Tuproq ostidagi tarix: Buxoro kentlari nomi orasida yashiringan sirlar
Ibodat Rajabova. Peshko‘ tumanida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining filologiya va Toshkent davlat universiteti (hozir O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetlarini tugatgan. «Osmondagi farishta», «Qush kiprigi», «Buxornur yoki yetti pir», «Buxoroda gujum gulladi» va boshqa to‘plamlari nashr etilgan. Ko‘plab tarixiy-ilmiy-nazariy materilallar yozgan. Respublikamizning turli hududlaridan ko‘plab faylasuf, filolog, mudarris va tarixchi olimlar bilan birga, tarixiy izlanishlar olib borgan.
Jurnalist, tarixiy-ilmiy-nazariy tadqiqotchi bilan Buxorodagi qadimiy shahar va qabristonlar tarixi borasidagi izlanish va o‘rganishlari borasida suhbatlashamiz.
Buxoro viloyati, Kogon tumanida qadimiy shahar qoldiqlari bor. U qabristonga aylantirilgan. Nomi – Xoja Axbor Vali. Suhbatdosh ushbu ish yuzasidan ko‘p izlanishlar o‘tkazgan. U Abdulkarim as-San’oniy Buxoro qishloqlari, shu yerdan chiqqan olimlar haqida ma’lumot beradi. Izlanib, Azg‘un nomini topgan. Shakli o‘zgargan. Qabriston atrofida O‘rg‘un, Org‘un, Metanrabot nomli qishloqlar bor.
Jurnalist: Bu joylardagi nomlar o‘zaro bog‘liqdek tuyuladi. Azg‘un va uning atrofidagi qishloq nomlarining kelib chiqishi qanday aniqlandi?
Ibodat Rajabova: So‘zning kelib chiqish o‘zagini «Shohnoma»dan oldik. Firdavsiy o‘zining mashhur kitobida «Afrosiyobning ukasi Ag‘reg‘az o‘ziga topshirilgan asirlarni, bir ishga chalg‘ib, qarovsiz qoldirgani uchun ular qochib ketdilar»,-deydi. Demak, Azg‘un. Ag‘reg‘az qurgan 150 gektarlik shahar bo‘lgan. «Nasabnoma» kitobida «Azg‘un - Buxoro qishloqlaridan. Bu yerdan ko‘p olimlar yetishib chiqqan», deb xabar beradi. Tugun ochildi. Demak, Ag‘zun qal’a Afrosiyob ukasining qurgan shahri bo‘lib, shahar buzilgandan keyin Org‘un, O‘rg‘un, Metanrabot qishloqlari suvli yerlarga ko‘chib o‘tgan. Lekin, qal’a nomini olib ketib, yangi qishloqlariga shu nomni qo‘yganlar. Nomlanish shakli o‘zgargan. Qadimiy shahar qoldiqlari – qabristonga arab vakillari Xoja Qabul Axbori Vali, deb nom qo‘yganlar. Bu noto‘g‘ri.
Jurnalist: Ya’ni, ba’zi nomlar vaqt o‘tishi bilan o‘zgargan, hatto, boshqa ma’nolar bilan almashib ketgan, shundaymi?
Ibodat Rajabova: Ha. Shu tumanda Guljonqal’a, degan tepalik bor. Xoja Bahouddin Naqshband xaziralariga juda yaqin. Yarim kilometrcha uzoqlikda. Shu atrofda O‘rjon, Orjon, Orijon nomli sakkizga yaqin qishloqlar bor. Nomlanishni esa hech kim bilmaydi. Bizga Firdavsiy yordam berdi. Firdavsiyning «Shohnoma»si bu joy nomlarini izohlashda katta ahamiyat kasb etdi. U o‘zining «Shohnoma» asarida shunday ma’lumot beradi: «Afrosiyobning beshta o‘g‘li bor edi. Ularga Qoraxon, Afrosiyob, Surxa, Gurdi Jovidon, Sheda, deb nom qo‘ydi». Demak, Afrosiyobning to‘rtinchi o‘g‘lining ismi Gurdi Jovidon. «Gurd» – so‘g‘dcha so‘z. Botir, bahodir» ma’nosiga ega. Gurdi Jovidon so‘zining eskirgan ko‘rinishi esa Gurjon, Orjon, Orifon. O‘rmon qishlog‘i ham shu atrofda. Lekin, u yerda hech qachon o‘rmon bo‘lmagan. Bu nomlanish ham Gurjonqal’a tarkibidan kelib chiqqan.
Jurnalist: Demak, bugungi Orifon va atrofdagi qishloqlar o‘sha Gurdi Jovidon shahridan qolgan ildizlarga ega, shundaymi?
Ibodat Rajabova: Ha, tarixiy kitoblar: «Hazrat Xoja Bahouddin Bog‘i Mozorning bir chekkasidan o‘zlariga kulba qurdilar», deydi. Demak, Afrosiyobning o‘g‘li Gurdi Jovidon Kogon tumanining shu yerida shahar qurgan. Shahar katta. 120 gektar. Xoja Bahouddin xazirasi ham shu hududga kirgan. qal’aning mozori bog‘i ham bo‘lgan. Hazrat xoki turbat bo‘lib yotgan joy nomi Orifon. Gurdi Jovidon so‘ziga yaqinligi haqiqat. Hozir ham Gurdi Jovidon shahrining qoldiqlari bor. Tepalik mavjud.
Jurnalist: Sizning izlanishingiz, aynan, nomlanish usuliga tayangani bilan o‘ziga xos...
Ibodat Rajabova: Biz Firdavsiy izidan borib, Buxoro viloyati hududidan ko‘p qadimiy joylarning nomlanish o‘tmishini topdik. Qadimshunoslik fanida 3 ta yo‘l bilan izlanishlar amalga oshiriladi. Ya’ni, soha olimlari arxeologik qazuv, manbalarga asoslanib va nomlanishga tayanib, ish ko‘radilar. Biz nomlanish asosida Afrosiyob davrida qad ko‘targan diza, kent, shaharlarni topishga erishdik. G‘ijduvon tumanidagi bir mavze nomi Qoraxoniylar, deb ataladi. Bu Qoraxoniylar o‘tmishi Afrosiyobning Qoraxoni o‘g‘liga borib bog‘lanmaydimi? Tepaligi ham bor. Qabriston qilingan. Qabriston – qadimiy kent qoldig‘i. Ko‘rinishidan tepalik baland, shahar istehkomi bo‘lganligi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Ko‘plab qabristonlar, aslida, qadimgi shaharlar va kentlar qoldiqlari ekanligini aytish mumkin. Buxoro shahristonining janubida Safed mo‘y qabristoni bor. Keng-keng joyni egallagan edi. Bu joyni Abdulla Safed mo‘y ham derdilar. U Somoniylar vaziri bo‘lib, shu kentda yashagan. Qabriston juda qadimiyligi sabab 2024-yil buzib, ekobog‘ qilib, manzarali ko‘chatlar o‘tqazdilar. Joyning tarixi bilan qiziqdik. Xoja Bahouddin Naqshband kitobida nomi Safed mosha, deb berilgan. Buxoro amirining soliq yig‘ish daftarida Siplon kenti shaklida ro‘yxatda bor. Qishloqlarning kelib chiqish joyi bo‘lgan Siplon Kentidan bo‘lgan 220 ga yaqin qishloqlar ro‘yxati soliq daftarida mavjud. Buxoro amiri shu ro‘yxat asosida soliq yig‘dirgan.
Jurnalist: Ajoyib, demak, bu ma’lumotlar, nafaqat, nom ildizini, balki, tarixiy boshqaruv tizimini ham yoritib beradi. Ko‘p joy nomlari vaqt va talaffuz ta’sirida shaklan o‘zgargan bo‘lsa-da, ularning ma’nosi va tarixiy ildizi saqlanib qolgan ekan-da? Izlanuvlaringizga ko‘ra, Siplon Kentidan bo‘lgan qishloqlar ro‘yxati qanday ma’lumotlarni taqdim etadi va ularning tarixi haqida nimalarni ko‘rsatadi?
Ibodat Rajabova: Izlanishni davom ettirdik. Haqiqatning jamoli go‘zal ekan. Afrosiyobning o‘g‘li Ark qo‘rg‘oni janub tomonida shu kentni qurib, unga o‘z nomini qo‘ygan ekan – Surxa. Zamon, davr o‘tishi bilan so‘z shakli o‘zgargan. Safed mosha – Surxa mulki, degani. Safed mo‘y, Siplon ham shu ma’noda kelgan. Shu o‘rinda, Ajinatepa qabristoni va uning nomi Afrosiyob avlodlari bilan qanday bog‘langani xususida ham to‘xtalib o‘tsam. Biz, Firdavsiy izidan, ko‘rsatmasiga asosan, ish olib borib, ko‘pdan ko‘p yangi faktlarga duch keldik. Bu g‘aroyib topilmalardan o‘zimiz ham behad sevindik. Romitan tumanida Ajinatepa qabristoni bor. Bu hududda yashab kelayotgan xalq sal hadiksirab gapiradi. Go‘yoki, bu yerda g‘ayrioddiy kuchlar bor emish. Aslida, bunday emas. As-Sam’oniy bu shahardan yetishib chiqqan olimlarga «Ajinasiy», deb murojaat qiladi. Ularning nom, nasabini keltiradi. Biz Ajinatepa o‘tmishi ildizlarini topdik. Kent Afrosiyobning nabirasi – Arjostning shahri ekanligi yuz ko‘rsatdi. Bundan tashqari, tarixga boy G‘ijduvon tumanida Armechak tepaligi va qishlog‘i bor. Armechakliklar bu joy nomi ifodasini «to‘rtta masjidi bor qishloq», deb sharhlaydilar. So‘z qobig‘i yillar, asrlar shamoli ta’sirida o‘zgargan. Aslida, shahar Arjost qurgan kent bo‘lgan. Shuningdek, Peshku tumanining Varaxsha cho‘li etagiga tutash qishloq bor. Shavgon. Nomi o‘ta qadimiy. Qishloq xalqi iltimosi asosida izlanish olib bordik. Ko‘plab lug‘atlarni, jumladan, «Burxoni qo‘te», «G‘iyos ul-lug‘ot», «Farhangi Shohnoma», «Qutadg‘u bilik», Gardiziy, Muqaddamiy, Tabariy, Malexoi Samarqandii, «Ashkol ul-olam» (Jayhoniy), «Farhangi zaboni tojiki” kitoblaridan izladik. Lekin, ularning hech birida «Shavgon» so‘ziga duch kelmadik. Shavgon qishlog‘i ahli ko‘p intizorlik tortgan kunlarning birida Shavgon nomlanishi jamoli muborakini ko‘rsatdi. Firdavsiy aytdi, Afrosiyob o‘g‘li Sheda ham shahar qurgani yodimizga keldi. Qishloq shimolida katta qabriston ham bor. Ana o‘sha qabriston joyi Shedaning kenti bo‘lgan. Shedagon – Sheda avlodi maskani – Shavgon. «Gon» so‘g‘d tilida ko‘plikni bildiruvchi qo‘shimcha. Arablar ko‘p kentlarning nomini o‘zgartirib, o‘zlari, vakillarining nomlarini qo‘yib, aholini chalg‘itganlar. Shavgon – eski shahar qoldiqlari nomi bugun Bo Arab qabristoni, deb ataladi.
Jurnalist: Ali Safiy o‘zining «Rashaxot» kitobida Hoja Orif Mohitobonning muridi va Shovre qishlog‘ining tarixi haqida ma’lumot beradi. Siz, bu qishloqni tiklagan Afrosiyobning Sheda ismli o‘g‘li va uning Hasani Balohur kabriston bilan bog‘liqligi haqida kengroq ma’lumot bersangiz.
Ibodat Rajabova: Ali Safiy o‘zining «Rashaxot» kitobida piru murshidlar haqida ma’lumot beradi va Xoja Orif Mohitobonning muridi to‘g‘risida xabar beradi. «Hasan Shovre Shovre dehasidandir» deydi. Shovre maqola muallifi tug‘ilib o‘sgan qishloq shimolidagi qadimiy qishloq. Yaxshiyamki, bu qishloqni kim tiklaganini «Shohnoma» shahodat berdi. Afrosiyobning Sheda ismli o‘g‘li asos solgan ekan. Shu kecha-kunduzda bu joy qabriston. Nomi – Hasani Balohur... Ali Safiy o‘zining «Rashaxot» kitobida piru murshidlar haqida ma’lumot berib, Xoja Orif Mohitobonning muridi to‘g‘risida xabar beradi. «Hasan Shovre Shovre dehasidandir», deydi. Shovre maqola muallifi tug‘ilib o‘sgan qishloq shimolidagi qadimiy qishloq. Yaxshiyamki, bu qishloqni kim tiklaganini «Shohnoma» shahodat berdi. Afrosiyobning Sheda ismli o‘g‘li asos solgan ekan. Shu kecha-kunduzda bu joy qabriston. Nomi – Hasani Balohur.
Jurnalist: Vobkent tumani tarixi va nomining paydo bo‘lishi haqida ham to‘xtalsangiz. Bilishimizcha, ayrim qishloqlar nomini zamonaviylashtirish harakatlari amalga oshmagan. Sizning-cha, aholi ota-bobolardan meros bo‘lgan nomlarni himoya qilishda qanday fikrda?
Ibodat Rajabova: Vobkent. Oldin tuman nomi Komot bo‘lgan. Suv xazinasi bo‘lmish Zarafshon daryosining sersuv irmog‘i tuman quyosh chiqaridan oqib o‘tgani sababli ariq, rud, komalar ko‘p, nomlanishi ham shunga qarab bo‘lgan. Ya’ni, Komot. Koma – ariq, «ot» esa, ko‘plik shaklini bildiruvchi so‘g‘d tilidagi qo‘shimcha. Ariqlari ko‘p joy ma’nosini bildirgan. Keyinchalik esa, nomlanish shaklini o‘zgartirgan, lekin, ma’no o‘sha: Vobkent – Obkent. Ob – suv, kent – shahar, qal’a, hisor, diza, aniqroq qilib aytsak, suv, daryo, rud, irmoq yonida joylashgan shahar, degani. Shu sababli ham tumanda suv bilan bog‘liq qishloq, guzar, shaharchalar ko‘p uchraydi. Millat, elat, kasb-korni bildiruvchi joy nomlari ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Tumanda juda qadimiy qishloqlar mavjud. Nomlanishini zamonaviylashtirmoqchi bo‘lgan ayrim mutasaddilarning niyati amalga oshmadi. Chunki, odamlar ota-bobolari yashab, nom qo‘yib, meros qilib qoldirib ketganlari tabarruk-da. Masalan, Sakbiyon. So‘z shaklini o‘zgartirgan. Ayrim odamlar tushunmay, Sakgo‘yon, deganlar. Ya’ni, itni bu qishloq ahli sak, deydi, deb. Aslida, bu nomlanish juda qadimiy bo‘lib, ma’nosi Sug‘diyondir. So‘g‘d elati yashaydigan qishloq ma’nosida.
Jurnalist: Vobkentning «Shakarkent» qishlog‘i ham bor. Vaqt o‘tishi bilan Shikorkentdan Shakarkentga o‘zgargan, deyishadi?
Ibodat Rajabova: Shakarkent. Bu nom Vobkentda mashhur. Katta hududni qamrab olgan Shakarkent Vobkent markazining quyosh chiqar, ariq, ko‘klik yarim o‘rmoni bor tomonida joylashgan. Bu yerda ovchilar qal’asi joylashgan bo‘lgan. Suv serob, baliq, suv mushugi, yarim o‘rmon bag‘rida yovvoyi jonzotlar ko‘pligi sabab ovchilar rizqi tayin bo‘lganligi uchun qal’a nomi «Ovchilar shaharchasi» deb nomlangan. So‘g‘d-tojik tilida ovchini shikorchi, deyiladi. Yillar o‘tib, nomlanishi Shikorkent emas, Shakarkent bo‘lib qolgan.
Jurnalist: Ma’lumki, Buxoro tarixida Bonobiy, degan olim o‘tgan. Uning namoz va vijdoniga sodiqligi haqidagi bir voqea borki, u Vobkent tarixida hali-hanuz e’tiborga ega…
Ibodat Rajabova: Vobkentda ikkita qishloq bor. Zarafshon katta irmog‘ining yuqori, pastida joylashgan. Yuqori tomondagisi – Bonob (Boloi ob – suvning yuqori qismidagi qishloq degani), pastdagisi – Ponob (Poyoni ob – suv arig‘ining pastida joylashgan yashash maskani, degani).
Tarixda Bonobiy (Boloi Obi), degan katta olim o‘tgan. U umrida bir marta bo‘lsin, vijdoniga xilof ish qilmagan, parhezkor odam bo‘lgan. Qishlog‘ining masjidida imom bo‘lib, har kuni azonni aytar ekan. Bir kuni peshin namozida azon aytib tursa, chopar Buxoro podshohidan uning nomiga noma keltiribdi. Bonobiy azonni aytib bo‘lib, masjidga kirayotsa, xat xabarini unga aytibdilar. Bonobiy xatni qo‘liga ham olmabdi va: «Mening shodshoh bilan gapu harfim yo‘q, men bunday shaxs yozgan maktubni olmayman», deb namoz o‘qishga kirib ketibdi. Chopar xatni olib, ortiga qaytibdi. Buxoroga yetib olib, xatni podshohga qaytarib berayotib: «Bonobiyning siz bilan ishi yo‘q ekan. Podshoh men bilan qachon yaxshi bo‘lgan ekankim, menga xat yozadi. Men bunday shubhali xatni olib, o‘qimayman», desa, podshoh qornini ushlab kulibdi. «Mening xatimni o‘qimaydigan odam bor ekanmi?»- deb. Bu hodisa Bonobiyning shaxsiyat va e’tiqodini ochib beradi...
Albatta, Buxoroda olimdan ko‘p va xo‘b bo‘lgan. Sizga ma’lummi-yo‘qmi, xuddi shunday yana bir qishloq bor, Bisbiriy. Shu qishloqdan tarixchi olimlar chiqqan. Qishloq nomini nasablariga qo‘shganlar. Bisbiriy, bisbiriylik, deb. Ushbu qishloq oldida bir tepalik bor. Tepalik nomi Boski Biruloniy. Qishloq nomi shundan kelib chiqqan. Ma’nosi Birulon qurgan bino, qal’a, hisor, degani. Kim u Birulon? Tarixning, «Shohnoma» kitobining ma’lumot berishicha, Afrosiyobning turk vazirining nomi Birulon ekan. O‘sha vazir qurdirgan bino bugun qishloq nomi, Olimlar nasabi bo‘lib turibdi. Qadimiylikni qarang. Yana bir qishloq bor. Nomi So‘fidehqon. Qabristoni ham bor. 18 ta tug‘ ko‘tarilgan qabristonda. Aslida-chi, qishloq nomi so‘g‘dcha bo‘lib, dala hovli ma’nosini bildiradi.
Jurnalist: Anjir Fag‘naviy nomi qanday afsonalar va xalq e’tiqodi bilan bog‘langan?
Ibodat Rajabova: Anjir Fag‘naviy. Bu ibora buyuk pir nomiga tegishli masnad. Aslida, ajir – botirlar, fag‘na – paxsa devorli qal’a, degani. Bu Afrosiyob davridagi shahar nomi bo‘lib, Ajir Fag‘na – Bahodiri ko‘p devori paxsadan bo‘lgan kent, degani. Chunki, «anjir» so‘zi lug‘atda bo‘lmagan. Anjir – ajirning eskirgan shakli. Bu qishloq ahli esa, pir nomiga har xil ertaklar bog‘lab yuribdilar. Shunga hamohang Pirmast qishlog‘i bo‘lib, bunda ham biz ko‘p izlanishlar olib bordik. Bu qishloq tarixi borib, Afrosiyobning o‘sha turk vaziri Birulonga taqaladi. Shu nomli ariq bor – Pirmast arig‘i. Aniqlasak, eramizdan ilgari yashagan Afrosiyob vaziri Birulon qazdirgan ariq, degani ekan. Pirmas – Birmas, Birulon tashkil etgan yashash joyi, degani ekan.
Shuningdek, Vobkent tumanida ham eski kent joyi bor. Bu Narshaxqal’adir. Buyuk tarixchi Narshaxiy shu dizada tug‘ilib, o‘sgan. Somoniylar tarixnavisi bo‘lgan. Xo‘sh, kent nomi nega Narshaxqal’a? Tojikiston FA akademigi Asror Muxtorov shunday ma’lumot beradi. «Somoniylar Bahromi Cho‘binaning Oliy Somon nomli o‘g‘lidan tarqalgan avlod. Ular Buxoroda 102 yilu 20 yarim kun podshohlik qildilar. Ular shu yillar davomida uchta shahar (qal’a) qurdilar. Uchta shaharning ikkitasi Tojikiston hududida borligi ma’lum, bitta shaharlari noma’lum». («Somoniylarning amir va vazirlari» kitobi. 1997 yil, Dushanbe, «Oliy Somon» nashriyoti) Shu yerda yana bir narsani aytib o‘tishim kerak. Izlanishlar davomida «Osor ul-vuzaro» kitobini varaqlashga to‘g‘ri keldi. Muallifi – Sayfiddin Hojiy. U o‘z asarida somoniylar haqida ham (5-bobda) ma’lumot bergan. Bizning-cha, Sayfiddin Hoji Gardiziy, Istariy, Firdavsiy, Muqaddamiy kabi tarixchilar kitobidan foydalangan. Hoji somoniylar haqida yozib, shunday misralarni (fors tilida) qalamga oladi: «No‘h tan bu dand zi Oli Somon mazkur, Ismoilu Ahmadi (savim) Nasr Du No‘hu du Abdumaliku du Mansur». Tarjimasi: Mazkur Oliy Somon avlodidan 9 kishi edilar. Xuroson mamlakatini boshqarish (obod etish)da mashhur Ismoil, Ahmad (uchinchisi), Nasr, iiki No‘h, ikki Abdulmalik, ikki Mansur. Bu axborotni nomlanish nuqtasi nazaridan ko‘rsak, No‘h – Shohi Muzaffari Oli. 9 ta zafar (podshohlik)ga erishgan shoh, podshoh bo‘lib chiqadi. Yillar o‘tishi bilan so‘zlar nomlanishiga aylangan Narshax, Narchoh, No‘hshohi muzaffari oliy. Bu bizning Narshaxqal’a nomi. Demak, somoniylarning 3 qurgan kentlari bu bizning Narshohqal’amiz bo‘lib, uning hududi 200 ga bo‘lgan. Vobkent daryochaning shundoq yuqori qismida joylashgan.
Jurnalist: Qiziqarli suhbat uchun rahmat. Yana albatta, sizdan mana shunday tarixiy izlanishlar yuzasidan ajoyib suxbatlar kutib qolamiz. Charchamang!


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter