Tandir – xalqning o‘ziga xos madaniy-moddiy boyligi
Qishloqdan keladigan qarindoshlarim, albatta, uyda tandirda pishirilgan non ko‘tarib kelishadi. Har gal ona qishlog‘im Turbat nonini iste’mol qilar ekanman, yoshligim, bolalik xotiralarim yodga tushadi.
Boshqa qishloqlarni bilmadim-u, bizning qishloqda oshxona «o‘chavoshi» (o‘chovoshi) deyilardi. Katta bo‘lganimda «o‘chavoshi» nima ekanini bilib oldim — «o‘choq boshi» degani ekan. Hozir qishlog‘imizda «o‘chavoshi» so‘zi iste’moldan chiqib ketgan — hamma zamonaviylashib ketgan va «oshxona» deyishga o‘tib ketdi. Mana shu «o‘chavoshi»da tandir, kichik va katta qozonlar bo‘lardi. Kichik qozonda o‘zimiz uchun, katta qozonda mehmonlar kelganda taom tayyorlanardi. Tandir uchun maxsus supacha qilinardi. Supacha ham o‘ziga xos bo‘lardi — tandir tagida o‘tin yoki tezak turishi uchun maxsus joy qilinardi. Yer tandir ham bo‘lardi, ammo yer tandir kamdan-kam odamlarning uyiga qurilardi.
O‘zbek xalqi madaniyatida tandir o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. U loydan yasaladi. Qishlog‘imizda, xuddi kigizni ayollar tayyorlaganidek, tandirni ham ayollar hashar yo‘li bilan yasashardi. Bolaligimni eslayman. Avvaliga chuqur (o‘ra) qazilardi. Mana shu chuqurni kavlamoqchi bo‘lgan insondan yuksak aql-zakovat talab qilinardi. Chunki tandir tom ma’noda san’at asari bo‘lishi kerak edi. Tandir tayyorlash va uni o‘rnatish oson ish bo‘lmagan. Tandir uchun loy oddiy tuproqdan emas, balki qishlog‘imiz ayollarining tili bilan aytganda, «sog‘ tuproq»dan tayyorlanardi. Bunday «sog‘ tuproq» tepalikning jar qismining eng tagidan olib kelinardi.
Avvaliga qo‘y yoki echki juni solingan loy oyoqda tepilib, obdan «pishitilardi». Bu jarayon tandirning mustahkam bo‘lishiga xizmat qilar ekan. So‘ng mana shu «pishitilgan» loy qazilgan chuqurga terib chiqilardi. Quriguncha bir-ikki kun turardi. Keyin esa ko‘tarib olinardi. Qarabsizki — taptayyor tandir. An’anaga ko‘ra, tandirdan chiqqan birinchi non bolalarga va tandirni tayyorlashda ishtirok etgan mehmonlarga berilgan. Chunki shunday qilinsa, uyga baraka kirar ekan. Hozir qishlog‘imizda tandir tayyorlanmaydi, balki tayyori sotib olinadi. Ma’lumki, hozirda tandir erkaklar tomonidan, mutlaqo boshqacha usulda tayyorlanadi.
Keyinchalik tandir tarixi bilan qiziqib ko‘rdim. Tandir haqida ko‘proq ozarbayjon tarixchilari yozishibdi. Ularning asarlariga qaraganda, tandir tarixi neolit davrida — odamlar o‘troq holda yashay boshlaganlaridan keyin boshlangan ekan. «Tandir» so‘zi qadimgi turk tili (shumerlar)ga borib taqaladi. Biroq tandir ko‘chmanchilarning emas, balki o‘troq xalqning qadriyati ekani tan olinadi. Qadimdan o‘troq xalq sifatida tanilgan o‘zbeklar non yopishda ming asrlardan beri tandirdan foydalanib kelishadi. Bugungi kunda ham tandir xalqimiz madaniyatining bir qismi sifatida e’zozlanadi. Kimdir tandir ham madaniyatimizning bir bo‘lagi deyotganimizga e’tiroz bildirishi mumkin. Tandir nafaqat tariximiz, balki madaniyatimizdir.
Tandirda non yopish qadimiy an’ana, urf-odat. Non yopish san’ati esa xalqimiz tarixi boshlangan davrlarga borib taqaladi. Bu san’at asrlardan asrlarga, ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib kelmoqda. O‘zbeklar nonni muqaddas deb bilishadi, ko‘zga surtishadi. Nonni bizchalik e’zozlagan xalq dunyoda kamdan-kam topilsa kerak.
Tarixdan ma’lumki, urushga ketayotgan o‘g‘liga onalar non tishlatgan. Mehmonga borayotgan ayollar tog‘oralariga, albatta, non solib borishgan. Sovchilar non sindirishganidan keyin qiz va yigit unashtirilgan. Bizning qishloqda yana bir an’ana bor edi. Ramazon oylarida iftorlik qilinar, kelgan har bir mehmonga hamroh bo‘ladi, deya ikkitadan non berib yuborishar edi.
Yaqinda o‘qib qoldim — qadimda Ozarbayjonda biror bir tabiiy ofat yuz bergudek bo‘lsa, masalan, quyosh tutilsa yoki zilzila yuz bergudek bo‘lsa, odamlar tandir oldiga chopib borishar ekan. Go‘yoki: «Tabiiy ofat tandirga zarar yetkazmaydi, uning oldida turganlarga hech narsa qilmaydi», degan tasavvur bor ekan. Ozarbayjonda tandirlar uy ichiga qurilgani bois, nafaqat non yopishda, balki uyni isitishda ham foydalanilgan.
Hozirda tandirda nondan tashqari somsa ham yopiladi. (Qarang, «yopiladi» so‘zi «berkitiladi» degan ma’nodan tashqari, «pishiriladi» degan ma’noni ham anglatar ekan.) Tandirda yopilgan non va somsaning ishtahani qitiqlovchi o‘ziga xos ta’mi bo‘ladi. Yoshligimizda biz, bolalar uchun, kulcha ham yopishardi. Biz yonimizdan oqib o‘tadigan ariq suviga (u paytlarda suvlar ham toza va tiniq bo‘lardi) endigina tandirdan chiqqan nonni oqizib, iste’mol qilardik. Esimda: endigina yurib ketgan bolakayning oyog‘i ip bilan bog‘lanib, so‘ng qaychi bilan qirqilar, atay u uchun yopilgan kulchalar atrofidagi bolakaylarga tarqatilar edi.
Bizning qishloqda tandirga asosan tezak, kamdan-kam hollarda o‘tin ishlatilgan. Hozirgi kunda tandir «gazlashtirilmoqda». Ammo shu bilan birga, novvoyxonalar ko‘payib borayotgani tufayli xonadonlarda non yopish kamayib bormoqda. Texnologiyalarning rivojlanib borishi tandirlarga ehtiyojning kamayishiga sabab bo‘lmoqda, degan xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Yurtimizda har bir viloyatning, hatto tuman yoki qishloqning o‘ziga xos non yopish san’ati bor. Bu nonlar ko‘rinishi, hajmi, hidi va ta’mi, shuningdek, tayyorlanishiga qarab farqlanadi. Xorazm noni Samarqandnikidan, Surxondaryo noni vodiynikidan ajralib turadi. Qashqadaryo nonini Buxoronikidan osonlik bilan ajratib olish mumkin. Toshkentning patiri-yu, obi nonlarini aytmaysizmi? Hammasi o‘ziga xos, bir-biridan a’lo. Mana shuning o‘ziyoq tariximiz, madaniyatimiz yuksakligini ko‘rsatib turibdi.
O‘zbek oshxonasining paydo bo‘lishi va rivojida tandirning o‘rni beqiyosdir. Bu esa yurtimiz o‘zining tarixi, madaniy namunalari va dasturxoni bilan juda ham boy va o‘ziga xosligidan dalolat beradi.
Qo‘shimcha: O‘zbek xalqining milliy qadriyati bo‘lmish tandir haqida xotiralarimiz asosida o‘z bilganimizcha yozishga urindik. Balki kimdir yanada mukammalroq yozar. Chunki qadriyatlarimizni eslatib turuvchi ko‘plab so‘zlar asta-sekin iste’moldan chiqib bormoqda. Masalan, o‘t o‘ruvchi qurol bo‘lmish o‘roqni bilamiz, ammo «chalg‘i»ni bilamizmi? Ertaga «chalg‘i»ni musiqa asbobini anglatuvchi «cholg‘u» bilan almashtirib yurmaymizmi? (Yaqinda xususiy televideniyelardan birida «tancha»ni «tapchan» bilan adashtirib yuborishgani kabi.) Sutdan yog‘ oluvchi «kuv»ni kim eslaydi? Bir vaqtlar o‘zbek oshxonasida ishlatilgan «supra», «elak», «g‘alvir»ni yoshlarimiz biladimi? Momolarimiz talqon qilgan «havoncha», bobolarimiz bug‘doy yanchigan «o‘g‘ir» borasida nimalar bilamiz?
Shu kabi savollarga javob topishimiz kerak. O‘zbek tilida yuz mingdan ortiq so‘z bor. Ammo internetda bor-yo‘g‘i besh mingga yaqin so‘zi ishlatilayotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Jurnalistlar, adiblar til sandiqlarini ochib, ko‘p so‘zlarimizni eslatib turishlari lozim.
Sharofiddin To‘laganov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter