Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda 350 yillik oq tut daraxti tabiat yodgorligi deb e’lon qilindi

Toshkentda 350 yillik oq tut daraxti tabiat yodgorligi deb e’lon qilindi

Foto: Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi

Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi «Moviy gumbazlar» xiyobonida joylashgan 350 yillik oq tut daraxti (Morus alba) davlat tabiat yodgorligi deb e’lon qilindi.

Tegishli qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan qabul qilingan.

Qaror ijrosi doirasida daraxtning bugungi holati, uni asrash va muhofaza qilish uchun yaratilgan sharoitlar hamda atrof hududning obodonlashtirish holati o‘rganildi.

Mutaxassislar bilan daraxtni uzoq yillar davomida saqlab qolish, uning tabiiy holatiga zarar yetkazmagan holda zarur parvarish ishlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, daraxt atrofini belgilangan talablar asosida o‘rash, hududni obodonlashtirish, tashqi ta’sirlardan himoya qilish uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda uning alohida muhofaza qilinadigan tabiiy obyekt ekanini ko‘rsatuvchi axborot belgilarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

Mutasaddilar daraxt atrofidagi yashil hududni asrab-avaylash va aholining tabiat yodgorligiga ehtiyotkorona munosabatini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.

350 yillik oq tut daraxtini muhofaza qilish va atrofini obodonlashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosi deputatlik va jamoatchilik nazorati doirasida kuzatib boriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring