Tramp Venesueladan neftni «dushman» davlatlarga sotmaslikni talab qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Venesuelaning vaqtincha prezidenti Delsi Rodrigesdan qator qat’iy talablarni bajarishni so‘ramoqda. Aks holda u sobiq prezident Nikolas Maduro taqdiriga duch kelishi mumkin.
Politico nashri manbalariga ko‘ra, Oq uy Rodriges oldiga kamida uchta asosiy – narkotrafikka qarshi keskin choralar ko‘rish, Eron, Kuba va boshqa AQShga «dushman» deb baholangan davlatlar agentlarini mamlakatdan chiqarib yuborish hamda Venesuela neftini AQSh raqiblariga sotishni to‘xtatish talablarni qo‘ygan.
Bundan tashqari, AQSh rasmiylari Rodrigesdan erkin saylovlar o‘tkazishga yordam berish va keyinchalik prezidentlikdan ketishni ham kutmoqda. Politico‘ning ta’kidlashicha, bu talablar uchun aniq muddatlar hozircha belgilanmagan.
Shuningdek, AQSh Venesuelada qamoqda saqlanayotgan amerikalik fuqarolarni ozod qilish masalasini ham ko‘tarmoqchi. Biroq barcha venesuelalik siyosiy mahbuslarni ozod etish bo‘yicha talab qo‘yilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Tramp 5-yanvar kuni NBC’ga bergan intervyusida yaqin 30 kun ichida Venesuelada yangi prezidentlik saylovlari bo‘lmasligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh avvalo «mamlakatda tartib o‘rnatishi» kerak. Tramp, shu bilan birga, Rodriges hamkorlikni to‘xtatsa, AQSh yana kuch ishlatishi mumkinligini istisno qilmagan.
Ma’lumot uchun, Delsi Rodriges Maduro hukumatida vitse-prezident bo‘lgan. Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng, u vaqtincha davlat rahbari etib tayinlangan. Ilk paytda u Maduroning qo‘lga olinishini qoralagan, keyin esa Trampni tinchlik va muloqotga chaqirgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter