«Sellofan o‘g‘rilari»dan pora olgan IIB xodimlari ushlandi
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida IIB xodimlari pora olayotgan vaqtlarida ushlandi.
Joriy yilning oktyabr oyida Xovos tumanida bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi MChJga tegishli dala maydonidan polietilen sellofan o‘g‘irlab ketilganligi holati bo‘yicha mazkur tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat kelib tushadi.
Shundan so‘ng Ichki ishlar bo‘limi tezkor-qidiruv xizmatining ikki katta tezkor xodimi — podpolkovnik va mayor 4 fuqaroni o‘g‘irlikda gumon qilib, majburiy tarzda IIBga olib ketishadi. Keyin esa... ularni qamab yuborish bilan qo‘rqitib, ishni bosdi-bosdi qilish uchun 55 mln so‘m talab qilishadi.
Oradan ko‘p o‘tmay tezkor xodimlar «zararni qoplash uchun» deya gumonlanuvchi shaxslardan 24 mln so‘m olishadi.
Shuningdek, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llamaslik hamda to‘plangan hujjatlarni ma’muriy javobgarlik keltirib chiqaruvchi holatga to‘g‘rilab, sudga yuborish evaziga qo‘shimcha 11 mln so‘m talab qilishadi.
DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda har ikki katta tezkor xodim tamagirlik yo‘li bilan 11 mln so‘mni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi «v», «g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter