Turkiya xilma-xil mashg‘ulotlari bilan qishki turizm markaziga aylanmoqda (fotoreportaj)
Turkiya qish mavsumida butunlay o‘zgacha qiyofa kasb etadi. Qor bilan qoplangan ulug‘vor tog‘lar, muzlab yotgan sokin ko‘llar va shifobaxsh iliq buloqlar tabiat qudratini butun go‘zalligi bilan namoyish etadi. Qish mavsumida Turkiya o‘zining noyob va maroqli mashg‘ulotlari bilan alohida ajralib turadi.

Kappadokiyada havo sharlarida parvoz qilish
Turkiyada qish mavsumidagi eng mashhur mashg‘ulotlardan biri - qor bilan qoplangan peri bajalari uzra ko‘tarilayotgan issiq havo sharlarida parvoz qilish. Hatto sharda uchishga jur’at topa olmasangiz ham, ularni tomosha qilishning o‘ziyoq beqiyos zavq bag‘ishlaydi. Ayniqsa, quyosh chiqishi chog‘ida osmonga ko‘tariladigan sharlar qorli manzaralar fonida sehrli va unutilmas muhit yaratadi.

Termal markazlarga tashrif buyurish
Ko‘plab kasalliklarni davolashda muqobil yechim sifatida e’tirof etilgan issiq buloqlarga tashrif buyurish qish mavsumining eng yoqimli va iliq mashg‘ulotlaridan biridir. O‘rtacha 40 daraja haroratga ega mineral suvlar nafaqat davolovchi xususiyatga ega, balki tanani tinchlantirib, charchoq va stressdan xalos bo‘lishga yordam beradi.

Chang‘i uchish
Turkiya chang‘i uchish uchun bamisoli “jannat”. Bursa shahridan Karsgacha bo‘lgan deyarli barcha hududlarda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, yuqori sifatli xizmat ko‘rsatadigan chang‘i markazlarida chang‘i uchish bilan bir qatorda snoubord, qor mototsikli kabi turli qishki mashg‘ulotlardan ham bahramand bo‘lish mumkin.
Childir ko‘lida otli chanalarda uchish
Karsga tashrif buyurgan har bir sayyoh sinab ko‘rishi kerak bo‘lgan mashg‘ulotlardan biri— otli chanalar. Muz bilan qoplangan Childir ko‘li uzra tezlik bilan harakatlanadigan otli chanaga minib, o‘zingizni tabiat bag‘riga topshiring. So‘nggi yillarda ko‘l ustida chanalar bilan drift qilish tobora ommalashib bormoqda.

Muz ustida baliq ovlash
Childir ko‘lida faqat otli chanalar bilan cheklanmay, muzlab qolgan ko‘l ustida baliq ovlashni ham sinab ko‘rish lozim. Muz ustida kichik teshik ochib, ko‘l baliqlarini ovlash muhtasham tajribadir. Qishning zavqini to‘liq his qilish va tabiat bilan yolg‘iz qolish imkonini beruvchi unutilmas dam olish uchun Kars mukammal manzil!

Muzlab qolgan sharsharaga tirmashish
Bu mashg‘ulot biroz g‘alati eshitilishi mumkin, biroq Erzurum shahrida muzlab qolgan sharsharalarga tirmashish imkoniyati mavjud. Uzundere tumanidagi sharsharalar qish faslida muzlab, balandligi 300 metrga yetadigan ulkan muz qatlamlarini hosil qiladi. Bu esa, ayniqsa, muzga tirmashish bo‘yicha muqobil manzil izlayotgan tog‘chilar uchun ajoyib imkoniyatdir. Buning uchun albatta professional bo‘lish shart emas, chunki maxsus mashg‘ulotlar ham bor. Erzurum — hayajonga boy va unutilmas taassurotlar maskani!

Abantda piyoda sayr qilish
Bolu shahri, ayniqsa Istanbulga sayohat reja qilayotganlar uchun ajoyib muqobil manzildir. Yaqin joylashgani sababli ko‘pchilik shahar shovqinidan biroz uzoqlashib, hordiq chiqarish uchun Boluni tanlaydi. Har faslda o‘ziga xos go‘zallikka ega bo‘lgan bu hudud qish mavsumida yanada betakror ko‘rinish kasb etadi. Oppoq qorga burkangan tabiat sizni bu yerda eng go‘zal qiyofasida qarshi oladi. Ushbu manzaradan to‘liq bahramand bo‘lish uchun Abant ko‘lida yoqimli sayr qilish kifoya.

Snegovik festivalida qatnashish
2007 yildan buyon Rize viloyatidagi Ayder yaylovida o‘tkazib kelinayotgan Snegovik festivali joriy yilda 24–26-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi. Festival doirasida turli tanlovlarda ishtirok etish, qor ustida horon raqsini ijro etish, mahalliy san’atkorlar konsertlariga qo‘shilish yoki balonlarda sirpanish imkoniyatilari mavjud.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter