Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Otamga maktub

Otamga maktub

Hurmatli otajon!

Mana siz bu o‘tkinchi dunyoni tark etganingizga hash-pash deguncha 3 yil o‘tib ketdi. Bir-birini quvlab o‘tgan kunlarning qay birida sizni esladim, yana qaysi birida yoddan chiqardim. Qaysidir kunlari haqingizga duo qilgan bo‘lsam, ayrim kunlari duo qo‘l ochishga vaqt topa olmadim, aniqrog‘i unutdim yoki hafsala qilmadim. Yo‘qligingizning ilk kunlari deyarli har kuni qabringizni ziyorat qilib, qabringiz boshida ko‘zyoshi to‘kkan bo‘lsam, hozir qishloqqa borganimda dangasalik qilibmi, erinibmi va yoki boshqa sababmi sizni ko‘rgani bora olmagan paytlarim ham yo‘q emas.

Yo‘qligingiz menga ko‘p narsani o‘rgatdi. Aslini olib qaraganda bularni oldin ham bilardim, ammo e’tibor bermasdim. Chunki siz biz uchun o‘ylardingiz, biz uchun qayg‘urardingiz, biz uchun tashvishlanardingiz, biz qolib farzandlarimizning ham g‘am-tashvishlari sizning gardaningizda edi. Bizda esa faqatgina yashash talab qilinardi xolos.

Ota! Siz vafot etgan kun qishlog‘imizda udum bo‘lganidek baqir-chaqir qilib yig‘lamadim. Siz aytgan ishni qildim. Yodingizdami, kimningdir janozasi kuni mayitning yaqinlari dod-voy solib, yoqasini yulib yig‘laganida men aqllilik qilib:

– Dada, shu yig‘i-sig‘ining nima keragi bor? Axir muqaddas kitoblarda yig‘lash mumkin emasligi haqida ko‘p marta ta’kidlangan, – deganimda siz asabiylashib:

– Odamlarning ishiga aralashma, ularning urf-odatlariga qarshi chiqma. Ja bo‘lmasa, men o‘lganimda yig‘lamay qo‘ya qolasan, – degandingiz...

Men ana shu aytganingizni bajardim. Sizning hatto o‘limingiz menga manfaat keltirdi. Qanday deysizmi? Siz bilarmidingiz yo‘qmi, men o‘sha kungacha biror duo o‘qishni bilmasdim. To‘g‘rirog‘i, to‘liq bilmasdim. O‘sha mash’um kunning o‘zidayoq fotiha paytida o‘qiladigan duolarni yodlashga majbur bo‘ldim. O‘sha kunlari qiziq bir voqea sodir bo‘ldi.

Odatdagidek qishloqqa borganimda qabringizni ziyorat qildim, qo‘limdan kelgunicha duolarni o‘qidim, qo‘llarimni yuzimga bosib biroz muddat o‘tirdim ham. Keyin qabristondan chiqib ketar ekanman darvozaga yaqin joydagi yangi qabr boshida bir kelinchak qizi bilan o‘tirardi. Ko‘milgan ham yoshgina ekan. Ularga achinigan ko‘yi yonlaridan o‘tib ketar ekanman kelinchakning:

– Bizga ham tilovat qilib bering, – degan ovozini eshitdim va ortga qaytib, tilovat qildim. Kelinchakning minnatdorlik so‘zlariga quloq tutmay, qabristondan chiqdim. Tashqarida turgan mashinaga o‘tirdim va ishonasizmi, ustimdan muzdek suv quyib yuborgandek bo‘ldi. Shu ko‘yi besh yoki o‘n daqiqa o‘tirib qoldim va xo‘rligim kelib, baqirib-baqirib yig‘ladim.

– Ey nodon banda, tasavvur qil hozir mana shu ish qo‘lingdan kelmaganida sharmanda bo‘larding. Balki bu kelinchakni sen tanimassan, ammo u seni tanisachi? Bilmaganingni butun qishloqqa ovoza qilsachi, ana unda kim degan odam bo‘larding? Sening shuncha yil o‘qiganing, shuncha yildan beri qandaydir tashkilotlarda falon lavozimlarda ishlaganlaring hammasi bir pul bo‘lmasmidi? – deb o‘zimni o‘zim koyigandan koyidim.

Hali aytganimdek ta’ziya kuni yig‘lamadim, biroq ko‘zimdan yosh to‘xtamasdi. Yuragim to‘lib ketganida hech kim yo‘q xonaga kirib yig‘lab chiqardim. Negadir odamlar oldida yig‘lashdan uyaldim. Ha, otasidan ayrilgan farzand sifatida olomon ichida yig‘lashdan uyaldim. Uyaldimmi, tortindimmi bilmadim, xullas yig‘lamadim, yig‘lay olmadim. Keyinchalik bu haqida onamga aytganimda:

– E bolam-a, bolam... Sening ich-ichingdan qanday kuyayotganing yuzingdan ko‘rinib turibdi. O‘zi qoramag‘iz bo‘lsang ham qorayib ketding, kuyib ketding, – deb meni ovutdi.

O‘rni kelganida yana bir gapni aytib ketishim kerak. Men sizni Toshkentga davolatgani, dardingizga darmon topgani, aytish joiz bo‘lsa, umringizni yanada uzoq bo‘lishini ta’minlashga olib ketgandim, ammo ming afsuslar bo‘lsinki, bu niyatim amalga oshmadi. O‘z oyog‘i bilan ketgan odam begona bir mashinada yotgan ko‘yi, ko‘zlari bir umrga yumuq holda qaytdi.

Bilasizmi, men shunda nimadan qo‘rqdim? Ukalarim va singillarim “otamizni sen o‘ldirding” deya menga tashlanib qolishlaridan qo‘rqdim. Yo‘l-yo‘lakay ketar ekanman, tumanimizga, qishlog‘imizga kirib borar ekanman xayolimning bir chetini mana shu o‘y kemirib borardi. Hovliga kirgach, kuymalanib yurgan odamlar orasidan ukalarimni va singillarimni izladim. Ular yig‘layverganidan ko‘zlari qizarib ketgan holda sizning sovub ulgurgan tanangizga yopishdi. Shunda hozir menga tashlanishadi deb mashinadan tushmasdan boshimni ekkancha jim o‘tirdim.  Lekin avvaliga, ya’ni sizni uyga olib kirishguncha men bilan hech kimning ishi bo‘lmadi. Siz “kirib ketgach”gina kimdir mashina eshigini ochib, tushishimni aytdi. Bazo‘r tushdim. Shunda ham xavotirim arimagan. Tushishim bilan menga qarab kelayotgan ukalarim va singillarimni ko‘rib, o‘zimni tutib turolmadim. Baqirmasam ham ko‘zimdan yosh tirillab otilardi. Ular kelib meni quchoqlashdi, men esa ularni. Hech kim gapirmadi. Gapira olmasdik. Jimgina ko‘zyoshi qildik, yelkalarimizni siladik, quchoqlashdik. Keyin amaki-tog‘alarimni bizni ajratishdi. Uka-singillarimning meni quchoqlashlari menga darmon bo‘ldi, haligi hadikdan qutuldim. Ular menga ta’na qilishmadi, “otamizni sen o‘ldirding” deyishmadi...

Bundan oldin sira ham hovlimizda bunday marosim bo‘lmagan. Bo‘lganda ham o‘zingiz bosh bo‘lgansiz. Sizning olamdan o‘tganingiz to‘g‘risidagi xabarni uyga, ukalarimga amallab aytdim. Qishloq sari ketar ekanman bir tomondan yonginamda indamasdan yotgan Sizning yuzingizga tikilar, bir tomondan “Uyda hali qancha tayyorgarlik ishlari bor, ularni qilishga qachon ulguramiz ekan?” degan fikr xayolimni tark etmasdi. Ora-orada uyga qo‘ng‘iroq qilib, qayerga yetganim to‘g‘risida xabar berardim yoki uydagilar so‘rab turishardi.

Nihoyat uzoqdan qishlog‘imiz, hatto uyimiz tomi ham ko‘rina boshladi. Uy atrofida uymalashib turgan odamlarni ko‘rib, ko‘nglim yana bir marta g‘ashlandi. Uyga yaqinlashgan sayin diydamni qotirishga, o‘zidan o‘zi quyilib kelayotgan yoshlarimni to‘xtatishga, ularga to‘sqinlik qilishga urinardim.

Ko‘chamizga burilganimizda ko‘zyoshlarimni yana bir marta artib, mashinaga to‘g‘ri hovliga kirishini tayinladim. Hovliga kirishim bilan boshlangan yig‘i ovozidan o‘zimni tutib turolmadim. O‘pkam to‘lib o‘tirgan joyimda yig‘lay boshladim. Hali kasalxonada tanangizni bazo‘r mashinaga ortgandik, endi qanday tushirishni o‘ylayotgandim. Ammo buning hojati qolmadi. Amakilar, tog‘alar, qo‘ni-qo‘shniyu qarindosh-urug‘lar yig‘lab o‘tirgan menga e’tibor ham bermay tezda uyga olib kirishga urinib ketishdi va bir pasda buni uddalashdi ham.

Mashinadan tushib, o‘zimni sal qo‘lga olib, atrofga nazar tashladim. Hovlimiz keng bo‘lgani uchun bir chetiga odatga ko‘ra taxminan 300-400 kishiga mo‘ljallangan temir stol-stul o‘rnatilgan, undan sal narida esa qozon-o‘choq joylashtirilgan bo‘lib, kimlardir ularni yoqish taraddudida edi. Haliyam o‘zimga kelmay atrofda sodir bo‘layotganlarni kuzatib turardim.

Qo‘shni bolalar qo‘llarida choynak-piyola, ko‘rpachalar va xullas ma’raka uchun nima kerak bo‘lsa, shularni ko‘tarib u yoqdan bu yoqqa o‘tishar, kattalarning “Hoy falonchi, manavi narsa kamroq bo‘lib qolibdi, tez qo‘shnilardan yig‘ib chiqinglar” degan topshirig‘i bilan ikki-uch bola zipillab tashqariga yo‘l olar, oradan ko‘p o‘tmay aytilgan narsalarni olib kelishardi. Orada ukam bilan bozorlik masalasida gaplashishga ulgurdim.

Otasidan ayrilgan odam sifatida safning boshida turdim. Kelgan-ketganlar menga hamdardlik bildirishdi. Kimnidir tanidim, kimnidir tanimadim. Tanimaganim sababi ular begonaligi emas, balki mening qishloq hayotidan, qishloq odamlaridan, tug‘ilib, o‘sgan joyimdan, mahalladoshlarimdan, bir so‘z bilan aytganda o‘zligimdan yiroqlashib ketganim edi. Tanimaganlarimni so‘radim. Hardamxayol bo‘lib o‘tirar ekanman kim kelib, kim ketayotganiga o‘zim bilmagan holda e’tibor beribman. Keyinchalik oilaviy o‘tirganimizda kimlarnidir so‘rab-surishtirgan bo‘ldim.

Sizning ketishingiz hammamizga og‘ir bo‘ldi. Kutilmagan bo‘ldi. Ayniqsa, keyingi kunlari o‘rningiz juda ham bilindi. Negadir hamma barmoqlarini bigiz qilib, “ana endi ko‘ramiz qanday yashashlaringni” deyotgandek tuyilaverardi. Xayolimga otasi o‘tib, tumtaraqay bo‘lib ketgan oilalar keldi. Nahotki, endi biz ham shunday bo‘lamizmi, degan fikr o‘tmadi desam, sizni aldagan bo‘laman. Ana shunda sizning o‘gitlaringiz, ukalaringiz va singlingizga qilganlaringiz, aytganlaringiz yordamga yetib keldi. Shularni esladim. O‘zimga o‘zim so‘z berdim. Biz hech qachon ajralmaymiz. Doim birga bo‘lamiz. Otamizning nomiga dog‘ tushirmaymiz. Hamma qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tamiz.

Sizdan keyin qishloqqa tez-tez boradigan bo‘ldim. To‘y-ma’rakalarda imkon darajasida qatnashyapman. Siz borgan davralarga borishga to‘g‘ri kelyapti. O‘rningizni bosa olmaymiz, ammo nachora, o‘rningizdan borishga majbur bo‘lyapmiz. O‘tgan yili “Beshbuloq”da bir kishi olamdan o‘tibdi. Qishloqqa borgan kunim xudoyiga to‘g‘ri kelibdi va katta ukam bilan bordik. U tomonlar meni bilmasligi aniq. Ammo duo qilib, olib kelingan oshni yer ekanmiz to‘g‘rimizda o‘tirgan odamning:

– Sen Erkinning Toshkentdagi o‘g‘li bo‘lsang kerak, – deyishi sizga qanchalik o‘xshashimni his qildirdi. Tadbirlarda meni va ukamlarimni ko‘rganlar sizga o‘xshashimizni aytishganida qanchalik xursand bo‘lishimizni bilsangiz edi.

Aytgancha, eslaysizmi, Toshkentdaligingizda amakimning o‘g‘lining to‘yi kunini belgilagandingiz. U bilan telefon orqali gaplashib, to‘y qilishga pulim yo‘q degandek qilganida, oldindan sotishni reja qilgan hovlini menga berishini tayinlab, pulini olib borishingizni aytgandingiz. Men buncha pulni topib berolmayman deganimda:

– Men bilmayman, hech bo‘lmasa yarmini topib berasan. Toshkentdek shahri azimda yurib, shugina pulni topa olmasang-a... Va’da berib qo‘ydim, pulni olib bormasam, to‘yni qanday qilamiz, – degandingiz qat’iy ohangda.

O‘sha hovlini siz aytgan narxga sotib oldim. Ammo hali qurilish qilishga imkon bo‘lgani yo‘q. Nasib qilsa, o‘zim uchun uy qurishni, yoshim o‘tib, nafaqaga chiqqanimdan keyin o‘sha uyda yashashni maqsad qilganman. Ishqilib, xudoyim o‘sha kunlarga yetkazsin.

Ota, siz belgilagan to‘y o‘sha kuni bo‘lmadi. Keyinchalik to‘y o‘tkazildi. Juda chiroyli tadbir bo‘ldi. Ammo siz yo‘q edingiz. Aka-ukalar, singillarim ko‘zlarimiz javdirab to‘yda quchoqlashib, yana yig‘lashdik. Amakilarim o‘zlari arang turishibdiyu, bizni ovutishdi. Sizning bu kunlarni orzu qilganingizni, hozir bizni kuzatayotganingizni va xursand ekanligingizni aytib, dalda berishdi.

Siz bir necha marta rejalashtirib, imkoni topilmagan ishni ham qildik. Ya’ni biz katta bo‘lgan hovlida joylashgan, har bir g‘ishti qo‘llaringiz bilan qo‘yilgan, ammo so‘nggi yillarda yashash uchun xavfli bo‘lib qolgan uyni buzdik. Hatto tuprog‘ini ham olib chiqib tashladik. O‘rniga pishgan g‘ishtdan ukam o‘zi xohlagan va masahatlashgan holda tayyorlangan reja asosida uy qurdik. Bir qismini ta’mirladik va hozir ukam oilasi bilan o‘sha uyda xavfsiz, xotirjam yashamoqda. Bu hovlini hech bir janjallarsiz, tortishuvlarsiz, kelishgan holda ukamning nomiga o‘tkazib berdik. Notiraus qizning gaplari haligacha quloqlarim ostida jaranglab turibdi:

– Hali o‘ylab ko‘rishga va fikringizdan qaytishga vaqtingiz bor. Bu hujjatni imzolaganingizdan keyin otangizning nomida bo‘lgan hamma narsa ukangizga o‘tadi va bu narsalarda sizning hech qanday huquqingiz qolmaydi. Har bir harakatingiz, so‘zlaringiz yozib olinmoqda. Shunday ekan yaxshilab o‘ylang, keyin ortga yo‘l yo‘q.

Kenja ukam bilan notariusda o‘tiribmiz. Imzo chekiladigan hujjatni o‘qir ekanman notarius shu gaplarni bir emas, bir necha marta takrorladi. Men hujjatdan bosh ko‘tarib:

– Buni shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘qidim, aslida hech qanday ikkilanish yo‘q, imzolaymiz, – deb ukamga qaradim. Men imzo chekdim. Ukam esa hujjatni o‘qib ham o‘tirmadi, shartta qo‘l qo‘ydi. Notariusdan chiqiboq, ukamni uyli-joyli bo‘lgani bilan tabrikladim.

Siz “ketganingizdan” to‘qqiz oylar o‘tib, kenja qizingiz ikki o‘g‘liga to‘y qildi. O‘rningizni bildirmaslikka, singlimiz ko‘nglini o‘ksitmaslikka, xarajatlar kamu ko‘stsiz bo‘lishiga harakat qildik. To‘y kuni yetib keldi. Hamma xursand. Biz esa yana ukalarim va singillarim bilan yig‘lashib oldik. Siz bo‘lganingizda hammasi boshqacha bo‘lishini takrorladik. Sizning o‘rningiz baribir to‘lmasligini tushundik, angladik.

Zomindan Jizzaxga o‘tuvchi avtomobil yo‘lining shundoqqina chetidan do‘kon quramiz deb yer olgandik. Aka-ukalar birgalashib o‘sha yerga do‘kon qurdik. Sizdan keyin biroz vaqt o‘tib qurilishni boshlaganimizda ayrimlar ustimizdan kulgandek bo‘ldi, kimlardir esa istehzo aralash bitira olmasligimizga, bizning birdamligimiz uzoqqa cho‘zilmasligiga, hali bu do‘kon boshimishga balo bo‘lishiga sha’ma qildi. Ammo biz chekinmadik. To‘g‘ri, ba’zi vaqtlarda kelishmovchiliklar, tortishuvlar bo‘ldi, biroq darrov kelishib ketdik. Bir kattaning, bir kichikning gapiga quloq soldik. Bugun o‘sha do‘kon ishlayapti. Hali ja gurillab yurishib ketgani yo‘q-kuya, lekin ozmi ko‘pmi savdodan tushayotgan mablag‘ ukalarim ro‘zg‘origa madad bo‘layotgan bo‘lsa, qishloq markazidan ancha uzoqdagi do‘kon shu atrofdagilar koriga yarayapti, degan umiddamiz. Hali kamchiliklari ko‘p, asta-sekin tuzatib olarmiz. 

Yana bir yangilik. Mashina oldim. Endi mening shaxsiy mashinam bor. Bersa, ketma-ket beraveradi deganlaridek, ishxonamdan ham xizmat mashinasi berishdi. Afsus, bu kunlarni ko‘rmadingiz. Ayrim paytlari zaruratga ko‘ra, qishloqqa har ikki mashinada borishga majbur bo‘lardik. Shunda uyimiz oldida qatorlashib turgan mashinalarni ko‘rib, yana sizni esladik, yana yig‘ladik. Bu manzarani ko‘rib, qanchalar quvonishingizni, yeru ko‘kka sig‘may, qanchalar g‘ururlanishingizni o‘yladik.

– Otam shu kunlarni ko‘rmay, armonda ketdi, – dedik.

Ota, siz amakimlarimni qanday boshqargansiz bilmayman, ammo men aynan mana shu masalada rosa qiynalyapman. Ko‘z tegmasin, hali ukalarim bilan sen-menga borganimiz yo‘q, mol-mulk talashganimiz yo‘q. Yuqorida aytilgan to‘ylar, ukamning uyiga ketgan xarajatlarning katta qismini sizdan qolgan qo‘y-qo‘zilar hisobidan qopladik. Katta ukamning taklifiga ko‘ra, mana shu qo‘ylar umumiy mulk sifatida turaveradi va kimda qanday moliyaviy muammo bo‘lsa, shular yordamida hal qilinadi. Ya’ni hali ham sizning hisobingizdan yashayapmiz, ota. Siz qoldirgan qo‘ylar hali ham korimizga yaramoqda. Yaraganda ham uy-joy bo‘lib, bir umrga qolmoqda.

To‘g‘ri, ukalarim bilan ayrim masalalarda fikrimiz doim ham bir joydan chiqavermaydi. Men katta sifatida o‘z taklifimni aytaman. Ular aytadi. Keyin fikrlashib, bir to‘xtamga kelamiz yoki ayrim paytlari shartta nuqta qo‘yishga ham to‘g‘ri kelyapti. Ba’zan ularga baqiraman, kattaligimni ko‘rsatishga urinaman. To‘g‘ri qilyapmanmi, noto‘g‘rimi hozircha buni bilmayman. Niyatim, sizning nomingizga dog‘ tushirmaslik. Odamlar orasida:

– Falonchining o‘g‘illari mol-mulk talashibdi, aka-ukalar janjallashib qolibdi, – degan gap-so‘z tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Sizning bu hayotga kelib o‘zingiz uchun hech narsa qilmaganingizni, hammasini jigarlaringizni uchun qilganingizni ko‘rdim. Vafotingizdan keyin biroz vaqt o‘tib:

– Bir kun kelib men ham o‘taman. Otam hech narsani ko‘rmay o‘tib ketdi. Endi bundan buyog‘iga o‘zim uchun yashayman, – degan qarorga keldim. Lekin bu ko‘pga cho‘zilmadi. Hayot tashvishlari bunga yo‘l qo‘ymadi. Sizga o‘xshashga harakat qilyapman, jon-jahdim bilan urinyapman, ammo uddasidan chiqa olyapmanmi yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Ko‘nglimning bir cheti doim xijil. Sizning do‘stlaringizdan xabar ololmayapmiz yoki hafsala qilmayapmiz. Ukalaringizga nisbatan ba’zan nohaqliklar qilgandek bo‘lyapmiz. Ya’ni ularni ham yo‘qlamayapmiz. Axir ular sizdan qolgan yodgorlikku... Ularning timsolida siz yashayapsizku... Lekin biz buning qadriga yetganimiz yo‘q. Ulardan biri ortingizdan ketganini bilasiz. Ayniqsa, o‘sha amakim, “akamning qadri endi bilinyapti” deb ko‘p takrorlardi. Kasal bo‘lib, ketvordi yoningizga.

So‘nggi paytlari negadir men ham o‘limni ko‘p o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Mana shu o‘y yuragimga qo‘rquv solmoqda. Ellik beshdan o‘tganingizda:

– Otamning yoshidan o‘tdim, endi ketsam ham armonim yo‘q, – derdingiz. Men ham sizning yoshingiga yeta olarmikanman degan xavotir yo‘q emas, to‘g‘risi. Shu haqida onamga aytsam, urishib beradi.

Bu yil kenja o‘g‘lingizga uy qurishga qaror qilganmiz. Hozir poydevorini o‘rnatib, ko‘tarib ham qo‘ydik. Tomini yopish qoldi. Nasib qilsa, buni ham eplaymiz, aka-ukalar birgalikda buning ham uddasidan chiqamiz. Xudo xohlasa, yaxshi niyatlarimiz, rejalarimiz bor. Amalga oshib qolar, degan umiddamiz. Birgalikda harakat qilsak, eplarmiz.

Men ukalarimga doim bir narsani uqtiraman. Biz yaxshi bo‘lsak, biz totuv-inoq bo‘lsak, biz yutuqlarga erishsak, otamiz xursand bo‘ladi. Bergan tarbiyasi, non-tuziga rozi bo‘ladi. Qarindoshlarga, qo‘ni-qo‘shnilarga, mahalla-ko‘yga, qishloq ahliga qo‘llaringdan kelgunicha yaxshilik qilinglar va ulardan otamizni duo qilishlarini so‘ranglar deyman.  

Otajon, sizga bir dardihol qildim. Balki o‘quvchilar ham uyidagi gaplarni tashqariga olib chiqibdi, deb yozg‘irishar, lekin bularni hamma biladi. Men birozgina tafsilotlarini ochdim xolos.

Aslida aytadigan gaplarim ko‘p. Hozircha esimga tushganlari shular. Balki bu maktubning ikkinchi, uchinchilari bo‘lar. Hozircha esa xayr, joyingiz jannatlarda bo‘lsin...

Sizga o‘xshashni juda-juda istaydigan, ammo qo‘lidan kelmayotgan o‘g‘lingiz.

Nurulla Abdullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring