Sarg‘aygan suratda qolgan orzular va singan taqdirlar
2013-yil. Buxoro shahridagi kasb-hunar kollejlaridan birida tahsil olayotgan talabalar O.R. boshchiligida uyushgan guruh tuzib, ko‘chadagi odamlarni aldash, telefon va qimmatbaho buyumlarini tortib olish hamda zo‘ravonlik orqali talon-taroj qilish bilan shug‘ullanishgan. Ular o‘g‘irlangan buyumlarni o‘zgartirib sotish orqali tez boyishga harakat qilishgan. Bu jarayonda nazoratsizlik hamda atrof-muhitning befarqligi ularning jinoyatlarini yanada kuchaytirgan.
Oxir-oqibat, guruhning qilmishlari fosh etilgan. “Universiada-2013” munosabati bilan ta’mirlanayotgan talabalar yotoqxonasida ish olib borayotgan usta yigitlar ishdan so‘ng o‘z xonalariga qaytishayotganda, ariq ichida yotgan hamyonda telefon simkartalari va fotosuratlar borligiga amin bo‘lishib, bu haqda ichki ishlarga murojaat qilishgan. Topilgan ashyoviy dalillar orqali talabalarning jinoyati isbotlanadi. Sud hukmiga ko‘ra, O.R. va I.A. 4 yil 6 oyga, N.T. 4 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. D.T. esa voyaga yetmagani uchun axloq tuzatish jazosiga hukm qilinadi.
Sud arxivi hujjatlaridagi sarg‘aygan suratga uzoq tikilib qoldik. To‘rt nafar talaba. Ular suratlarga zavq bilan kulgan holda tushishgan. To‘rtovlonning hech biri bu surat olingan kuni bir necha oydan keyin talabalar auditoriyasi emas, temir panjara ortiga kirishini bilmasdi. Bu suratdagi yigitlar o‘shanda hali jinoyatchi emasdi. Ular hali muhandis, tadbirkor, o‘qituvchi, yaxshi ota bo‘lish imkoniga ega talabalar edi. Afsuski, bir necha daqiqalik boylik vasvasasi ularning qo‘lidan pulni emas, yoshlikni o‘g‘irlab ketdi...
***
Oradan 13 yil o‘tgan. Ularning qamoq jazosi tugaganiga ham ancha yillar bo‘lgan. Shunga qaramasdan, ular haligacha hukm qog‘ozida hech qachon yozilmaydigan bir jazo - yo‘qotilgan yoshlik jazosini o‘tab kelishmoqda edi.
Bizni ularning har birining keyingi taqdiri qiziqtirdi.
«Onamning ko‘z yoshi meni qamoqdan ham qattiqroq jazoladi...»
Hovli eshigi oldida bir odam temir darvozani payvandlayotgandi. Sochiga erta oq tushgan. Qo‘llari temirdan qoraygan. Bizni ko‘rib, ishini to‘xtatdi.
- O‘tmishni so‘ramang, opa..,-deya o‘z ishida davom etdi va birozdan keyin yana o‘zi gap boshladi,- Yo‘q... Yozing. Balki, meni o‘qigan birorta bola men bosgan yo‘lga kirmas...
Sud hujjatlariga ko‘ra, jinoyat sodir etilganda, O.R. sobiq «to‘daboshi» bo‘lgan. Hozir payvandchi. Ko‘zlarida charchoq.
- Onamning ko‘z yoshi meni qamoqdan ham qattiqroq jazoladi...- deydi ishiga sho‘ng‘igan ko‘yi. - Bugun odamlarning ko‘ziga tik qarashga ham iymanaman. - O‘sha paytda o‘zimizni juda «zo‘r», deb o‘ylardik, - deb hikoya boshladi u.- Bir telefon... Bir kostyum... Bir necha yuz ming so‘m... shu narsalar uchun odamlarni yerga yiqitib, tepardik. Birovning yig‘isi bizga qiziq emasdi. Qo‘limizga tushgan pulni omad, deb bilardik. Eng qo‘rqinchlisi nima, bilasizmi? O‘sha paytda o‘zimizni jinoyatchi, deb ham hisoblamas ekanmiz. «Hamma qilib yuribdi-ku», - deb yurardik. Hatto, sud hukmi chiqqanida ham bu jazoning asl og‘irligi nimada ekanini tushunmaganmiz. Jazo muddati to‘rt yarim yil, degan gapni eshitdim-u, «o‘tib ketar ekan», deb o‘yladim. Birinchi kechasiyoq, qamoqxona eshigi yopilgandagina hayotim ham yopilganini angladim. U yerda kun emas, insonning ichi eskirarkan.
Suhbatdosh, o‘sha yillarni eslar ekan, bir nuqtada ovozi butunlay bo‘g‘ildi.
- Kursdoshlarim diplom oldi... Kimdir muhandis bo‘ldi, kimdir oila qurdi. Kimdir farzandli bo‘ldi. Men-chi? Men esa temir eshiklar sanog‘ini yodlardim... Eng og‘iri, onamning yig‘laganini ko‘rish bo‘lgan. Onam har safar kelardi. «Bolam, chida!»-derdi. Lekin, qaytib ketayotganda, orqasiga o‘girilib yig‘lardi. Men esa hech narsa qilolmasdim. Yo‘lim kishanlangan edi.
Qamoqdan chiqqandan keyin hayot hech kimni quchoq ochib kutib olmas ekan. Hamma narsani boshidan boshlashga to‘g‘ri kelarkan. Ish so‘rab kirsam, hujjatimni ko‘rishadi. «Sudlanganmisiz?» - deyishadi. «Ha», deyman. Shundan keyin ko‘p joyda suhbat tugaydi. Bir paytlar bir kunda «topgan» pullarimni bugun oylab ham topolmayman.
O.R.dan uning «kameradosh»lari hozir qayerda ekanini so‘raymiz. U I.A.ning shu yaqin manzildagi qishloqlardan birida onasi bilan umrguzaronlik qilayotganini aytdi.
Yolg‘iz qolgan erkak
- Men haligacha uylanmaganman,-deydi I.A. o‘ychan,- 2018 yil boshlarida «jazo»imni o‘tab qaytdim. Ammo, onamning bormagan eshiklari qolmagandi o‘shanda. Qiz tomon avval yaxshi gaplashadi. Keyin o‘tmishimni eshitadi. Shundan keyin jimlik... Bir emas, ikki emas, juda ko‘p marta shu holat takrorlandi. Beva, farzandi bor ayollarning ham eshigini qoqdi onam... Ammo, yo‘q, rozi bo‘lishmadi.... Qamoq jazosi muddati tugarkan, lekin, uning muhri odamning peshonasidan oson ketmas ekan... Bozorda aravakashlik qilaman.
Suhbatdosh yoshlarga birovning bir soatlik boyligi uchun o‘z umrini qurbon qilmasligini, bir necha daqiqa davom etgan jinoyatlar uchun butun bir yoshlikni berish oxiri og‘ir oqibat ekanini yetkazishimizni so‘raydi.
- Talabalik davrim temir panjara ortida o‘tdi. Akam va opamlar bor. Ammo, uy-xo‘jalik ishlarida hozir ham bilib-bilmay, nimadir xatolikka yo‘l qo‘yib qolsam, haligacha dakki yeyman. Qamoqdayoq, o‘g‘rilikni tashlab chiqqanman. Afsuski, nimadir yo‘qolib qolgudek bo‘lsa, o‘zimga aytishmaydi-yu, menga shubha bilan qarab qo‘yishadi. Bu odamga judayam og‘ir tegadi. «Senlar mendan ko‘ryapsanlar», deb baqir-chaqir qilaman, urushaman... va o‘z xonamga kirib, erkak bo‘la turib ham «ho‘ng-ho‘ng» yig‘layman. O‘sha yo‘qolgan narsalari qayerdandir chiqib qolsa, keyinchalik ham kelib kechirim so‘rashmaydi. Onam akam va opamlarga tanbeh bersa: «Ha, to‘g‘ri, biz xato qildik. Ammo, o‘g‘rilikka oti chiqqan-ku, odam o‘ylaydi-da..»- deb gapni boshqa yoqqa burishadi. Men uchun onamdan boshqa yaqinim qolmagan... uyam ancha keksayib qolgan... Do‘stlarimning farzandlari maktabga chiqyapti. Men esa hali ham hayotimni qayta qurishga urinyapman. Eng og‘iri esa... Har kuni oynaga qaraganimda, menga qarab turgan odamni o‘zim kechira olmayman, -ichki bir og‘riq bilan so‘zlaydi suhbatdosh.
To‘rt yillik sukut...
Qamoqdan ozod etilganiga ko‘p yillar bo‘lsa-da, u odamning ko‘zlarida qafasning sovuq temiri qolib ketganday bo‘larkan. Gapirganda ovozi past, jumlalari orasida uzoq sukutlar bor. N.T.ning hikoyasi jinoyat, jazo va pushaymonlik haqidagina emas, ota-o‘g‘il munosabatlarining sukutda singan va kechikib ochilgan og‘riqli sahifasi haqida bo‘ldi. U 4 yil qamoqda o‘tirgan. Jazoni o‘tagan.
- Ammo, eng og‘ir jazo men uchun 4 yil umrimni temir temir panjaralar ortida o‘tkazganim emas, uyga qaytgan kunimda ma’lum bo‘lgan mash’um xabar bo‘ldi. Men qamoqda «Otam mendan yuz o‘girgan, xafa bo‘lgan, shuning uchun loaqal, bir marta bo‘lsa ham kelmagan»,- deb o‘ylab yurgan ekanman. Bu fikr sovuq xonalar ichida mening ich-ichimni kuydirib yuborardi,-deydi.
O‘zining aytishicha, N.T. kechalar uxlolmagan, otasi ko‘z oldidan hech ketmagan. Onasi va yaqinlari uni ko‘rishga kelishganda, otasi haqida so‘rashganda, ular bir og‘iz bu haqda gapirishmagan.
- «Ha, otam mendan xafa»,-deb ichikib qo‘ya qolardim. Mening uchun har bir xat, har bir qisqa xabar ham katta umid edi. Lekin, otamdan hech narsa kelmaganch, «Otam mendan yuz o‘girgan»,-degan xulosaga keldim va shu xulosa bilan 4 yil qamoqda vijdon azobida yonib o‘tdim. Afsus, afsus, undan bir og‘izgina uzr so‘rashga ham kech qolganimni qamoqdan qaytgan kunim tushunib yetdim. Otam menga jazo tayinlangandan keyin bor-yo‘g‘i, yigirma kuncha bu dardni yuragi ko‘tara olgan ekan, xolos. U vafot etgan ekan.
Suhbatdoshning aytishicha, to‘rt yil davomida onasi undan bu og‘ir haqiqatni yashirib kelgan. Otasi vafoti haqidagi xabar o‘g‘ilga yetkazilmagan.
- «Onam keyinroq, seni yanayam sindirishni xohlamadim, bolam. Qamoqdagi odam uchun otaning o‘limi haqidagi xabar ikki karra og‘ir yuk bo‘lardi», - dedi. Kela solib, ko‘zlarim birinchi bo‘lib, otamni izladi. Savollarim javobsiz jimlik ortida qoldi. Onam esa faqatgina bir og‘izgina: «Otang sendan xafa emas edi. Faqat yuragi bu og‘riqni ko‘tara olmadi... »- deya oldi, xolos. Shu gap mening to‘rt yillik ohir tasavvurimni yiqitdi, yer bilan bitta qildi.
N.T. bir muddat jim qoldi. U kechirilib bo‘lgan, deb o‘ylagan gunohlari uchun endi kechirim so‘raydigan insonning o‘zi yo‘q edi.
- Men otamning xafaligini emas, uning sukutini keyin tushundim,-dedi N.T.
«Diplom o‘rniga jinoyat ishim qoldi... »
To‘rtinchi suhbatdosh D.T. – unga voyaga yetmagani uchun axloq tuzatish jazosi berilgan.
- Eng yoshi va eng orzusi bori o‘zim edim. To‘g‘ri, men qamalmadim. Ammo, «o‘g‘ri», degan muhr – voyaga yetmaganlikdagi xatoning umrbod soyasi bo‘lib qoldi. Axloq tuzatish jazosiga tortilgan o‘sha kunimdan boshlab, hayotimda yangi bir tartib paydo bo‘ldi: har kungi IIB nazorati, hisobot, tekshiruv va eng og‘iri, odamlarning nigohidagi ishonchsizlik. O‘sha paytda hali maktab o‘qishi yoshida bo‘lsam ham bu voqealar sabab ta’lim yo‘lidan uzildim. Tengdoshlarim avval kasb-hunar kollejlarini, keyin esa oliygohlarni bitirishdi. Diplomli bo‘lishdi. Tengdoshlarim maktabni bitirib, diplom olgan, kelajak rejalarini tuzgan bir vaqtda, men hayotning boshqa tomonida qolib ketdim. O‘sha muhitdan chiqib ketish men uchun juda qiyin bo‘lgan. Ota-onam ham xavotir bilan meni hech yoqqa chiqarmasdi. Har kuni o‘zimni qaytadan boshlashga urinib ko‘rardim, lekin, atrofimdagilar meni yana o‘sha «o‘g‘ri» holimda ko‘raverardi. Bu qanchalik azob edi men uchun. Har bir harakat, har bir qadamimni kimdir kuzatayotgandek, gap-so‘zlar meni ta’qib qilayotgandek, tengdoshlarim ustimdan mazax qilayotgandek tuyulaverardi. Ana shu ichki bosim meni bir umrga yemirdi. Hamma meni o‘tmishim bilan o‘lchaydi. Hatto, o‘zimni o‘zim kechirgan paytlarimda odamlar meni kechirmaganday bo‘ladi,-deydi D.T.
D.T.ning ayni paytda uch nafar farzandi bor. U ota sifatida farzandlariga boshqacha hayot berishni xohlaydi.
- Jinoyat shu qadar og‘ir jazo ekanki, uzoq yillar o‘tsa ham dog‘ini yo‘qotmas ekan. Hatto, tengdoshlari bilan sal tortishib qolgan bolalarimga: «Sening otang o‘g‘ri bo‘lgan, zo‘ravon bo‘lgan!»-degan signallar keladi. O‘zimga esa diplomi yo‘q, rasmiy tajribasi yo‘q, deya ish beruvchilar ham avvalgi sud yoki nazorat tarixi haqidagi ma’lumotlarga tayanib, rad javob berib kelishdi. Kim bilan gaplashsam ham gapning oxiri borib, baribir, o‘sha o‘tmishga borib taqaladi. Men har doim to‘g‘ri yashashga, o‘tmishni unutishga harakat qilib kelaman, ammo, istaymanmi-yo‘qmi, odamlar meni o‘tmishni eslatishga majbur qiladi. Sud hukmidan ko‘ra, hayot hukmi og‘ir jazo ekan...
Ha, yuqoridagi suhbatdoshlarning aybi sud hukmida bitilgan edi. Biroq, hayot hali o‘z hukmini chiqarmagandi... Yana hujjatlarda muhrlangan o‘sha suratga ko‘z qadaymiz. Sarg‘aygan izlar: navqiron yigitlar hamon zavq bilan kulib turishibdi. Hammasining ko‘zida orzu. Hech biri o‘sha suratga tushayotib, bir necha oydan keyin panjara ortiga tushishini bilmagan... Oradan o‘n uch yil o‘tdi. Sud hukmi ijro etildi. Ammo, hayot hukmi hali ham davom etmoqda...
Agar o‘sha kunlarga qaytish imkoni bo‘lganida...?
O.R.: Onamning ko‘z yoshini ko‘rmaslik uchun qaytardim.
I.A.: Qo‘limni telefonga emas, kitobga cho‘zardim.
N.R.: Otamni so‘nggi marta bag‘rimga bosardim.
D.T.: Bir daqiqa to‘xtardim. Balki, o‘shanda butun umrim o‘zgarmasdi.
- Siz uchun Bahor?
O.R.: U – orzulari bor talaba. Hayot endi boshlanayotgan palla.
- Siz uchun Yoz?
I.A.: Qamoq. Issiq kameralar, panjara, onaning yo‘l kutishi.
- Siz uchun Kuz?
N.R.: Ozodlik. Ammo, hayotda hamma eshiklar yopiq. Ish yo‘q, ishonch yo‘q, kelajak xira.
- Siz uchun Qish?
D.T.: Pushaymonlik. Hammasi tugamagan bo‘lsa-da, o‘tgan yillaringni qaytarib bera olmas yo‘qotilgan yoshlik.
Suhbatdosh: Laylo Hayitova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter