Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoga mashhur investor O‘zbekistonni tanladi

Dunyoga mashhur investor O‘zbekistonni tanladi

Jim Rodjers AQShda aksiyalarini sotib, O‘zbekiston bozoriga sarmoya kiritdi.

Amerikalik mashhur investor Jim Rodjers AQSh bozorida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishidan xavotir olib, aksiyalarining barchasini sotganini ma’lum qildi.

Jim Rodjersning aytishicha, AQSh bozori 2009 yildan beri uzluksiz o‘sib kelmoqda va bu mamlakat tarixidagi eng uzoq davom etgan o‘sish sikli hisoblanadi.

«Amerika bozori yaqinda tarixiy maksimumga yetdi. Men AQShdagi barcha aktivlarimni sotdim, chunki bu o‘sish sikli yakuniga yetayotgandek. Balki yana bir katta ko‘tarilish bo‘lar, ammo men barchasini sotishga qaror qildim», — dedi investor.

Rodjers aniq sanani aytmagan bo‘lsa-da, bitim 2025 yil oxiriga yaqin amalga oshirilganini ta’kidlagan.

Shu davrda u o‘z investitsiya portfeliga noodatiy yo‘nalish — O‘zbekiston aksiyalarini qo‘shgan.

«Birjada savdoga chiqarilgan aksiyalar ko‘p emas va men deyarli barchasini sotib oldim», — deydi u.

Ayni paytda «Toshkent» fond birjasida 85 ta kompaniya aksiyalari muomalada. Ular orasida bank, neft-gaz, telekommunikatsiya va boshqa sohalar vakillari bor.

Jim Rodjers O‘zbekiston fond bozoriga qiziqishini 2021 yildayoq bildirgan edi. O‘shanda u hali bu mamlakatda aktivlarga ega emasligini aytgan.

«Iqtisodiyot nihoyat ochildi. Xalqaro investorlar o‘sish imkoniyatlaridan foydalanishini kutyapman. Ayniqsa, xususiylashtirish va IPO rejalarini diqqat bilan kuzataman», — degan edi u Forbes nashriga bergan intervyusida.

Investorning ta’kidlashicha, u faqat o‘zbek kompaniyalari aksiyalariga ega va o‘zbek so‘miga ishonadi.

Shu bilan birga, Jim Rodjers Xitoy aksiyalarini hozircha sotmaganini, portfelida Air China va China Eastern kabi aviakompaniyalar qimmatli qog‘ozlari borligini bildirdi. Biroq, Xitoy bozorida ham haddan tashqari o‘sish kuzatilayotganini qayd etib, kelgusida ularni sotishi mumkinligini istisno etmagan.

Investor dollarda katta miqdorda naqd mablag‘ saqlayotganini ham bildirgan. U AQSh qarzdorligi rekord darajada ekanini tan olgan holda, global inqiroz sharoitida dollar hali ham «xavfsiz vosita» bo‘lib qolishini ta’kidlaydi.

«Muammolar boshlansa, odamlar baribir AQSh dollariga ishonadi. Shu sabab uni hozircha saqlab turyapman», — degan u.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring