Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiyalik siyosatchi AQShga hujum uyushtirishni taklif qildi

Rossiyalik siyosatchi AQShga hujum uyushtirishni taklif qildi

Foto: Reuters

Rus siyosatchilari AQSh tomonidan Shimoliy Atlantikada Rossiya bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Marinera tankerining qo‘lga olinishiga javoban keskin javob qaytarishni talab qilmoqda.

Rossiya Davlat dumasining mudofaa masalalari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksey Juravlyov AQSh flotiga torpedalar, ya’ni suvosti snaryadlari orqali hujum uyushtirish kerak deb hisoblaydi.

“Torpedalarni ishga solib hujum qilish va Amerikaning sohilni qo‘riqlayotgan bir necha katerini cho‘ktirish kerak... O‘ylaymanki, Venesueladagi maxsus amaliyotdan keyin hech kim mushugini pisht demagan va eyforiya kayfiyatida yurgan AQShni shu tariqa burniga chertish orqali to‘xtatish mumkin, xolos”, – degan Aleksey Juravlyov.

Duma vakili AQSh floti tomonidan fuqaroviy kemaning zo‘rlik yo‘li bilan egallanishini qaroqchilik va Rossiya hududiga tajovuz deb atagan.

Juravlyovning fikricha, qo‘lga olingan kema yaqinida Rossiya suvosti va harbiy kemalari bo‘lgani inobatga olinsa, AQShning ushbu xatti-harakatiga nisbatan keskin va tezkor javob qaytarish kerak. Deputat Rossiya harbiy doktrinasida bunday harakatlar uchun hatto yadro qurolini qo‘llash nazarda tutilganini aytgan.

Davlat dumasining boshqa bir a’zosi, general Andrey Gurulyov esa kema qo‘lga olinishiga javoban Yevropaga “Oreshnik” raketalari bilan zarba berish va Qora dengizda ularning kemalarini cho‘ktirishni taklif qilgan. Uning ta’kidicha, AQSh katta urushga hozirlik ko‘rmoqda va dengiz qaroqchiligini to‘xtatish uchun munosib javob choralari qo‘llash kerak.

Avval xabar berganimizdek, AQSh 7 yanvar kuni Shimoliy Atlantikada Marinera tankeri hibs etilganini e’lon qildi. Prezident Donald Tramp sanksiyasiga duchor bo‘lgan tanker Venesuela neftini noqonuniy ravishda tashishga uringani aytilmoqda.

Marinera egallanishi ortidan Rossiya tashqi ishlar vazirligi kema bortidagi Rossiya fuqarolariga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish hamda ularning vataniga qaytishiga to‘sqinlik qilmaslikni talab etib bayonot berdi.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Marinera kemasi ekipaji AQSh sudida javob berishini ma’lum qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring