Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh rus nefti va gazini xarid qilayotgan davlatlarga nisbatan sanksiya joriy etmoqchi

AQSh rus nefti va gazini xarid qilayotgan davlatlarga nisbatan sanksiya joriy etmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Shu bilan birga, u Vashington bu qonunni amalda qo‘llashga majbur bo‘lmasligiga umid bildirdi.

Trampning aytishicha, AQSh allaqachon Rossiyaga nisbatan juda qattiq iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llab kelyapti. U Rossiya iqtisodiyoti yomon ahvolda ekanini, biroq mamlakat hajmi va qudrati jihatidan Ukrainadan ancha katta ekanini ta’kidladi.

Bundan oldin senator Lindsi Grem mazkur qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish kelasi hafta o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat prezidentga Rossiyadan neft va gaz xarid qilishda davom etayotgan davlatlarga nisbatan ikkinchi darajali sanksiyalar va import bojlari joriy etish huquqini beradi.

«Bugungi Prezident Donald Tramp bilan bir qator masalalar bo‘yicha juda samarali uchrashuvdan so‘ng, u (Donald Tramp, — tahr.) Rossiyaga qarshi ikkinchi darajali sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ruxsat berdi.

Ushbu qonun loyihasi Prezident Trampga arzon Rossiya neftini sotib olib, Putinning urush mashinasini yoqilg‘i bilan ta’minlayotgan mamlakatlarni jazolashga imkon beradi.

Shuningdek, bu hujjat Xitoy, Hindiston va Braziliya kabi mamlakatlar iqtisodiga ulkan ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa ularni urushni moliyalashtiruvchi arzon Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga undaydi», – deb yozgan Grem X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Qonun loyihasini Kongressda demokratlar ham, respublikachilar ham keng qo‘llab-quvvatlayotgani aytilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring