Koronavirus hanuz millionlab odamlarning jonini olmoqda — tadqiqot
So‘nggi ilmiy va statistik ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus odamlarni o‘ldirishda davom etmoqda va bu borada boshqa har qanday yuqumli kasallikdan ancha oldinda.
Koviddan o‘limlar sur’ati JSSTning rasmiy hisob-kitoblarida ko‘rsatilgandan ancha yuqori, deyiladi JAMA Internal Medicine nashri chop etgan maqolada. Amerikalik tadqiqotchilar mamlakatda 2022-2024-yillarda koronavirusdan o‘lim holatlari bo‘yicha ma’lumotlarni o‘rganib chiqishdi. Aniqlanishicha, bu kasallik bilan bog‘liq o‘limlar soni 2023-yildan keyin ham kamayishdan deyarli to‘xtagani yo‘q.
Koronavirus oqibatidagi o‘lim holatlarining aksariyatini amalda yurak xuruji yoki insult sababli o‘limlardan deyarli farqlab bo‘lmayapti. Bu infeksiyani faqat IgM tipidagi antitanachalar testi yordamida ishonchli aniqlash mumkin, ammo ular uchun testlar juda kamdan-kam hollarda o‘tkaziladi.
Bunday o‘limlarni aniqlash jiddiy qiyinchilik tug‘diradi. Ayrim ilmiy ishlarda 2020-2021-yillarda dunyo bo‘ylab bunday o‘lim holatlari soni 18,2 milliontaga yetgani aytiladi — bu Birinchi jahon urushida halok bo‘lganlar sonidan ko‘p.
2021-yildan keyingi ilmiy baholar ancha mavhum: koronavirus mavzusiga jamoatchilik qiziqishi so‘nganidan so‘ng, bunday ishlar uchun grantlar olish qiyinlashdi. AQShda esa koronavirusdan o‘lim holatlari mamlakatning tibbiy statistikasini qayta ishlash asosida yangicha baholana boshlandi.
AQShning yangicha statistikasiga ko‘ra, 2022-yil oktyabrdan 2023-yil sentyabrga qadar (12 oy davomida) Qo‘shma Shtatlarda koronavirus bilan bog‘liq 43,6 millionta kasallanish holati qayd etilib, 1,1 mln nafar bemor shifoxonaga yotqizilgan va shu kasallikdan 101 300 ta o‘lim holati ro‘yxatga olingan.
Keyingi 12 oyda ro‘yxatga olingan kovid-bemorlar soni kamayib, 33,0 million nafarni tashkil etgan, ammo o‘limlar soni — 100 800 nafar, ya’ni deyarli o‘zgarmagan. Bu JSSTning ilmiy uslublarga asoslanmagan baholashlaridan keskin farqlanadi, xalqaro tashkilotga ko‘ra, 2024-yilda kovid qurbonlari jami soni jahonda 100 ming nafar atrofida bo‘lishi kerak edi.
Bundan kelib chiqadiki, koronavirusdan o‘limlar soni bir yilda bir necha million kishidan kam bo‘lishi mumkin emas (AQShda dunyo aholisining 20 dan 1 qismi ham yashamaydi). Tadqiqot nafaqat global kontekstda, balki alohida mamlakatlar uchun ham muhimdir, deyiladi maqolada.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter