Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘izistonda xususiy avtomaktablar yopiladi

Qirg‘izistonda xususiy avtomaktablar yopiladi

Qirg‘iziston hukumati mamlakatdagi barcha xususiy avtomaktablarni yopib, faqat davlat ta’lim muassasalarida haydovchilikka o‘rgatishni qoldirishga qaror qildi. Bu haqda prezident ma’muriyati rahbari Kanibek Tumanbayev ma’lum qildi, deb xabar beradi «AKIpress».

Hozircha bu yangilik qachon kuchga kirishi noma’lum.

Tumanbayevning aytishicha, avtomaktablarda o‘qish muddati ham o‘zgaradi – u 14 oyni tashkil etadi. Bu vaqt davomida o‘quvchilar turli fasllarda amaliy mashg‘ulot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, 2026-yildan boshlab maktab o‘quvchilariga ham haydovchilik darslari o‘tilishi mumkin. Bu 16 yoshga to‘lgan 11-sinf o‘quvchilariga taalluqli bo‘ladi.

Rasmiyning ta’kidlashicha, ayni paytda ayrim fuqarolar xususiy avtomaktablardagi darslarga umuman qatnashmayapti. Shu sababli davlat haydovchilarni tayyorlashni o‘z nazoratiga olish, ya’ni guvohnomalarni faqat qonunga muvofiq va to‘liq o‘quv dasturini tamomlaganlargina olishini ta’minlashga qaror qilgan.

Hozirgi vaqtda Qirg‘izistonda ham davlat, ham xususiy avtomaktablar faoliyat yuritadi.

Shu bilan birga, 20-oktyabrdan boshlab hukumat haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha ta’lim faoliyatini litsenziyalashni vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Manba: kg.akipress.org

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring