Onamning yolg‘oni — men kech anglagan haqiqat
Bolaligim yurtda taqchillik, ro‘zg‘orlarda esa mashaqqat hukm surgan yillarga to‘g‘ri kelgan. Hovlimizdagi uch-to‘rttagina tovuq kunda-kunora tuxum qilar, ammo ular katta oilamiz dasturxonining bir burchagini to‘ldirishga ham yetmasdi.
Shunday tansiq kunlarda onajonim qaynatilgan tuxumlarni birma-bir bizga ulashar, o‘zlari esa yuzlarida, balki soxta bo‘lsa-da, mehrga to‘la tabassum bilan:
— Men tuxumni unchalik xushlamayman, ko‘nglim tortmaydi, — derdilar.
Biz esa go‘daklikning beg‘ubor soddaligi bilan bu gapga chin dildan ishonib, aslida onam o‘z ulushidan voz kechayotganini anglamasdan, uni ham yeb qo‘yardik.
Bu fidoyilik faqat tuxum bilan cheklanmasdi. O‘sha og‘ir yillarda shirinliklar biz uchun asosan bayramlardagina nasib etadigan, go‘yo ertaklardagidek noyob ne’mat edi. Uyimizga to‘y-hashamlardan tort, konfet yoki muzqaymoq kelib qolsa, onam har safar deyarli bir xil holatni takrorlar, o‘z ulushidan voz kechardilar.
— Men yemayman, tomog‘imni og‘ritadi. Sizlar yenglar, — derdilar sokin va mahzun ovozda.
Shu bois bo‘lsa kerak, bayram dasturxonidagi eng katta tort bo‘lagi, eng shirin muzqaymoq yoki yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan oxirgi konfet hamisha mening ikki hissalik nasibamga aylanardi. Men esa bolalarcha beg‘ubor quvonch bilan, hech narsani o‘ylamay, ularni yeb o‘tirardim. Onam esa bir chetda mening chappillatib chaynashimni, shodligimni kuzatar, go‘yoki o‘zlari to‘ygandek bundan bahra olardilar.
Bugun ortga qarab o‘ylasam, o‘sha kunlardagi eng katta lazzat shirinlikning ta’mida emas, balki jigarbandining quvonchini ko‘rgan ona ko‘zlarida jilo topgan teran baxtda ekan.
Onajonimning bu mehrga to‘la «yolg‘onlari» har bir taomda namoyon bo‘lardi. Ayniqsa, uyda baliq pishirilgan kunlari bu hol yanada aniq sezilardi. Tillarang tusda qizarib pishgan baliq dasturxonga tortilishi bilan u kishi darhol uning boshi va dum qismiga qo‘l uzatar, eng sergo‘sht, mazali va suyagi kam bo‘laklarini esa bizga va otamga ajratib berardilar.
— Menga aynan shu joylari yoqadi, mazasi boshqacha, — derdilar odatdagidek o‘sha tanish ohangda.
Men esa o‘shanda go‘daklik soddaligi, balki xudbinligi bilan: «Onam juda g‘alati-ya, nega eng mazali, yumshoq go‘shtni emas, suyakli, yeyishga noqulay joylarni yaxshi ko‘rar ekan?» deb o‘ylardim.
Eh, sodda bolalik... Onaning eng mazali go‘shtni farzandiga ilinib, o‘ziga suyakni ravo ko‘rgan buyuk qalbini qayerdan ham bilibman...
Endi esa vaqt o‘z hukmini o‘tkazdi. Hayot charxpalagi aylanib, meni ham bir oilaning ustuniga, xonadon boshiga aylantirdi. Suronli kunlar o‘tib, bugun dasturxonimiz to‘kin, kamchiligimiz yo‘q. Ammo qiziq, ba’zan dasturxon boshida o‘tirganimizda, menga ham ko‘p narsa «yoqmagan»dek bo‘lib, kenjamizga ulashaman.
Ayniqsa, uyda baliq tortilgan daqiqalarda bo‘g‘zimga bir cho‘g‘ tiqiladi, beixtiyor onajonimning nurli siymosi ko‘z oldimda gavdalanadi. Men ham xuddi u kishidek, ichki bir titroq va yuzdagi soxta tabassum bilan baliqning boshini o‘zimga olaman-da:
— Menga baliqning boshi yoqadi. Eng mazali, xosiyatli joyi aslida shu yerda, — deb qo‘yaman.
Tabiiyki, mening qorako‘zlarim — farzandlarim bu gapimga chin dildan ishonishadi. Xuddi bir paytlar men ishonganimdek... Hozircha ishonib turishadi...


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter