Jaziramada har bir inson bilishi shart bo‘lgan tavsiyalar
Kunlar tobora qizib bormoqda — saratonga oz qoldi. Xo‘sh, bunday ob-havo sharoitida qanday choralar ko‘rish kerak?
Jaziramada nimalar qilish kerakligi bo‘yicha FVV tavsiyalarini yana bir bor eslatib o‘tamiz:
Ko‘proq suv ichish. To‘g‘ri suv ichish tartibi organizm faoliyatining yaxshi ishlashi va suv-tuz balansini me’yorlashtirishiga qulay sharoitlar tug‘diradi. Issiq kunda suv iste’moli hajmini ko‘paytirish kerak. Bunda organizmning suv tanqisligini to‘ldirish uchun gazlangan yoki nektar suv emas, aksincha, oddiy ichimlik suvini iste’mol qilish lozim. Surunkali kasalligi borlar shifokor tavsiyasiga rioya qilish kerak.
Eng issiq paytda — soat 12:00 dan 16:00 gacha ko‘chaga chiqmaslikka va ayniqsa, quyosh tig‘i ostida bo‘lmaslikka harakat qiling. Kuningizni shunday rejalashtirinki, bu vaqtda ishda yoki uyda bo‘ling.
Ko‘proq dush qabul qiling. Muntazam ravishda tozalanish badanga samarali nafas olishda yordam beradi. Suv xona haroratiday bo‘lishi kerak. Muzdek suv bilan yuvinish esa, tana harorati keskin o‘zgarishi oqibatida, pnevmoniya kasalligiga olib keladi.
Albatta, ochiq suv havzalarida cho‘milish mumkin, ammo cho‘milish taqiqlangan havzalarda cho‘milish qat’iyan man etiladi.
Ertalab va kechqurun ko‘proq harakat qiling. Bunday issiq kunda kamharakatlik gipertoniya, yurak-tomir kasalliklari va tromboz rivojlanishiga olib keladi.
Oziqlanish ratsionini o‘zgartiring. Issiq kunda ko‘proq sovuq taomlar iste’mol qiling. Yog‘li sut va go‘sht maxsulotlaridan tiyiling, ammo baliq va sabzavotlardan voz kechmang. Sutli mahsulotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim — rastalarda quyosh nuri tushib turgan mahsulotlarni sotib olmang, iste’molga yaroqlilik muddatini albatta tekshiring.
Taomlarni tuz bilan tannovul qiling, chunki yuqori haroratda tana terlash natijasida ko‘p miqdorda natriy moddasini yo‘qotadi.
Sintetik matodan tayyorlangan kiyimlarni kiymaslikka harakat qiling.
Kepka, shlyapa yoki panamalar kiyishdan uyalmang. Chunki oftob urishi asosan bosh qiziganda sodir bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter