Starlink qurilmasini yashirincha olib kirmoqchi bo‘lgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Samarqand viloyatida sun’iy yo‘ldosh aloqa qurilmasi — Starlink’ni noqonuniy olib kirish holati aniqlandi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, «Jartepa» chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelayotgan fuqaro boshqaruvidagi «Mercedes Benz» avtomashinasi tekshiruvdan o‘tkazilgan. Nazorat jarayonida transport vositasining bagaj qismida deklaratsiya qilinmagan qurilma borligi ma’lum bo‘lgan.
Aniqlanishicha, taxminan 6 mln so‘mlik 1 dona Starlink qurilmasi tegishli ruxsatnomalarsiz olib kirilgan. Holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday sun’iy yo‘ldosh aloqa qurilmalarini respublika hududiga olib kirish va ulardan foydalanish maxsus ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xulosasiga ko‘ra, mazkur qurilmani ruxsatsiz olib kirish va ishlatish mumkin emasligi yana bir bor tasdiqlangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter