Xafa bo‘lganlar... bu – dahshat!
Xafa bo‘lish, ranjish yaxshi emas. To‘g‘ri, kimdir sizga qo‘pol-qo‘rs gapirishi, haqorat qilishi mumkin. Hamma gap esa ko‘ngilga olmaslikda!
Ba’zilar yaqinlari, jigarlari bilan maslahatlashmasdan, yakka o‘zlari qaror qabul qilishadi-yu, oqibatda tushunmovchiliklar yuz bersa, darrov xafa bo‘lishadi. Ya’ni yaqinlar bilan bemaslahat ish boshlab qo‘yib, «falon qarindoshim bor-ku, yordam beradi» deb ishonishadi. Vaholanki kimgadir ishonish va suyanish uchun, avvalo, uning fikrini bilish muhim emasmi?!
«Siz menga qanday yordam bera olasiz?» deyish o‘rniga, «qarindosh-ku, yordam berishi shart, shunga majbur», deb xato o‘ylaydi. Bu mehr-oqibatga taalluqli yondashuv emas. Oqibatli bo‘lishni istasangiz, avvalo, qarindosh-urug‘laringiz bilan maslahatlashing, o‘zboshimchalik qilmang. «O‘zim yaxshi bilaman» degan so‘z ma’naviyatning pastligidan dalolatdir.
Qarindoshlar orasidagi ikki toifa: zamonaviy, aqlli va ma’naviyati nisbatan pastroq insonlar o‘rtasida ham ziddiyatlar kelib chiqishi mumkin. Qachonki, o‘zaro munosabatlarda mehr-muhabbat ustun bo‘lsa, ana shunda xafagarchilik bo‘lmaydi. Zero, yaxshi ko‘rgan insoningiz har qanday xato, ayb qilsin, uni tezda kechirib yuborasiz. Yuragida muhabbati bor odam ranjishni bilmaydi va hamisha kechirimli bo‘ladi. Xafa bo‘lish, bu – o‘zini zaharlash, degani. «Behuda yig‘laganing – yuragingni dog‘laganing» deb bejiz aytilmaydi o‘zbek xalq maqolida.
Bilasizmi, yillar davomida ichga yutilgan xafagarchilik bora-bora onkologik kasallikka aylanadi.
Inson boshqalarni xafa qilmaslik uchun, avvalo, o‘zi ichki uyg‘un holatga erishmog‘i kerak. Ya’ni birovlarning ortiqcha gaplari, xafa qiladigan so‘zlariga e’tibor bermasdan, faqat maqsadi sari olg‘a yurishi lozim.
Maqsadi aniq bo‘lgan odam birovni ranjitmaslikka harakat qiladi. Ichida alam, g‘azab, gina kabi salbiy hissiyoti bor insonlardangina dilozorlik chiqadi.
Baxtiniso Azimboyeva,
shifokor-ruhshunos


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter