Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Venesueladan keyin qaysi davlatlarga hujum qilishi mumkinligi aytildi

Tramp Venesueladan keyin qaysi davlatlarga hujum qilishi mumkinligi aytildi

Foto: The New York Times

AQSh prezidenti Donald Tramp Venesueladagi harbiy amaliyotdan keyin Eron hamda Grenlandiyani nishonga olishi mumkin, deb hisoblaydi Buyuk Britaniyaning The Guardian gazetasi.

“Venesuelada bir kechada ro‘y bergan hodisadan keyin Tramp keskin harakatlar ko‘rishga tayyor ekanini ma’lum qilgan Eron va Daniya kabi hukumatlar tashvishga tushishi kerak”, – deb yozdi ingliz nashri.

Qayd etilishicha, tobora keksayib borayotgan va doimiy ravishda ommaga manzur bo‘lishni ko‘zlagan Tramp harbiy amaliyotga zo‘r bermoqda.

AQSh rahbarining tashqi siyosatdagi radikal qadamlari bolalar savdosi va fahshga oid shov-shuvli “Epshteyn ishi”dan jamoatchilik e’tiborini chalg‘itish usuli o‘laroq talqin etilgan.

“Tramp dunyoga XXI asr qurollariga ega XIX imperialisti nigohi bilan qaraydi”, – deb xulosa qilgan The Guardian.

Tramp ilk prezidentlik muddatidayoq Daniyaga qarashi Grenlandiyani anneksiya qilish istagini bildirgan edi. Respublikachining fikricha, bu milliy va xalqaro xavfsizlik manfaatlari bilan bog‘liq. Grenlandiya ham, Daniya ham bu da’volarni qat’iyan rad etadi.

Kuni kecha Oq uy ma’muriyati rahbari muovini Stiven Millerning rafiqasi ijtimoiy tarmoqda AQSh bayrog‘i ranglarida bo‘yalgan Grenlandiya xaritasini chop etgani va unga qisqacha “Tez orada” degan izohni ilova qilgani ham Vashingtonning navbatdagi ehtimoliy bosqiniga ishora o‘laroq ko‘rildi.

Daniya rasmiylari bu harakatni keskin tanqid qilib, Qirollikning hududiy yaxlitligiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilmoqda.

Xususan, bosh vazir Mette Frederiksen Trampni Grenlandiyaning AQShga qo‘shilishi haqidagi bayonotlarni to‘xtatishga chaqirdi.

Xabaringiz bor, ayni paytda Eronning o‘nlab shaharlarida hukumatga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Kuni kecha Tramp Eron tinch namoyishchilarni shafqatsizlarcha o‘ldira boshlasa, AQSh harbiylari namoyishchilarga yordam berishini aytdi.

Tobora jangovar tashqi siyosat yuritayotgan Tramp 3 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kuba, Kolumbiya va Meksikaga ham tahdid qilgan.

“U kokain ishlab chiqaradi va AQShga yetkazadi. U qadamini o‘ylab bosgani ma’qul”, – degan Tramp Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro haqida. Kolumbiya prezidenti AQShning Venesuelaga tajovuzini keskin qoralagani ma’lum.

Tramp, shuningdek, Kuba ham Venesuela kabi og‘ir ahvolda ekani, Meksikani esa prezident emas, narkoto‘dalar idora etayotganini iddao qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh harbiylari Venesuela poytaxti Karakas hamda mamlakatning boshqa hududlariga harbiy hujum uyushtirdi. Bir necha soatdan keyin Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali AQSh Venesueladagi ob’yektlarga zarba berganini tasdiqladi. Oq uy rahbari, shuningdek, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini bildirdi.

O‘zbekistonlik tahlilchi va ijtimoiy tarmoq faollari Trampning Venesuelada amalga oshirgan harakati xalqaro huquqqa zid ekaniga e’tibor qaratmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring