Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoy AQShga Venesuela masalasida talab qo‘ydi

Xitoy AQShga Venesuela masalasida talab qo‘ydi

Xitoy tashqi ishlar vazirligi binosi.

Foto: Xabar.uz / Sobir Salim

Xitoy tashqi ishlar vazirligi AQShdan o‘g‘irlab ketilgan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni zudlik bilan ozod qilishni talab qildi.

“Xitoy Venesuela prezidenti N.Maduro va uning rafiqasi AQSh tomonidan zo‘ravonlik yo‘li bilan qo‘lga olinishi va mamlakatdan olib chiqib ketilishi yuzasidan chuqur xavotir izhor etadi. AQShning ushbu xatti-harakatlari xalqaro huquq, xalqaro munosabatlarning tamal qoidalari, shuningdek, BMT Nizomi maqsad va tamoyillarining ochiq poymol etilishidir. Xitoy AQShni prezident N.Maduro va uning rafiqasi shaxsiy xavfsizligini ta’minlash, ularni zudlik bilan ozod qilish, Venesuela hukumatini ag‘darishni bas qilish va mavjud masalalarni muloqot hamda muzokara yo‘li bilan tartibga solishga chaqiradi”, – deyiladi Xitoy TIV bayonotida.  

Avval xabar berganimizdek, 3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh Venesuela poytaxti Karakas hamda mamlakatning boshqa hududlariga harbiy hujum uyushtirdi.

Harbiy amaliyot davomida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Karakasdagi saroyidan o‘g‘irlab AQShga keltirildi. Qo‘shma Shtatlar rasmiy idoralari Nikolas Maduroga nisbatan narkoterrorizm, giyohvandlik moddalari kontrabandasi, noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi kabi moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilgan.

5 yanvar kuni Nyu-York federal sudida bo‘lib o‘tgan ilk mahkama majlisida Nikolas Maduro o‘zining aybsiz ekanini aytgan. Sudya Maduro va Floresni hibsda saqlashni buyurgan va keyingi sud majlisini 17 martga belgilagan.

Rasmiy Pekin Maduroning o‘g‘irlanishi va qamoqqa olinishi borasida keskin e’tiroz bildirayotgani bejiz emas. Tahlilchilar Maduro hokimiyati ag‘darilishidan Xitoy katta ziyon ko‘rishi mumkinligini aytmoqda.

Xitoy so‘nggi yillarda Venesuelaga kredit, zayom va sarmoya ko‘rinishida bir necha o‘n milliardlab dollar mablag‘ bergan.

Rossiyalik ekspert Aleksey Maslov hisob-kitobiga ko‘ra, 2007 yildan buyon Venesuela bilan aloqalarni rivojlantirib kelayotgan Xitoy mazkur davlatga 70 milliard dollar sarmoya kiritgan. 

The Guardian gazetasi yozishicha, 2000-2023 yillarda Venesuela Xitoydan 106 milliard dollar miqdorida davlat krediti olgan.  

Xitoy Venesueladan neft olish bilan cheklanmay, bu yerda energetikadan tortib tog‘-kon sanoatiga qadar – turli jabhalarda ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.

Venesuelada hokimiyatning tubdan almashishi Pekinning siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini xavf ostida qoldirishi mumkin. Boz ustiga, Xitoy AQShning radikal harakatiga munosib javob bera olmasa, mintaqadagi Kuba, Kolumbiya, Meksika kabi hamkorlari ham qaltis vaziyatga tushishi hech gap emas.

Darvoqe, Venesuela rahbari Nikolas Maduro AQSh harbiylari tomonidan o‘g‘irlanishidan bir necha soat oldin Karakasdagi saroyida Xitoyning Lotin Amerikasi bo‘yicha maxsus vakili Syu Syaotsini qabul qilgan edi. Maduro ijtimoiy tarmoqda Pekin delegatsiyasi bilan uchrashuv haqida yozarkan, Xitoy va Venesuela o‘rtasidagi birodarlik, do‘stlik rishtalari ham quvonchli, ham qayg‘uli kunlarda mustahkam ekanini ta’kidlagandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring