Kichik GESlar ishlab chiqargan elektr energiyasini yuqori tarifda sotib olish mexanizmi joriy etiladi
O‘zbekistonda kichik va mikro gidroelektr stansiyalarini qurishga xususiy sektorni keng jalb qilish uchun elektr energiyasini xarid qilishning yangi rag‘batlantiruvchi mexanizmi joriy etiladi.
Bu Prezidentning 19-avgustdagi PQ–298-son qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan kichik va mikro GESlarni qurish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlari «E-auksion» elektron savdo maydonchasida aniqlanadi. Auksionda GES ishlab chiqaradigan elektr energiyasini sotib olish tarifi pasaytirib boriladi. Bunda savdolar uchun nafaqat boshlang‘ich, balki eng quyi narx ham belgilanadi.
Tariflar II guruh iste’molchilari uchun amaldagi elektr energiyasi narxiga bog‘lanadi.
Xususan:
- quvvati 500 kVtgacha bo‘lgan mikro GESlarda boshlang‘ich narx — amaldagi tarifning 150 foizi, eng quyi narx — 50 foizi;
- 500 kVtdan 2 MVtgacha bo‘lgan kichik GESlarda — mos ravishda 120 va 40 foiz;
- 2 MVtdan 5 MVtgacha bo‘lgan GESlarda esa — 100 va 30 foiz etib belgilanadi.
Ya’ni, yangi mikro GES loyihalari uchun auksion yuqori boshlang‘ich xarid tarifi bilan boshlanishi mumkin. Bu tadbirkor uchun ishlab chiqarilgan elektr energiyasini nisbatan manfaatli narxda sotish imkoniyatini yaratadi va kichik gidroenergetikaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Biroq bu yerda gap tadbirkorlarga tarif miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri budjet mablag‘i berilishi haqida emas. Qarordagi asosiy mexanizm — GESda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini belgilangan auksion tarifi bo‘yicha sotib olish orqali loyihaning iqtisodiy jozibadorligini oshirishdan iborat.
Shu bilan birga, kichik va mikro GESlarni loyihalash hamda qurish tartiblari ham yengillashtirilmoqda. Masalan, quvvati 50 kVtgacha va inshoot hajmi 300 kub metrdan oshmaydigan ayrim mikro GESlar uchun shaharsozlik ekspertizasi va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan o‘tish talabi bekor qilinishi belgilangan.
Umuman, qaror bilan 2026–2030 yillarda mamlakatda kichik va mikro GESlarning umumiy quvvatini 204 MVtdan oshirish va ular hisobiga yiliga 620 mln kVt/soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish maqsad qilingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter