Gvardiola Husanovning o‘yiniga baho berdi
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola «Brayton»ga qarshi o‘yindan (1:1) so‘ng jamoa himoyasida ilk bor birga harakat qilgan yosh futbolchilar — Maks Alleyn va o‘zbekistonlik markaziy himoyachi Abduqodir Husanovning o‘yinini alohida e’tirof etdi.
Premer-liganing navbatdagi turida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Siti» Erling Xolandning 40-daqiqadagi penaltidan urgan goli bilan hisobni ochdi. Biroq 60-daqiqada Kaoru Mitomaning javob goli mezbonlarni navbatdagi durang bilan cheklanishga majbur qildi. Shu tariqa, Gvardiola shogirdlari ketma-ket uchinchi bor g‘alabaga erisha olmadi.
Shunga qaramay, murabbiy o‘yindan keyin yosh himoyachilarning harakatlarini yuqori baholadi.
«Ular ajoyib o‘ynashdi. Husanov — fantastik futbolchi. U orqa chiziqda uzun paslar bilan bizga juda katta yordam berdi. U kenglikni to‘liq nazorat qildi. Albatta, u hali o‘sishi, o‘yin qurilishida yanada faol bo‘lishi kerak, ammo bu — vaqt masalasi. U juda yuqori saviyada o‘ynadi», — dedi Pep Gvardiola.
Gvardiola jamoa g‘alaba qozona olmaganidan afsus bildirgan bo‘lsa-da, yosh futbolchilarni katta kelajak kutayotganini ta’kidlagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter