Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qasos va qonun» – mashhur blokbaster ishlanganiga 50 yil bo‘ldi

«Qasos va qonun» – mashhur blokbaster ishlanganiga 50 yil bo‘ldi

1975-yilda Hindiston kinoekranlarida ilk jangari film namoyish etildi. Bu taniqli kinorejissyor Ramesh Sippining «Qasos va qonun» kinokartinasi edi. Filmning asosiy g‘oyalari turli yillarda tasvirga olingan ikki kinoasardan olingandi. Birinchisi – 1954-yilda Yaponiya kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Yetti samuray» bo‘lsa, ikkinchisi – 1968-yili Italiya kinoijodkorlari tasvirga olgan «Bir kuni yovvoyi G‘arbda» filmlari edi.

Hindistonda bir naql bor: «Taqlid qilish donolikni talab qiladi». Film mualliflari Salim Xon va Javed Axtar ham donolarcha ish tutgan, deyish mumkin. Ular «Yetti samuray» filmidan ikki samurayni, «Bir kuni yovvoyi G‘arbda»dan esa yovuz qahramonlar obrazini olishdi.

Ssenariy muallifi Salim Xon dastlab filmni «Gabbar» deb nomlamoqchi bo‘ldi. Buning birinchi sababi Gabbar Singx ismli personaj bo‘lsa, ikkinchisi 1950-yillarda Gvalior yaqinidagi barcha qishloqlar aholisini sarosimaga solgan xuddi shu nomdagi jinoyatchi edi. Gabbar politsiyachilardan birini qo‘lga oladi va uning quloq-burnini qisman kesib tashlaydi. Shu bois ham bu kallakesarni boshqa politsiyachilar uchun xavfli deb hisoblashardi.

Ssenariy tayyor bo‘lgach, Bollivudning hech bir kinokompaniyasi va rejissyori uni suratga olishga ko‘nmaydi. Faqatgina Ramesh Sippi ssenariyni o‘qib chiqqach, o‘ziga ma’qul bo‘lgan bu filmni suratga olishga qaror qiladi. Roziligining sababi shunchaki ssenariy yoqib qolganida emasdi. Gap shundaki, bu Hindistonda ilk jangari film edi va Ramesh Sippi birinchilardan bo‘lib shu janrga qo‘l urgani bilan tarixda qolishni ko‘zlagandi.

Ramesh Sippi Basanti roliga Xema Malinini taklif qiladi. Xema avvaliga bir oz ikkilanadi, sababi u filmda bor-yo‘g‘i 5 ta epizodda ko‘rinish berardi, xolos. Shunda Ramesh Sippi Xema Maliniga «film sen haqingda emas» deya uning politsiyachi Tkaxur Singx va yovuz Gabbar to‘g‘risida ekanini eslatadi. Oxir-oqibat ushbu film Xema Malinini Bollivudda yanada mashhur qildi («Zita va Gita» 1972 yilda suratga olingan).

Rejissyor Ramesh Sippi Dxarmendra va Sanjiv Kumarni filmga taklif qilgani uchun bir umr afsuslanishiga to‘g‘ri keldi. Sababi, o‘sha paytda «Zita va Gita» filmidan so‘ng Xema Malini, Dxarmendra va Sanjiv Kumar o‘rtasida sevgi uchburchagi paydo bo‘lgan edi. Va Ramesh Sippi o‘zi tasvirga olayotgan yangi filmida bu uch qahramon to‘qnashuvlarining oldini olishga majbur bo‘lgandi. Shu bois filmning biror joyida Sanjiv Kumar va Xema Malini o‘rtasida dialoglar yo‘q. Bu uch qahramon birgina o‘rinda birgalikda ko‘rinish beradi, lekin u yerda ham Xema Malini va Sanjiv Kumarning dialoglari yo‘q.

Dxarmendra filmda inspektor Tkaxur Singx rolini ijro etishni istagan, Vir obrazi unga umuman yoqmagandi. Ammo agar u inspektor rolini o‘ynasa, Xema Malini ko‘proq Sanjiv Kumar bilan bo‘lishini bilgach, Vir roliga rozilik berdi.

Sanjiv Kumar esa o‘zini ko‘proq Gabbar Singx obrazida ko‘rishni istagan, lekin rejissyor uni bu rolga tasdiqlamagan. Sababini 1972-yilda ekranlarga chiqqan «Zita va Gita» filmidagi obrazi orqali tomoshabinlar Sanjivni yovuz rolda qabul qilmasligi bilan izohlaydi. Aynan shu loyihadan so‘ng rejissyor Ramesh Sippi bu uch ijodkor – Xema Malini, Dxarmendra va Sanjiv Kumarni hech qachon birga tasvirga olmagan.

«Qasos va qonun» filmini suratga olish davrida Amitabx Bachchan va Jaya Bxaduri turmush qurishgan edi. Jay roli uchun boshqa nomzodlar ham bor edi. Ulardan biri aktyor Shotrugxan Singx edi. Oxir-oqibat, Dxarmendraning tavsiyasi bilan rejissyor Jay obrazi uchun Amitabx Bachchan nomzodiga to‘xtaladi.

Ramesh Sippi bu filmini hech kimga tanish bo‘lmagan bir qishloqda tasvirga olishga qaror qiladi. Va u Bangalor yaqinidagi kichik Ramanagaraning qoyali hududini tanlaydi. Filmda bu joy Ramgar shahri deb yuritilgan. Qishloqda maxsus uylar quriladi, yo‘llarga asfalt yotqiziladi, xullas, tasvirga olish uchun qulay sharoit yaratishadi. Filmda 100 ga yaqin ijodkor mehnat qilgan.

«Qasos va qonun» filmining suratga olish ishlari 1973-yil 3-oktyabr sanasidan Amitabx Bachchan va Jayya Bxaduri obrazlari aks etgan sahna bilan boshlangan. Va qariyb 2,5 yil davom etgan. Film tayyor bo‘lgach, Hindistonda senzuraga oid qonun imzolanib, kuchga kirgan edi.

Va filmning eng so‘nggi qismini qaytadan tasvirga olishga to‘g‘ri keldi. Kinokartina g‘oyasi bo‘yicha Gabbarni politsiyachi Txakur Singx o‘zining poyafzali bilan o‘ldirishi kerak bo‘lgan, lekin senzura tufayli u Gabbar Singxni politsiya qo‘liga topshiradi.

1979-yilda sobiq SSSRda ham «Qasos va qonun»ning taqdimoti o‘tkazilgan. Ammo senzura yana o‘z kuchini ko‘rsatadi va filmning 40 daqiqasi olib tashlanadi. Film boshidagi qamoqxona boshlig‘ining Adolf Gitler hamda Charli Chaplin obrazidagi ahmoqona ko‘rinishlari filmdan butunlay olib tashlanadi. Oqibatda «Qasos va qonun» haqiqiy jangari film bo‘lib qoladi.

Birinchi blokbaster 5 yil davomida Hindistonning barcha kinoteatrlarida uzluksiz namoyish etilgan. Jahon kino sanoati tarixida “Qasos va qonun” nafaqat Hindistonda, balki butun dunyoda katta shov-shuvlar bilan taqdim etilgan film bo‘lib qoldi.

Nasriddin Asriddinov.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring