Navoiyda «soxta» ichki ishlar xodimi ushlandi
Navoiyda o‘zini ichki ishlar xodimi deb tanishtirib, qonunga zid xatti-harakatlari ortidan mo‘may daromad topgan shaxs ushlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayoz Qosimov ma’lum qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Surxondaryo viloyatida yashab kelgan 25 yoshli fuqaro R.J. navoiylik ayol F.T. bilan ijtimoiy tarmoq orqali tanishib, u bilan ishqiy munosabat o‘rnatgan. R.J. qisqa vaqtda ayolning ishonchiga kirib, yarim yalang‘och ko‘rinishdagi rasm va videolariga «ega» bo‘lgan.
Oradan vaqt o‘tib, o‘rtalarida o‘zaro kelishmovchilik boshlangach, o‘zini oldindan IIB xodimi, deb tanishtirgan R.J. ayolning shaxsiy surat va videolarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitgan. Undan pul talab qilib kelgan.
«Avvaliga qarindoshlarimdan ikki yuz ellik ming so‘mdan bir yarim million so‘mgacha qarz olib, uning talablarini qoplay boshladim. Ammo, R.J. kunora pul so‘rab, yana «shantaj» qilaverdi. Oxiri ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘ldim», - degan F.T. tergov jarayonlarida.
Ichki ishlar vazirligi shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda viloyat IIB tezkor qidiruv xizmati jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan ushbu holat yuzasidan tezkor tadbir tashkil etilib, tovlamachilikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingan.
«Men bu xatti-harakatlarimni hech kim bilmaydi va meni hech kim topolmaydi, deb o‘ylagandim. Qilgan ishimdan pushaymonman», - deya aybiga iqror bo‘lgan R.J.
Ayni paytda aybdorning qilmishiga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi asosida tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter