Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda saksovulfurushlar aniqlanib mahkamaga tortildi

Buxoroda saksovulfurushlar aniqlanib mahkamaga tortildi

Buxoro viloyati Shofirkon tuman Chandir mahallasidagi ustaxonalardan birida sodir etilgan  voqea ko‘pchilikni sergak torttirdi. Voqeaga ko‘ra, bir nechta fuqarolar ochiqdan-ochiq tuman ekologiya bo‘limi xodimi hamda IIB inspektorning qonuniy talablariga bo‘ysinishmagan. Jamiyatda qabul qilingan yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, mayda bezorilik harakatlarini sodir etishgan.

Buxoro viloyati sudi axborot xizmati rahbari Feruz Sharopovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, qoidabuzar fuqarolarning xatti-harakatlari Jinoyat ishlari  bo‘yicha Shofirkon tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Holatga ko‘ra, 4 nafar fuqaro noqonuniy ravishda saksovul kesib, tabiatga nisbatan huquqbuzarlik harakatini sodir qilishgan. Voqeadan xabar topgan Ekologiya bo‘limi xodimi hamda IIB inspektori ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatini o‘z vaqtida payqab, ularga nisbatan tegishlicha bayonnomalarni rasmiylashtirayotganida mazkur shaxslar ularning qonuniy talablariga bo‘ysinmasdan, baqir-chaqir qilishgan, jamoat tartibini buzishgan.

Bu ham yetmagandek, fuqaro A.S.ning xatti-harakatlari xavfli tus olgan. U o‘ziga tegishli «Ford Tranzit» avtomashinasini haydab qochib, ekologiya bo‘limi xodimini avtomashinasiga majburan olib kirgan. Va qo‘pollik bilan avtomashina eshiklarini qulflab, uni Chitgaron qishlog‘igacha kuch ishlatib olib kelgan. Manzilga yetgach, ekologiya bo‘limi xodimining oyog‘idan tortib, sudrab tushirgan. A.S. cho‘ntagida g‘ilofsiz holda bir dona «oshxona pichog‘i»ni ham olib yurgan bo‘lgan. U ekologiya bo‘limi xodimini qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlab, kuch ishlatib, unga nisbatan zo‘ravonlik ko‘rsatgan.

Holat yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari davomida A.S.ning ilgari ham ma’muriy javobgarlikka tortilgani aniqlangan.

«Qonun talablariga bo‘ysinmagan, davlat organi xodimlariga nisbatan kuch ishlatib, huquqbuzarliklar sodir etgan to‘rtala shaxs ham javobgarlikka tortildi. Har bir aybdor o‘z qilmishiga ko‘ra, sud oldida javob berishdi. Qonun oldida hech kim imtiyozli emas. Davlat organi xodimiga bo‘ysinmaslik, uni mensimaslik va unga qarshi kuch ishlatish jinoyat sanaladi», - dedi Feruz Sharopov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring