YHXX raddiyasida «yo‘qolgan» jumla: elektron haydovchilik guvohnomasi bo‘yicha kim haq?
Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlarni mobil ilova orqali raqamli shaklda ko‘rsatishi mumkinligi haqida xabar tarqaldi. Oradan ko‘p o‘tmay, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bunga raddiya bilan munosabat bildirdi.
Biroq raddiyada keltirilgan normativ hujjat matni bilan Lex.uz’dagi amaldagi tahrir o‘rtasida muhim farq bor. Gap Vazirlar Mahkamasining 897-son qaroridagi kichik – «ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan» degan ibora haqida ketmoqda.
Aynan shu ibora bahsning butun mazmunini o‘zgartirishi mumkin.
Bahs qayerdan boshlandi?
Bir necha kun avval «O‘zkomnazorat» inspeksiyasi matbuot kotibi Ruxsora Masharipova raqamli hujjatlar, jumladan, haydovchilik guvohnomasi mobil ilova orqali taqdim etilishi va uning qog‘oz nusxasi talab qilinmasligi haqida chiqish qildi. Shundan so‘ng YHXX rasmiy kanalida raddiya berib, haydovchilar tegishli hujjatlarning asl nusxasini YPX xodimiga taqdim etishi shartligini bildirdi. Pozitsiyasini asoslash uchun esa Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 897-son qarorini keltirgan.
Ammo masalaning eng qiziq joyi ham shu yerda boshlanadi.
897-son qarorda nima deyilgan?
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 897-son qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan boshlab «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi doirasida ayrim hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etilishi belgilangan.
Qarorga muvofiq, mazkur raqamli servislardan mobil ilovada foydalanish imkoniyati yaratiladi va ular O‘zbekiston hududida majburiy tartibda qabul qilinadi.
Shuningdek, qarorda raqamli servislarda mavjud hujjatlarning qog‘oz nusxalari qator joylar va holatlarda talab etilmasligi belgilangan.
Amaldagi tahrirda mazkur qoida quyidagicha bayon qilingan:
«...raqamli servislarning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro‘yxatdan o‘tkazishda va O‘zbekiston Respublikasi hududidan o‘tuvchi poyezdlarga chiqishda, davlat, korporativ va boshqa yuklatilgan vazifalarini bajarish va xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan, elektron xizmat ko‘rsatishda hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlarida, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan va boshqa tashkilotlarda talab etilmaydi».
Aynan «ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan» degan ibora mazkur bahsning markazida turibdi.
Jumlaning grammatik tuzilishiga ko‘ra, bu ibora raqamli servisda mavjud hujjatning qog‘oz nusxasi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ham talab etilmasligini anglatadi.
Qolaversa, qarorda fuqarolar zarur hujjatni o‘z xohishiga ko‘ra qog‘oz shaklida yoki mobil ilova orqali raqamli shaklda taqdim etish huquqiga ega ekani ham belgilangan.
897-son qarorning 2-ilovasida raqamli servis joriy etiladigan hujjatlar ro‘yxati keltirilgan. Ular orasida haydovchilik guvohnomasi, transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, majburiy sug‘urta polisi va transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma ham bor.
Demak, gap umumiy raqamli hujjatlar haqida emas. Qaror yo‘lda tekshiruv jarayonida talab qilinishi mumkin bo‘lgan bir qator hujjatlarni ham qamrab oladi.
YHXX raddiyasida nima tushirib qoldirilgan?
YHXX e’lon qilgan raddiyada ham 897-son qarorning aynan shu normasiga murojaat qilingan.
Biroq Xizmat tayyorlagan lavhada qaror matnidan «ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan» degan ibora tushirib qoldirilgan.
Bu oddiy texnik qisqartirish emas. Chunki mazkur so‘zlar matnda bo‘lsa, qog‘oz nusxani talab qilmaslik qoidasi ichki ishlar organlari xodimlariga ham taalluqli ekani haqida asosli savol tug‘iladi. Ushbu ibora olib tashlansa esa, norma asosan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga qaratilgandek ko‘rinadi.
Shu bois asosiy masala YHXX qarorni qanday talqin qilganidagina emas, balki nima uchun rasmiy lavhada amaldagi matnning muhim qismi aks etmaganida hamdir.
Bu Lex.uz’da qolib ketgan eski matn emasmi?
Dastlab shunday ehtimol ham bor edi. Biroq hujjatning avvalgi va amaldagi tahrirlari solishtirilganda, bu taxmin tasdiqlanmaydi.
2026-yil 21-mayda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 271-son qarori bilan 897-son qarorning 3-bandi «v» kichik bandi uchinchi xatboshisi to‘liq yangi tahrirda bayon qilingan. 
Aynan shu yangi tahrirda «ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan» degan ibora paydo bo‘lgan.
Bungacha amal qilgan tahrirda xatboshi oxiri «...davlat organlari va boshqa tashkilotlarda talab etilmaydi» degan mazmunda bo‘lgan.
271-son qaror bilan kiritilgan yangi tahrirda esa bu qism «...davlat organlarida, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan va boshqa tashkilotlarda talab etilmaydi» deb o‘zgartirilgan.
Shunday ekan, Lex.uz’da hozir turgan matn eski tahrirdan qolib ketgan jumla emas. Aksincha, bahsli ibora 2026-yil 21-maydagi o‘zgartirish bilan amaldagi matnga kiritilgan.
YHXX eski tahrirdan foydalanganmi?
E’tiborli jihati shundaki, YHXX lavhasida keltirilgan matnda aynan yangi tahrir bilan qo‘shilgan «ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan» degan ibora yo‘q.
Bu holat ikki ehtimolni o‘rtaga chiqaradi.
YHXX raddiya tayyorlashda qarorning 2026-yil 21-maygacha amal qilgan eski tahriridan foydalangan bo‘lishi mumkin. Yoki amaldagi tahrirdan foydalanilgan, biroq bahs uchun muhim bo‘lgan ibora lavhada tushirib qoldirilgan.
Har ikki holatda ham Xizmatdan izoh talab qiladigan savol bor: raddiyada nega qarorning amaldagi matni to‘liq keltirilmagan?
Bu elektron hujjatni YPX xodimiga ko‘rsatish mumkin deganimi?
897-son qarorning amaldagi matni shunday talqin uchun jiddiy asos beradi.
Birinchidan, raqamli servislar O‘zbekiston hududida majburiy tartibda qabul qilinishi belgilangan.
Ikkinchidan, fuqaroga hujjatni o‘z xohishiga ko‘ra qog‘oz yoki raqamli shaklda taqdim etish huquqi berilgan.
Uchinchidan, raqamli servislarning qog‘oz nusxalari «ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan» talab etilmasligi ko‘rsatilgan.
To‘rtinchidan esa raqamlashtiriladigan hujjatlar ro‘yxatiga haydovchilik guvohnomasi va transport vositasiga oid boshqa hujjatlar ham kiritilgan.
Biroq masalaga yakuniy huquqiy baho berish uchun yo‘l harakati sohasidagi boshqa maxsus normalar ham hisobga olinishi lozim.
Agar YHXX haydovchi YPX xodimiga hujjatning asl nusxasini taqdim etishi shart, degan pozitsiyada bo‘lsa, bu talab qaysi amaldagi normaga asoslanayotganini aniq ko‘rsatishi kerak.
Chunki bunday maxsus norma mavjud bo‘lsa, bahs aynan shu norma bilan 897-son qaror o‘rtasidagi huquqiy munosabatga ko‘chadi.
Ammo YHXX raddiyasida boshqa maxsus norma emas, aynan 897-son qarorga murojaat qilingan. Shuning uchun raddiyada nega ushbu qarorning muhim qismi aks etmagani haqidagi savol ochiqligicha qolmoqda.
Asosiy savol hali ochiq
Bu masala atigi bir nechta so‘z ustidagi bahsdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa gap fuqaroning raqamli hujjatdan foydalanish huquqi va davlat organining amaldagi qonunchilik normasini qanday qo‘llayotgani haqida ketmoqda.
897-son qarorning amaldagi tahririda «ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan» degan ibora mavjud.
YHXX raddiyasida esa u yo‘q.
Shu sababli Xizmatdan bir savolga aniq javob kutiladi: nega raddiyada 897-son qarorning amaldagi tahririda mavjud bo‘lgan «ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan» degan ibora aks ettirilmagan?
Bu savolga javob berilmas ekan, haydovchilardan elektron hujjatlar o‘rniga ularning asl nusxalarini talab qilish bo‘yicha bahsga nuqta qo‘yildi, deb bo‘lmaydi.
Elbek


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter