Madaniyat vazirligi san’atkorlarga nisbatan soliq siyosatini yengillatishni so‘rab chiqdi
Madaniyat vazirligi Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab san’atkorlar, boshlovchilar hamda konsert-tomosha sohasida xizmat ko‘rsatuvchi boshqa ijrochilar tomonidan ko‘rsatiladigan har bir xizmatni «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishni hamda «bir xizmat – bir to‘lov» tamoyili asosida soliqqa tortishni nazarda tutgan tartibni yengillatishni so‘rab chiqdi.
Madaniyat vazirligi, jumladan, vazirlik tomonidan hujjat loyihasining ayrim bandlari yuzasidan tegishli tartibda rasmiy e’tirozlar kiritilganiga qaramasdan, ushbu loyiha Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib yuborilganini aytadi.
Qayd etilishicha, vazirlik hujjat loyihasining ilk bosqichida «qaror loyihasining ayrim bandlariga yengilliklar kiritish, amaliy qo‘llash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish, soliq miqdorlarini toifalar kesimida adolatli belgilash, sohaning turli ishtirokchilari uchun tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish hamda qator normalarni yanada aniqlashtirish bo‘yicha» taklif va e’tirozlarini bildirgan.
Shu bilan birga, vazirlik ushbu masalada jamoatchilik fikri, ijodkorlar va soha vakillarining takliflari muhim ahamiyatga ega deb hisoblashini bildirgan.
«Vazirlikning asosiy maqsadi bir tomondan, sohada shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, ikkinchi tomondan esa, ijodkorlar faoliyati uchun barqaror, adolatli va amaliy jihatdan maqbul shart-sharoitlarni saqlab qolishdan iborat», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Ma’lumot uchun, amalda 2022-yil 13-iyuldagi «Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF–168-son Farmoniga asosan mazkur toifadagi shaxslar uchun daromad solig‘ini deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan tartibda to‘lash mexanizmi joriy etilgan.
Ushbu tartibga asosan san’atkorlar har oyda BHMning bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda (2026-yil 7-aprel holatiga 421 ming so‘m, -tahr.) ijtimoiy soliq to‘laydi. Shuningdek, ular alohida yillik daromadidan deklaratsiya asosida 12 foiz miqdorida daromad solig‘i ham to‘laydi.
Shuningdek, hozirda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi uchun davlat bojlari:
- I reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida;
- II reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida;
- III reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida belgilangan.
Yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va (yoki) ta’lim muassasalarida o‘qiydigan talabalar (o‘qish muddati davomida) litsenziya uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.
Qolaversa, deklaratsiya asosida soliq to‘lashni tanlagan ijrochilar uchun yillik umumiy daromadning 30 foizi miqdoridagi xarajatlar tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan holda chegiriladi. Tasdiqlangan xarajatlar summasi umumiy daromadning 30 foizidan oshgan taqdirda esa qo‘shimcha ravishda ushbu daromadning 10 foizi miqdori chegiriladi.
Litsenziya olish uchun undirilgan davlat boji va ijtimoiy soliq summalari xarajat sifatida qayd etiladi hamda daromadlar tarkibidan chegiriladi.
Qat’iy belgilangan miqdordagi soliq to‘lashni tanlagan ijrochilardan esa daromad solig‘i bir yilda bir marta quyidagi miqdorlarda undiriladi:
- I reyting guruhi ijrochilaridan 2,7 mln so‘m miqdorida;
- II reyting guruhi ijrochilaridan 1,8 mln so‘m miqdorida;
- III reyting guruhi ijrochilaridan 1,0 mln so‘m miqdorida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter