Zelenskiy Ukrainadagi urushning qachon tugashini taxmin qildi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiprga tashrifi chog‘ida tinchlik muzokaralarida muayyan ilgarilash borligini ma’lum qildi va urush 2026-yilning birinchi yarmida yakunlanishi mumkinligini istisno etmadi.
Uning aytishicha, Ukraina Yevropadagi hamkorlari, shuningdek AQSh va «ko‘ngillilar koalitsiyasi» a’zolari bilan olib borilayotgan muzokaralar yangi bosqichga chiqqan. Zelenskiy urush Kiprning Yevropa Ittifoqi Kengashiga olti oylik raisligi davrida yakunlanishi mumkinligini qayd etdi.
Prezident X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bosim yetarli darajaga yetganda tinchlikka erishish mumkinligini ta’kidlab, bu borada Yevropa Ittifoqi muhim o‘rin tutayotganini bildirdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Moskvani urushni to‘xtatishga ko‘ndirish uchun Rossiyaga nisbatan sanksiyalar saqlab qolinishi lozim. Uning ta’kidlashicha, Rossiya yo‘qotayotgan har bir dollar agressor sifatidagi xarajat hisoblanadi.
Avvalroq Parijda bo‘lib o‘tgan sammitda o‘t ochishni to‘xtatish holatida Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berilishi aytilgan edi. Xususan, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa ayrim davlatlar Ukrainaga o‘z harbiy kontingentlarini yuborishga tayyor ekanini bildirgan. Germaniya kabi davlatlar esa Ukrainani harbiy jihatdan tashqi tomondan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter