Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ukraina urushidan O‘zbekiston qamoqxonasiga

Ukraina urushidan O‘zbekiston qamoqxonasiga

Rossiyadan urushga ketgan buxorolik muhojir 3,5 yilga qamaldi.

Magadan viloyatida muhojirlikda mehnat qilib yurgan kunlarimning birida rus millatiga mansub bir shaxs bilan mushtlashib qoldik. Unga tan jarohati yetkazib qo‘ydim. Meni javobgarlikka tortishdi, jinoyat ishi qo‘zg‘atishdi. Bu jinoyat ishi bilan menga umumiy tartibli koloniyalardan birida muddatni o‘tash yoki Ukraina davlatiga urushga ketishni tanlov qilib qo‘yishdi. Bunday og‘ir jazoga loyiq jinoyat sodir etmaganim iztirobi, yetmaganiga qo‘rquv va bosim meni ikkinchi shartni tanlashimga sabab bo‘ldi”,-29 yoshli aybdorning so‘zlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati, Kogon shahar sudi zalida to‘planganlarni larzaga soldi. Aslida, Rossiya Federatsiyasiga bo‘lgan ko‘plab muhojir vatandoshlarimizning bunday «qarmoq»qa tushayotgani kunning og‘riqli muammosiga aylangan. 

Sud hujjatlariga ko‘ra, fuqaro Sh.I. Kogon shahrida tug‘ilgan. U 2014 yildan buyon Rossiya Federatsiyasiga borib, u yerda mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib kelgan. Oradan yillar o‘tib, 2023 yilda  Sh.I.  Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini, 2024 yilda esa davlatning harbiy guvohnomasini rasmiylashtirib olgan.

2025 yilning may oyida Magadan shahrida rus millatiga mansub shaxs bilan yuz bergan maishiy janjal sababli u politsiya qo‘liga tushgan. Ushbu jarayonda Sh.I.ga yo qamoq, yoki “maxsus harbiy operatsiya”da ishtirok etish talabi qo‘yilgan. Qonun va qo‘rquv iskanjasi oqibati esa uni  1 yil muddatga harbiy harakatlarda qatnashishi uchun shartnoma imzolashiga yetaklagan. Va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligiga harbiy xizmatga kirgan. Harbiy xizmatchilarga yirik miqdorda pul ham taklif qilingan. Avvaliga harbiy harakatlarda qatnashish shartnomasini majburiy chorlovdan iborat, deb qabul qilgan Sh.I. keyinchalik undan shaxsiy va moddiy manfaatdorlikni ko‘zlagan. Shundan so‘ng kelgusida Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilib, Ukraina davlatiga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etish maqsadida jinoiy reja tuzgan.

Rossiya Federatsiya Xabarovskiy shahriga borib, u yerda boshqa yollangan harbiy xizmatchilar bilan birgalikda 14 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Ukraina davlatining Donesk va Lugansk xalq Respublikalari hamda Xerson viloyatlarida o‘tkazilgan maxsus harbiy operatsiyalarda faol ishtirok etgan. Zaporoje viloyatida amalga oshirilayotgan janglarning birida esa raketa zarbasi natijasida tanasining turli joylaridan yaralangan.  Bel sohasida, chap oyoq boldir va 5-barmoq asos sohalari portlovchi qurol snaryadi bo‘lakchalari ta’siridan o‘ta og‘ir jarohatlanib, harbiy gospitalga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, ushbu harbiy operatsiyada u bilan birga bo‘lgan 126 nafar harbiydan faqat 4 nafari tirik qolgan. 4 kishi 14 kun okoplarda jon saqlashgan. Bu raqamlar quruq statistika emas, bu urushning haqiqiy qiyofasi. 3 nafar harbiy Rostov va Sankt-Peterburgdagi harbiy gospitallarda davolanishgan. Sh.I. esa og‘ir operatsiyani boshidan o‘tkazgan va buning evaziga unga medal berilgan, sug‘urta pullari to‘langan.

Sh.I. o‘z oilasiga yoki boshqa yaqin qarindoshlariga Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari tarkibidan Ukraina davlatiga qarshi o‘tkazilgan maxsus harbiy operatsiyalarda ishtirok etgani to‘g‘risida aytmagan. Biroq, harbiy operatsiyalarda ishtiroki davomida jismonan yaroqsiz ahvolga kelib qolgan Sh.I. O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘lgan.

O‘zbekistonga qaytgach, oradan besh kun o‘tib, Sh.I.ning telefoni ko‘zdan kechirilgan. U yerda harbiy kiyimdagi suratlar, jarohatlari aks etgan tasvirlar va Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lumotnomasi topilgan. Magadan harbiy xizmatga chaqiruv punkti boshlig‘i bilan harbiy dala maxsus kiyimida “Voorujennie sili Rossii” yozuvi hamda Rossiya Federatsiyasining davlat bayrog‘i tushirilgan rasmlar topilgan. Xuddi shuningdek, harbiy poligonlarda tushgan ko‘plab rasmlar ham uning Rossiya-Ukraina urushlaridagi ishtirokini isbotlab bergan. Shundan so‘ng Sh.I.ga nisbatan tergov harakatlari boshlab yuborilgan. 

U aybini to‘liq tan olib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini bildirgan. Harbiy harakatlarda ishtirok etishga qamoq jazosidan qochish maqsadida majbur bo‘lganini o‘z ixtiyori bilan O‘zbekistonga qaytib kelganini, oilada yagona boquvchi ekanini aytgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, chet davlat qurolli kuchlari safida xizmat qilish va harbiy harakatlarda ishtirok etish  jinoyat hisoblanadi. U  majbur bo‘lganmi yoki ixtiyoriy ravishda, baribir, qonun oldida barcha javob beradi.

“Sh.I.ning xatti-harakati bizga bir haqiqatni eslatadi: iqtisodiy qiyinchilik, huquqiy savodsizlik va qo‘rquv insonni urush maydoniga olib borishi mumkin, ammo, qonun oldida javobgarlikdan qutqarmaydi. Bu voqea chet elda ishlayotgan minglab yurtdoshlarimiz uchun jiddiy saboq bo‘lishi kerak. Har qanday shartnoma, har qanday “va’da” ortida qon, o‘lim va singan taqdirlar turishi ehtimoldan xoli emas”, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi raisi Akram Rahimov.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan Sh.I.ga uzil-kesil 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U tayinlangan jazo muddatini umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring