Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda oilalar qanchalik baxtli?

O‘zbekistonda oilalar qanchalik baxtli?

Foto: Magnific

«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti joriy yilning mart-aprel oylari davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahrida 12 697 nafar respondent orasida oilalarning baxtlilik darajasini o‘rganish maqsadida sotsiologik so‘rovlar o‘tkazdi.

Oilalarning baxtlilik darajasi 8 ta asosiy indikator va 21 ta subindikatordan iborat integral indeks asosida baholandi. So‘rovlarda oilalarning iqtisodiy farovonligi darajasi, demografik barqarorligi, sog‘lom hayot kechirish davomiyligi, ta’lim olish imkoniyatlari, ish bilan ta’minlanganligi, oilaviy hayotdan qoniqish va oilaviy baxtlilikni his qilish darajasi, oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyatliligi, davlat organlari faoliyati hamda davlat xizmatlaridan qoniqish darajasi o‘rganildi.

Oilalarning baxtlilik indeksi –1 dan +1 gacha bo‘lgan oraliqda baholanadi. Metodikaga muvofiq, baxtlilik indeksi +0,5 dan +1 gacha bo‘lgan holat «yuqori», 0 dan +0,49 gacha bo‘lgan ko‘rsatkich «o‘rta», 0 dan past natijalar esa «past» daraja sifatida baholanadi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2026 yilda O‘zbekiston oilalarining umumiy baxtlilik indeksi 0,618 ballni tashkil etdi. Baholash mezonlariga muvofiq, mazkur ko‘rsatkich baxtlilik darajasi «yuqori» ekanligini namoyon etmoqda. Mazkur indikator oldingi yillarga nisbatan barqaror ijobiy o‘sish dinamikasini qayd etdi, deyiladi xabarda.

Taqqoslash uchun, ushbu indeks 2023 yilda 0,560 ballni, 2025 yilda esa 0,611 ballni tashkil etgan. So‘nggi to‘rt yil davomida oilalarning baxtlilik indeksi o‘rtacha +0,058 ballga oshgan.

Oilalarning iqtisodiy farovonligi indikatori 2025 yildagi 0,414 balldan 2026 yilda 0,439 ballga oshgan.

Ish bilan ta’minlanganlik indikatori 2023 yilda 0,337 ballni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda 0,489 ballgacha oshgan.

Davlat organlari faoliyati va davlat xizmatlaridan qoniqish indikatori 2023 yildagi 0,372 balldan 2025 yilda 0,505 ballga va 2026 yilda 0,514 ballga yetgan.

Ta’lim olish imkoniyati indikatori so‘nggi yillarda barqaror o‘sishni namoyon etdi. Xususan, mazkur ko‘rsatkich 2023 yilda 0,399 ballni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 0,502 ballga, 2026 yilga kelib esa 0,522 ballga yetgan.

Sog‘lom hayot kechirish davomiyligi indikatori 2023 yilda 0,596 ballni tashkil etgan, 2026 yilda esa 0,605 ballga yetgan.

Oilaviy hayotdan qoniqish va oilaviy baxtlilikni his qilish indikatori 2023 yilda 0,667 ballni tashkil etgan, 2025 yilda 0,734 ballga, 2026 yilda esa 0,750 ballga yetgan.

Oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyatlilik darajasi bo‘yicha ko‘rsatkich yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Xususan, mazkur indikator 2023 yilda 0,720 ballni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 0,791 ballga, 2026 yilda esa 0,793 ballga yetgan.

Oilalarning demografik barqarorligi indikatori 2023 yilda 0,828 ballni va 2026 yilda 0,831 ballni tashkil etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring