Xorijdan giyohvand moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh aniqlandi
Narkosavdogarlarga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Qo‘shni davlatdan giyohvandlik vositalarini kontrabanda qilish va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, 2025-yilning avgust oyida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari hamda Ichki ishlar va Bojxona idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida harakatlanayotgan «Matiz» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi.
Natijada, unda 1984-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsga tegishli 1 kg 976 gr «gashish» moddasi va elektron tarozi borligi aniqlandi.
Shuningdek, u jinoiy guruh yetakchisi ekani ma’lum bo‘lib, uning yashash manzilidan 2 kg 236 gr «gashish» moddasi topildi.
Tezkor tadbirlar davomida guruhning 1975, 1976, 1993-yillarda tug‘ilgan 3 nafar a’zosi ham ushlanib, ulardan jami 391 gr «gashish» va 542 gr marixuana giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Jinoiy guruhning qolgan 1981, 1984, 1989 yillarda tug‘ilgan 3 nafar a’zosi esa guruh yetakchisining topshirig‘i asosida Qirg‘iz Respublikasidagi narkosavdogarlardan «tovar» ni olish, chegaradan o‘tkazish va manzilga yetkazib berish vazifalarni bajarishgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, jinoiy guruh faoliyati davomida jami 10 kg.ga yaqin «gashish» moddasini noqonuniy aylanmaga kiritgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudi hukmiga ko‘ra, narkosavdogarlar Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan aybli deb topilib, 8 yildan 11 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter