Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

«Dada, qachon mening xonam bo‘ladi?». Uysizlik sinovi haqida hikoya

«Dada, qachon mening xonam bo‘ladi?». Uysizlik sinovi haqida hikoya

Foto: Xabar.uz

Poytaxtda joylashgan ko‘p qavatli uydagi xonadon. Bu yerda qariyb 30 yildan beri Yoqubovlar oilasi yashab keladi. Uch xonali bu uyda uch farzand ulg‘aydi. Har biri o‘qib, kasbli bo‘lib, mustaqil turmush arafasiga keldi.

Birinchi o‘g‘il — Bahodir, otasi kabi bosiq, halol, bir so‘zli. Uning rafiqasi Sevara to‘rt yil avval kelin bo‘lib tushgan, qaynonasining yaqin ko‘makchisiga aylangandi.

Ikkinchi o‘g‘il — Doniyor, yoshligidan sho‘xroq, lekin mehnatkash. Uning rafiqasi Dilnoza kelin bo‘lib tushganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan, ammo u ham oilaviy muhitga moslashib ulgurgandi.

Uchinchi o‘g‘il – Kamolning oila qurish vaqti kelganida muammo taranglashgandi. Uning ham tengi topilgan, nikoh to‘yi yaqin... uchinchi kelin ham o‘sha uch xonali xonadonga tushishi kerak edi.

Farzandlarini ketma-ket o‘qitish, to‘yini qilish tashvishi bilan oila jamg‘arma orttirishga ulgurmagan, yangi boshpana sotib olishga qurbi yetmasdi. Hozircha uyning bir xonasida katta aka, ikkinchisida o‘rtanchasi oilasi bilan yashaydi, mehmonxonaga ota-ona joylashgan, Kamol esa uyning balkon qismida yashab keladi.

Kenja ukaning to‘yi oldidan Bahodir jimgina narsalarini yig‘ishtira boshladi.

– Qayerga, bolam? — so‘radi onasi.
– Oyi, men endi o‘zim mustaqil bo‘lishim kerak. Ijaraga chiqamiz. Joy tayyor.

Vaziyat shuni taqozo etardi. Bahodir, Sevara va ularning jajji farzandi bir xonali uyda yashay boshlashdi. Poytaxtlik bo‘la turib ijarada yashash hafsalani biroz pir qiladi, lekin boshqa yo‘li yo‘q. Sevara ham endi o‘zini erkinroq his qila boshladi, turmush o‘rtog‘ini ertalab ishiga kuzatadi, farzandiga ko‘proq vaqt ajratadi.

Foto: Xabar.uz

Ijaradagi hayot

Toshkent — orzu va imkoniyatlar shahri. Lekin bu shaharda uy-joyli bo‘lish orzusida yashayotgan butun boshli bir avlod bor edi.

Bahodir ijaraga chiqqanida 2014 yil edi. U paytlarda Toshkentda ipoteka degan tushuncha qog‘ozda bor, amalda yo‘q. Ishxonadan maosh olar, lekin uni ro‘zg‘ordan orttirib yig‘ib, uy olish – ro‘yodek edi. «Yangi qurilgan uylar», «ipotekaga sotiladi», «foizsiz bo‘lib to‘lashga uy» degan e’lonlar u vaqtda uchramasdi.

Shunday sharoitda minglab, o‘n minglab yosh oilalar singari Bahodir ham ijarada yashashni taqdir deb bildi.

Qizaloqlari Aziza «dada, qachon mening xonam bo‘ladi?» degan savolni har hafta qaytarishdan charchamasdi. Bu orada u ukalik ham bo‘ldi.

Ijaradagi hayotning o‘z hisobi bor. Oy boshida «ijara puli» degan majburiyat nafaqat hamyonni, balki kelajakka bo‘lgan ishonchni ham ezadi.

Bir gal Bahodir rafiqasiga yorilib qoldi:

— Sevara, xudoga shukr, hamma narsamiz bor, lekin o‘z uyimiz yo‘q-da. Farzandlarimiz ham xuddi mehmondek ulg‘ayishyapti...

Uy-joy masalasi juda og‘riqli edi. Poytaxtga viloyatlardan kelib, ishlab, «propiska» muammosini yengib o‘tib, xonadonli bo‘lish u yoqda tursin, shu yerda tug‘ilib-o‘sganlar, ha, o‘sha propiskalilarning ham ko‘pchiligi uysizlikdan qiynalishardi. Sababi – yillar davomida aholi ko‘payavergan, lekin yangi uylar qurilmagan, tizimdagi adolatsizliklar muammolar ko‘lamini tarang bir ahvolga keltirib qo‘ygandi.

Uysizlik bu shunchaki boshpanasizlik emas. Uysizlik – halovatni yo‘qotish, erkinlik cheklovi, bolalarning o‘ynab-kulishiga cheklov, mehmon chaqirishda bir qaror qilib, ming o‘ylash degani. Shu bilan birga, uysizlik bir avlodning sabrini, matonatini sinagan shafqatsiz maktab ham bo‘ldi.

Bahodir o‘z farzandiga qaraydi. Uning hayotida, balki yangi uylar qurilar, ipoteka tizimi oson bo‘lar. Lekin u bilishi kerak: otasi uysizlikni oilaparvarlik bilan yengdi, ijarada ham ro‘zg‘orini halol tebratdi, bola tarbiya qildi va hech qachon shikoyat qilmadi.

Umid eshigi

Vaqt o‘tishi bilan vaziyat o‘zgardi. Toshkentda birinchi marta keng qamrovli va aholiga mo‘ljallangan uy-joylar qurilishi Sergeli tumanida boshlandi.

Foto: Xabar.uz

2017-yildan boshlab bu tumanda yirik ko‘pqavatli turarjoy massivlari qurilishi avj oldi. Ilgarilari qarovsiz, hosilsiz bo‘lgan joylar zamonaviy shaharchaga aylandi.

Qurilish to‘liq infratuzilmani qamrab oldi — uylar bilan birga maktablar, bog‘chalar, tibbiyot va savdo markazlari, ko‘ngilochar hududlar, transport yo‘laklari barpo etildi. Sergeli metro yo‘nalishining ochilishi esa bu hududni Toshkent markazi bilan bog‘ladi va uni shahar hayotining ajralmas qismiga aylantirdi.

Sergelida qurilgan uylar aholi uchun imtiyozli va past foizli ipoteka kreditlari asosida taklif etildi. Buning eng muhim jihati — dastlabki to‘lov miqdori ancha past bo‘lgani, kredit muddati esa 20 yilgacha belgilanganida edi.

Bahodir kabi yosh oilalar uchun bu oddiy xabar emas, balki yangi hayotga yo‘l ochadigan umid eshigi edi.

U uch kun uxlay olmadi. Hujjatlar, ma’lumotnomalar, propiska, nikoh qaydi — hammasini to‘plab, hokimlikka yugurdi.

— Iloji bormi, aka? — dedi u mas’ul xodimga.
— Agar hujjatlaringiz to‘g‘ri kelsa, ariza qabul qilinadi. Talabgorlar ko‘p, har biri sinchkovlik bilan ko‘rib chiqiladi, — dedi u xushmuomalalik bilan.

2018 yilning oxirlarida yosh oila tanlanganlar ro‘yxatiga kirdi. Keyingi yili u o‘z nomiga bitilgan ko‘chmas mulk hujjatini qo‘liga oldi...

Fakt

O‘zbekistonda 25 yil ichida (1991—2016 yillarda) 113 mingta xonadonga mo‘ljallangan ko‘pqavatli uy qurilgan bo‘lsa, so‘nggi 8 yil ichida (2017 yildan 2025 yilgacha) 500 mingdan ziyod xonadonga ega uylar qurildi.

Foto: Xabar.uz

Haqiqatga aylangan orzular

Ushbu hikoya faqatgina bir oilaning emas, yurtimizdagi minglab oilalar taqdirining aksidir. So‘nggi yillarda uy-joy siyosati so‘zda emas, amaldagi muammolarga real yechim sifatida ko‘rilmoqda.

Ayniqsa, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida aholini uy-joy bilan ta’minlash davlat e’tiboridagi masalaga aylandi. Unga ko‘ra, 2030-yilgacha mamlakat bo‘ylab 100 ta «Yangi O‘zbekiston» massivlari qurilishi rejalashtirilgan. Bu massivlar aholisi ko‘p, lekin infratuzilma yetishmaydigan tuman markazlari va shahar hududlariga yaqin joylarda barpo etiladi. Har bir massivda kamida 70 ming aholi uchun turarjoylar, bog‘chalar, maktablar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari quriladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metr xonadon quriladi.

Yakkabog‘ tumanidagi «Yangi O‘zbekiston» massivi

Foto: Umid Normuratov

Xalqaro ekspertlar jalb qilinib, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasi ishlab chiqiladi.

Ipoteka bozorini rivojlantirish, uni aholining turli qatlamlari uchun ochiq va munosib qilish, daromadi past bo‘lgan oilalarga subsidiya, imtiyozli kreditlar taqdim etish strategiyaning ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. 2025-yilning o‘zida kamida 70 mingta xonadon uchun ipoteka krediti taqdim etiladi, shundan 30 mingi uchun kreditni boshlang‘ich badal uchun budjetdan subsidiya to‘lab, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga beriladi.

Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida uy-joy qurilishini kengaytirish, xususiy sektorni rag‘batlantirish va qurilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash orqali uy-joy sohasida barqaror o‘sishga erishildi.

Bu qiyosiy tahlil bir haqiqatni isbotlaydi: aholi uchun uy-joy masalasi yechilmaydigan muammo emas ekan. Agar boshlangan islohotlar tizimli va shaffof davom etsa, kelajakda «uysiz avlod» emas, «boshpanali va baxtli» avlod haqida hikoyalar yoziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring