Hind aktyori Dharmendra 89 yoshida vafot etdi
Hindistonlik aktyor Dharmendra (to‘liq ismi Dharmendra Keval Krishan Deol) 89 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda Hindustan Times. Nashrning yozishicha, aktyor ikki hafta avval sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Mumbaydagi shifoxonaga yotqizilgan edi. Variety nashri uning nafas olishida muammolarga duch kelganini xabar qildi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi aktyorning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. «Dharmendra Jining o‘limi hind kinosidagi davrning tugashini anglatadi. U o‘ynagan har bir roliga joziba olib kelgan timsol, fenomenal aktyor edi», deb yozdi Modi X ijtimoiy platformasida.
Dharmendra o‘z faoliyatini 1960-yillarda boshlagan. U 250 dan ortiq filmlarda suratga tushgan, jumladan, «Zita Gita», «Qasos va qonun», «Mening sevgilim Raja», «Bir umr yetmaydi» va boshqalar. 1980-yillarda u Vijayta Films prodyuserlik kompaniyasiga asos solgan.
Aktyorlik va prodyuserlikdan tashqari, Dharmendra siyosat bilan shug‘ullangan. 2004-yildan 2009-yilgacha u Hindiston parlamenti quyi palatasi deputati bo‘lib, o‘ng qanot Bharatiya Janata partiyasi vakili bo‘lgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter