“Dunyo mamlakatlari” – olamni teran anglamoq kaliti yoxud 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun zarur ensiklopediya
Aholisi bor-yo‘g‘i 50 kishidan iborat bo‘lgan Pitkern diyorida 10 nafar a’zoga ega parlament borligini yoki Seyshel orollaridagi 25 kilogrammlik “taqiqlangan meva” sirini bilasizmi? “Millionerlar uchun jannat” qayerdaligi yoki bir davlatning poytaxti birdaniga uch mamlakat bilan chegara nuqtasida joylashganini-chi? Dunyo biz o‘ylagandan ko‘ra ancha qiziqarli, murakkab va ziddiyatli. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi Laziz Rahmatovning “Sharq nashr” nashriyotida chop etilgan yangi qo‘llanmasi o‘quvchini kurrai zaminimizdagi har bir mamlakatning ichki olamiga sayohat qildiradi.
Axborot oqimi kuchaygani sari har birimizda voqelikni to‘g‘ri talqin etish, davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni puxta anglash, geosiyosiy jarayonlarni tahlil qilish, eng asosiysi, milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qilish tobora qiyinlashib borayotgani ayon haqiqat.
Jadal o‘zgarayotgan dunyoda ma’lumot nihoyatda ko‘p, ammo ta’sirchan tushunchalar kam. Har kuni o‘nlab, yuzlab xabarlar-voqealar, davlatlardagi jarayonlar haqida o‘qiymiz, eshitamiz, ko‘ramiz. Lekin ularning mohiyatida yashirin tub maqsadlarni tushunish uchun ko‘pincha tahliliy yondashuvlar yetishmaydi.
Ana shunday murakkab dahri dun manzarasini anglashda muallifning “Dunyo mamlakatlari” asari muhim qo‘llanma vazifasini bajarishi, shubhasiz. Ushbu salmoqli va qiziqarli kitobning qiymati yana shunda hamki, u o‘quvchini beixtiyor fikrlashga, qiyosiy taqqoslashga, muntazam izlanishga undaydi.
Kitobda har bir davlat haqidagi ma’lumotlar boshqaruv shaklidan tortib, aholisi, joylashuvi, tabiati, tarixiy taraqqiyot bosqichlari, iqtisodiy holati va tashqi siyosatgacha izchil tarzda yoritiladi. Har bir mamlakatning O‘zbekiston bilan aloqalari alohida keltiriladi, shuningdek, har bir o‘lkaga xos, lekin o‘quvchi uchun juda qiziqarli ma’lumotlar, bayroq, geografik xarita va o‘sha davlatlarga oid eng e’tiborli rangli rasmlar o‘rin olgani uning jozibadorligini keskin oshiradi.
Bunday o‘ziga xos yondashuv kitobxonga har bir mamlakatni alohida-alohida holatda emas, balki yaxlit tizim sifatida qabul qilish, olamni birbutun formatda idroklash imkonini beradi. Masalan, Afg‘oniston haqidagi ma’lumotlarda davlat tuzilishi, etnik tarkibi, tarixiy ziddiyatlar va xalqaro munosabatlar o‘rtasidagi bog‘liqlik, bu yerda yashayotgan o‘zbek millatiga mansub aholi vakillarining davlat taraqqiyotiga hissasi ochib beriladi. Bu esa o‘quvchini shunchaki faktlar bilan tanishishdan ko‘ra, ularni tahlil qilishga yetaklaydi.
Aytish mumkinki, muallifning shaxsiy tajribasi ham kitob mazmuniga katta mazmun qo‘shgan. Laziz Rahmatov mamlakatimizning tashqi munosabatlar sohasida uzoq yillar ishlab kelayotgan mutaxassis sifatida har bir fakt va voqelikka hayotiy jo‘shqinlik bag‘ishlagan. Uning jurnalist va yozuvchi sifatidagi mahorati esa kitob tilini sodda, ravon va to‘qmag‘izli qiladi. Natijada asar keng jamoatchilik uchun tushunarli bo‘lib, murakkab siyosiy-iqtisodiy jarayonlar ham oddiy tarzda bayon etiladi.
Kitob 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar auditoriyasini qamrab olishga qodir. Bu jihat nashrni ham ilmiy manba, ham ommabop-ma’rifiy asarga aylantiradi.
Kitobning eng muhim tahliliy jihatlaridan yana biri – u orqali mustaqillikning ilk yilidan boshlab O‘zbekiston tashqi siyosatining har bir qirrasi xronologik tarzda ochib berilgan. Muallif dunyo mamlakatlarini tavsiflar ekan, ularning O‘zbekiston bilan aloqalarini imkon qadar kengroq ko‘lamda yoritishga urinadi.
Kitobxon o‘z-o‘zidan mamlakatimizning so‘nggi yillarda o‘sib borayotgan xalqaro maydondagi o‘rni va rolini tasavvur eta boshlaydi. Ayniqsa, 2017 yildan buyon muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosatida kuzatilgan amaliy faollik, o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan keng qamrovli va pragmatik yo‘nalish kitobdagi misollar orqali yaqqol namoyon bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonning jahon uzra ochiqlik, har bilan davlat bilan o‘zaro sheriklik va konstruktiv muloqotga asoslangan yo‘lini anglaysiz.
“Dunyo mamlakatlari”ning qimmatli manba sifatidagi yana bir jihati, uning ensiklopedik qamrov ko‘lamidir. Salkam bir ming ikki yuz sahifaga yaqin hajmga ega bo‘lgan mazkur qo‘llanma barcha mamlakatlar haqida to‘liq va tizimli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan tom ma’nodagi qomusiy manba desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bir vaqtning o‘zida geografiya, tarix, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, siyosat, diplomatiya va boshqa sohalar haqidagi ma’lumotlarni o‘zida uyg‘unlashtirgan bu kitob shu yo‘nalishdagi bo‘shliqni to‘ldiradi.
Ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar sizni o‘ziga ohanrabodek tortadi. Masalan, faqatgina Seyshel Respublikasida uchraydigan “dengiz kokosi” 800 yilgacha umr ko‘rib, mevasining og‘irligi 25 kilogrammgacha yetadi. Mahalliy aholi Odam Ato va Momo Havo iste’mol qilgan taqiqlangan meva aynan shu bo‘lgan deb hisoblashadi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni doimiy daryosi yo‘q bo‘lgan kam sonli mamlakatlardan biri. Avstraliya esa butun bir qit’ani egallagan yagona davlat. Singapur tabiiy resurslarsiz ham jahondagi eng rivojlangan iqtisodiyotlardan biriga aylana olgan. Pitkern dunyodagi eng kam aholiga (50 kishi) ega mamlakat bo‘lishiga qaramay, 10 kishidan iborat bir palatali Kengashi bor. Sen-Bartelemi mamlakatini esa “millionerlar uchun jannat” deyishadi.
Quyidagi ma’lumot yanada hayratlanarli: keniyalik deputatlar jahondagi eng boy qonun chiqaruvchilardan hisoblanadi. Ularning oylik ish haqi 10 ming AQSh dollari etib belgilangan. Har bir deputat o‘z lavozimidan ketish chog‘ida 107 ming dollar mukofot puli, qurolli tansoqchi, diplomatik pasport va aeroportning VIP-zalidan o‘tish uchun maxsus ruxsatnomaga ega bo‘ladi.
Mutolaa davomida bu kabi minglab bir-biridan qiziqarli faktlarga bot-bot duch kelasiz.
Mazkur kitob o‘quvchiga faqat bilim berish bilan cheklanmaydi, u dunyoqarash-tafakkurni ham boyitadi. Shu jihatdan ushbu asar kitobxonni bugungi tahlikali global dunyoda “yo‘qolib” qolmaslikka, aksincha, har bir shaxs o‘z o‘rnini mustahkam topishiga undaydi.
Lutfullo Tursunov,
Jurnalistlar uyushmasi a’zosi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter