Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

JCh-2026 yulduzi Vozinya Chili klubiga o‘tdi

JCh-2026 yulduzi Vozinya Chili klubiga o‘tdi

Foto: Championat.com

Kabo-Verde terma jamoasi darvozaboni Vozinya (haqiqiy ismi — Jozimar Diash) Chilining «Kolo-Kolo» klubi futbolchisiga aylandi.

Tomonlar o‘rtasidagi shartnoma muddati oshkor etilmagan. Transfermarkt portaliga ko‘ra, 40 yoshli darvozabon bilan tuzilgan bitim 2026 yil 31 dekabrga qadar amal qiladi. Futbolchi tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan.

Ma’lum qilinishicha, Vozinyaning maoshi oyiga 47 million Chili pesosini tashkil etadi. Bu taxminan 49,8 ming AQSh dollariga teng. Bu uning avvalgi maoshidan qariyb besh baravar ko‘proq.

Vozinya 2026 yilgi jahon chempionatining eng yorqin kashfiyotlaridan biriga aylandi. Darvozabon muxlislar talqiniga ko‘ra turnirning ramziy terma jamoasiga ham kiritildi.

Ayniqsa, guruh bosqichining ilk turida Ispaniyaga qarshi uchrashuvda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgach, uning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni bir necha millionga oshdi. Turnir oldidan 50 ming kuzatuvchiga ega bo‘lgan darvozabonning sahifasi hozirda 29,5 million obunachiga ega. Shu tariqa u ijtimoiy tarmoqlardagi eng mashhur darvozabonlardan biriga aylandi.

Vozinya so‘nggi ikki mavsumni Portugaliya ikkinchi divizionidagi «Shavesh» klubida o‘tkazgan. Faoliyati davomida Portugaliyaning «Jil Visente», Moldovaning «Zimbru», Kiprning AEL hamda Slovakiyaning «Trenchin» klublarida ham to‘p surgan.

«Kolo-Kolo» Chilining eng sovrindor klubi hisoblanadi. Jamoa 33 marta mamlakat chempionligi, 13 marta Chili kubogi va uch marta Superkubokni qo‘lga kiritgan.

Jahon chempionatida onasi uchun ko‘z yosh to‘kkan Vozinya

2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatida Vozinya musobaqaga onasini olib kela olmagandi. Bunga viza xarajatlarining qimmatligi sabab bo‘lgan.

Ispaniyaga qarshi uchrashuvdan keyin darvozabon bu haqda intervyusida ko‘z yoshlar bilan so‘zlab bergan. Uning hikoyasi keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.

Shundan so‘ng AQSh Davlat departamenti viza rasmiylashtirishda yordam berdi va futbolchining onasi Mayami shahriga keltirilib, o‘g‘lining o‘yinini stadiondan tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring