Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OAV xodimlari uchun Imom Buxoriy majmuasiga media-tur tashkil etildi

OAV xodimlari uchun Imom Buxoriy majmuasiga media-tur tashkil etildi

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida Samarqand viloyatida yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga media-tur tashkil etildi.

“Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘’tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi”, – degan edi davlat rahbari joriy yil Ramazon hayiti arafasida Imom Buxoriy majmuasiga tashrifi chog‘ida.


Darhaqiqat, Payariq tumanining 45 gektar hududida joylashgan mazkur majmuaning mahobati qayta bunyod etilgan ulkan minoralar va masjid gumbazlaridan seziladi, biroq bu haybatning asosiy qismi «Sihohi sitta»ning avvali – «Sahih ul-Buxoriy» muallifi, islom olamining yetuk muhaddisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim al-Buxoriyning qo‘nim topgan maskani – maqbarasi sanaladi.

Majmua rasmiylarining bidirishicha, Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, ayni paytda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega. Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora bor.

Media tur ishtirokchilari dastlab PQ-2855-sonli qaror asosida tashkil etilgan ilmiy dargoh faoliyati bilan tanishdi.

Yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar merosini chuqur tadqiq etish va keng targ‘ib qilish orqali ma’naviy-ma’rifiy muloqotni kuchaytirishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xisoblangan ushbu dargoh dunyoning 50 ta yetakchi islom tadqiqot markazlari va nufuzli universitetlari (Oksford, Kembrij, «Al-Furqon» fondi, Britaniya kutubxonasi va boshqalar) bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Shuningdek markazga qo‘lyozmalar fondini boyitish maqsadida Misrdan 130 mingta, Saudiya Arabistonidan Imom Buxoriy asarlarining 34 ta elektron nusxasi keltirilgan. Markazda restavratsiya va konservatsiya ishlari ham keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib mutaxassislar laboratoriyada 550 ta nodir qo‘lyozma kitoblar chang-g‘ubordan tozalanib, konservatsiya qilingan. Markaz fondidagi 524 ta qo‘lyozma (177 176 varaq) skaner qilinib, elektron nusxalari tayyorlandi. Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarning 52 ta noyob asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi va jami 128 ta kitob va risola nashr etildi.

Media tur davomida jurnalistlar Hadis ilmi Markazi, barcha shart-sharoitlarga ega masjid, ma’muriyat binosi, muzey hamda kirish-chiqish ayvonlarini o‘z ichiga olgan betakror me’moriy ansambldan iborat majmuani tomosha qildilar.

Qayd etish kerakki, ushbu majmuaning umumiy maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi ayvondan iborat.

Shuningdek, press-tur ishtirokchilari majmua qoshida ochilgan turizm markazidan o‘rin olgan 15 gektar maydondagi zamonaviy infratuzilma - ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega mehmonxonalar, avtoturargohlar va xizmat ko‘rsatish hamda servis nuqtalari, hududddagi obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ushbu turizm markazida 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 o‘rinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh bunyod etilgan. Mazkur ob’yektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

OAV vakillari 9 pavilondan iborat innovatsion muzey bilan tanishar ekan, muzey fondidagi mavjud vitrinalardan o‘rin olgan Imom Buxoriy hayot yo‘li va ilmiy-ma’naviy merosi, musavvirlik ishlari, nodir asarlar va boshqa eksponatlar haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Darhaqiqat, mamlakatimizning ulkan imkoniyatlarini namoyon etayogan islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriy majmuasi nafaqat ziyorat markazi, balki, xalqimiz uchun, ayniqsa yoshlar uchun, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lib xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring