Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kibermakon asosiy to‘qnashuvlar maydoniga aylandi – Shavkat Mirziyoyev

Kibermakon asosiy to‘qnashuvlar maydoniga aylandi – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT plyus birinchi ekspertlar muloqoti ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida kibertahdidlar va xalqaro hamkorlik ahamiyatini ta’kidladi.

Davlat rahbari bugungi kunda geosiyosiy keskinlik kuchayib, qurolli mojarolar avj olayotgani, transmilliy tahdidlarning xususiyati esa tubdan o‘zgarib borayotganiga e’tibor qaratdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va global kommunikatsiya vositalarining rivojlanishi yangi imkoniyatlar bilan birga jiddiy xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda.

«Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, kibermakon an’anaviy usullar bilan birga tarmoq orqali hujumlar uyushtirilayotgan, jamoatchilik ongini boshqarish va yolg‘on axborot tarqatish kabi vositalar tobora faol qo‘llanayotgan asosiy to‘qnashuvlar maydoniga aylandi», – deyiladi murojaatda.

Shavkat Mirziyoyev terrorchi tashkilotlar internet platformalaridan radikal g‘oyalarni targ‘ib qilish, yangi tarafdorlarni jalb etish va mablag‘ to‘plash maqsadida foydalanayotganidan xavotir bildirdi.

Ayniqsa, yoshlar bunday ta’sirlarga nisbatan zaif qatlam bo‘lib qolayotgani qayd etildi. Bu jarayonlar millatlararo va dinlararo totuvlikka putur yetkazishi, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishi mumkin.

Shu munosabat bilan Prezident xavf-xatarlarga faqat ular yuzaga kelganidan keyin munosabat bildirish emas, balki tahdidlarni oldindan aniqlash, axborot almashish va milliy xavfsizlik salohiyatini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

«Hech bir davlat chegara bilmaydigan tahdidlarga yakka o‘zi to‘liq qarshi tura olmaydi», – deyiladi murojaatda.

Davlat rahbari ShHT doirasida maxsus xizmatlarning yaqin hamkorligi yangi tahdidlarga o‘z vaqtida javob qaytarishda muhim ahamiyatga ega ekanini bildirdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan ilk ekspertlar muloqotida ShHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlarning maxsus xizmatlari rahbarlari hamda vakillari ishtirok etmoqda.

Prezident forum ishtirokchilarini xavfsizlik sohasidagi amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishga chaqirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring