir tarzida o‘tkazilsa, mavjud tartib-taomillarga rioya qilinishi, vakolatli idoralardan ruxsatnoma olinishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, endilikda:
- alkogol, tamaki va nikotin mahsulotlariga aksiya yoki chegirma qo‘llash taqiqlanadi;
- narxni sun’iy ravishda oshirib, keyin tushirish orqali «chegirma» sifatida ko‘rsatish man etiladi;
- aksiya yoki chegirma haqidagi ma’lumotlar soliq organlariga 10 kun oldin taqdim etilishi kerak;
- qoidalarga rioya qilmagan tadbirkorlarga javobgarlik chorasi qo‘llanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter