Oila: Birgalikdagi yolg‘izlik...
Uy ichi jim-jit. Mehmonxonada ota o‘tiribdi, qo‘lida telefon, barmoqlari tinimsiz ekran yuzida sirg‘aladi, “Shorts” va “Reels”ning cheksiz olami uni rom qilgan. U yerda kimlardir raqsga tushadi, kimdir hazil qiladi, yana kimdir baqiradi. Ota shu yerda, oilada, lekin aslida u yo‘qdek.
Ro‘paradagi divanda onaning nigohi televizorga qadalgan, u ekrandagi ayolning taqdiri uchun kuymoqda. U serialdagi begona ayolning ichidagi g‘am-g‘ussasini o‘z jigarining dardidan ko‘ra yaxshiroq biladi.
Farzandlardan biri o‘z burchagida - virtual o‘yinlar ichiga sho‘ng‘igan, eng kichkina mittivoy esa planshetni bemalol “boshqarib”, multfilmdan multfilmga “sakramoqda”...
Tashqaridan qaraganda ideal oila, lekin mazmunan to‘rtta alohida orolcha. Bu zamonamiz oilalar haqidagi eng mahzun tashxis: birgalikdagi yolg‘izlik.
Gapi tugab qolgan er-xotinlar...
Ayollar guruhlaridagi ba’zan anonim ayollar yozib qoladi: “Turmush o‘rtog‘im bilan faqat ro‘zg‘or va bolalar haqida suhbatlashamiz, xolos, boshqa gapimiz yo‘q”. Ko‘pchilik ayollar izohlarda “bizda ham shu ahvol” deydi, lekin ba’zida “men turmush o‘rtog‘im bilan soatlab gaplashsam ham gapimiz tugamaydi, hamma narsa biz uchun mavzu”, deganlar ham uchrab turadi. Gap bir biri bilan soatlab gaplashsa ham zerikmaydiganlar haqida emas, gap oilada birga yashayotgan yolg‘izlar haqida. Bir yostiqqa bosh qo‘ygan, bir dasturxonda ovqatlanadigan, lekin qalban, ruhan bir-biriga begonalar haqida. Tadqiqotchilar bu holatni shunchaki zamona zayli deb emas, balki ruhiyat uchun xavfli jarayon deb baholashmoqda.
Buyuk Britaniyaning Kent universiteti mutaxassislari “Fabbing” (“Phubbing” — (suhbatdoshni telefonga qarab mensimaslik) va oilaviy baxt o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, qaysi oilada fabbing, ya’ni suhbatdoshi qolib telefonga tikilish odati kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda depressiya va ichki nizolar darajasi yuqori bo‘ladi. Fabbing bu sherigingizga “sen men uchun ekrandagi mazmunsiz rasmlardan ko‘ra ahamiyatsizsan”, degan og‘riqli signalni yuborishdir. Bu signal yillar davomida to‘planib, oxiri oilaviy yolg‘izlikni keltirib chiqaradi.
Hatto stol ustida shunchaki yotgan smartfon ham odamlar o‘rtasidagi ishonch va mehr darajasini 30 foizgacha pasaytirar ekan. Bu ilm-fanda “raqamli sovuqlik” deb ataladi. Telefonning borligi inson miyasida “hozir meni chalg‘itishadi” degan signalni uyg‘otadi. Natijada, er yoki xotin yonidagi yaqiniga emas, ekrandan keladigan navbatdagi xabarga emotsional shay bo‘lib o‘tiradi.
Insoniyat tarixidagi eng davomli oilalar haqidagi (85 yildan ortiq vaqt mobaynida o‘tkazilgan) Garvard tadqiqoti shuni isbotladiki, insonni baxtli va sog‘lom qiladigan narsa pul, shon-shuhrat yoki ijtimoiy mavqe emas, balki yaqin munosabatlarning sifatidir. Ya’ni oilali bo‘la turib o‘zini yolg‘iz his qilish, chin yolg‘izlikdan ko‘ra ijtimoiy va ruhiy jihatdan xavfliroq ekan. Oiladagi “birgalikdagi yolg‘izlik” yurak-qon tomir kasalliklari va ruhiy toliqishning asosiy sababchilaridan biriga aylanmoqda ekan.
Tadqiqot rahbari Robert Uoldinger shunday deydi: “Yolg‘izlik o‘ldiradi. Ijtimoiy aloqalar biz uchun foydali, yolg‘izlik esa zaharlidir. Bir uyda yashab, doimiy nizoda yoki sovuq munosabatda bo‘lish, ajrashib ketishdan ko‘ra salomatlik uchun zararliroqdir. Yolg‘izlikning eng og‘ir shakli, bu odamlar yo‘qligi emas, balki “sizni eshitishni xohlamaydigan odamlar davrasida qolishdir”.
Yana bir guruh oilaviy psixologlarning ta’kidlashicha, ko‘p oilalarda muloqot faqat funksional darajaga tushib qolgan: “Non oldingizmi?”, “Bugun bolani bog‘chadan kim oladi?”, “Svetga yoki gazga pul to‘lash kerak”, bo‘ldi, er-xotinning gaplashadigan boshqa biror bir mavzusi yo‘q. Ya’ni ko‘pgina oilalarda er-xotin bir-biriga juftlik, inson sifatida emas, funksiya sifatida qarashga o‘tib qolishgan. Masalan, xotin oshpaz, uy tozalovchi, er pul topuvchi, bola baho olib keluvchi, aytilgan topshiriqlarni bajaruvchi. Ularning ichida nima bo‘layotgani, nima qiynayotgani, nimadan qo‘rqayotgani, nimani orzu qilayotgani bilan hech kimning ishi yo‘q.

“Mukammal notanishlar” filmidan kadr
Italiyalik rejissyor Paolo Jenovezening “Mukammal notanishlar” filmida aytilganidek: “Bizning hayotimiz smartfonlarga shunchalik bog‘langanki, ular bizning eng yaqin sirdoshimizga aylanib bo‘lgan, yonimizdagi inson esa shunchaki qo‘shni.
Bu telefonlar hayotimizning qora qutisi bo‘lib qoldi. Agar bir-birimizning telefonlarimizga qaraganimizda edi, qancha juftliklar ajrashib ketgan bo‘lardi?”
Bu oilada bolalar o‘zini qanday his qiladi?
Massachusets Texnologiya instituti professori Sherri Tyorkl o‘zining “Birgalikdagi yolg‘izlik” (Alone Together) kitobida zamonaviy bolalarni “raqamli yetimlar” deb ataydi.

U bunday oilalarni bir joyda to‘plangan, lekin har biri o‘z dunyosiga qamalgan atomlarga o‘xshatadi: “Bu bolalarning ota-onasi bor, lekin ularning nigohi doimo ekranda. Ota-onasi ekranga bog‘lanib qolgan oilalarda o‘sayotgan bolalar “suhbat san’ati”ni yo‘qotishmoqda. Bola uyda gapirishni emas, jim o‘tirishni o‘rganyapti. Chunki u gapirsa, otasi yoki onasi telefonidan bosh ko‘tarmay ha, ha, deb qo‘ya qoladi. Biz oilaviy yolg‘izlikni shunchaki zamon shunaqa, deb oqlaymiz. Lekin bolalikda ota-onasining mehrini emas, balki ularning telefonga tikilgan nigohini ko‘rib o‘sgan bolalarda kelajakda muloqot qilish va his-tuyg‘ularini ifodalashda jiddiy to‘siqlar paydo bo‘ladi. Natijada, bola ham o‘z olamining ichiga kirib ketadi.”
Uning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadi: ota-onasi smartfonga bog‘lanib qolgan bolalar o‘zlarini ikkinchi darajali mehmondek his qila boshlaydilar. Bolalar ota-onasining ko‘ziga qarab gapirish uchun ularning telefondan boshini ko‘tarishini soatlab kutishga, ularning diqqatini tortish uchun smartfon bilan raqobatlashishga majbur. Bu raqobatda bola yutqazgan sayin, uning ichida “men qiziq emasman, men kerak emasman”, degan ulkan yolg‘izlik hissi ildiz otadi.
Statistika shuni ko‘rsatadi: zamonaviy oila a’zolari sutka davomida bir-birlari bilan yuzma-yuz, ko‘zga qarab atigi 15-20 daqiqa suhbatlashar ekan. Qolgan vaqt ekranlarga, maishiy yumushlarga yoki sukunatga sarflanadi.
Aytilishicha, inson miyasi ekrandan kelayotgan tezkor dofaminga o‘rganib qolganidan yonidagi yaqinining oddiy, ba’zan esa muammoli gaplari unga zerikarli tuyula boshlaydi.
Ha, oilaviy yolg‘izlik sekin ta’sir qiluvchi zahar. U bir kunda oilani buzmaydi, lekin yillar davomida mehr rishtalarini zaiflashtiradi va oxir-oqibat odamlarni faqat umumiy kredit, ipoteka yoki farzandlar oldidagi majburiyatgina birlashtirib turadi. Qalblar esa allaqachon alohida manzillarda yashaydi. Ikki inson bitta qayiqda bo‘lishi mumkin, lekin har biri boshqa-boshqa yo‘nalishga eshkak eshayotgan bo‘lsa, bu qayiq manzilga yetib bormaydi.
Hammasi shundan boshlanadi: avval gaplar kamayadi, keyin nigohlar to‘qnashishdan qochadi. Va nihoyat, uy ichi jimjit. Lekin bu tinchlik, xotirjamlik, rohat-farog‘at belgisi emas.
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter