Jurnalistika uchun dolzarb bo‘lgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2026 yil 28 aprel kuni taniqli jurnalist va olim Beruniy Alimovning «Jurnalistikada sun’iy intellekt davri» nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va «Yoshlar ovozi» gazetasi hamkorligida tashkil etildi.
Taqdimot davomida mazkur qo‘llanmaning dolzarbligi, unda ilgari surilgan ilmiy yondashuvlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining bugungi media makoniga ta’siri keng muhokama qilindi. Qayd etilganidek, raqamli transformatsiya sharoitida jurnalistika tubdan o‘zgarib, axborot uzatish tezligi, auditoriya talablari va kontent yaratish uslublari yangicha bosqichga ko‘tarilmoqda. Kitobda aynan shu jarayonlar chuqur tahlil qilinib, zamonaviy jurnalistika oldida turgan yangi vazifalar yoritilgan. Muallif sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng ochib berar ekan, uning jurnalist faoliyatidagi o‘rni, kontent yaratishdagi roli va media sohadagi transformatsiyalarni ilmiy asosda izohlaydi.
Tadbirda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, taniqli olim va jurnalistlar — Xurshid Do‘stmuhammad, Fayzulla Mo‘minov, Salim Doniyorov, Amrullo Karimov, «Yoshlar ovozi» gazetasi bosh muharriri Hamza Abdullayev kitobning ilmiy va amaliy ahamiyatiga yuqori baho berib, uni nafaqat nazariy manba, balki kundalik faoliyatda foydalanish mumkin bo‘lgan muhim qo‘llanma sifatida e’tirof etishdi. Ta’kidlanganidek, kitob jurnalistlar, blogerlar, PR mutaxassislari hamda jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun dolzarb bilim manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Shundan so‘ng «Jurnalistikada sun’iy intellekt davri» kitobi muallifi, filologiya fanlari doktori, jurnalist Beruniy Alimov so‘zga chiqib, kitobning yuzaga kelishi va nashrga tayyorlash jarayonlari haqida so‘zlab berdi.
Muhim jihatlardan biri shundaki, asarda sun’iy intellektning ijobiy jihatlari bilan bir qatorda, uning ehtimoliy xavf-xatarlari ham e’tibordan chetda qolmagan. Xususan, muallif mualliflik huquqi, faktcheking, axborot xavfsizligi, etik me’yorlar hamda jurnalist kasbining kelajagi bilan bog‘liq muhim masalalarni ko‘taradi. Bu esa kitobni nafaqat nazariy, balki tahliliy va amaliy ahamiyatga ega manbaga aylantiradi.
Tadbirda, shuningdek, sun’iy intellektning matbuot, televideniye, radio va internet jurnalistikadagi o‘rni, uning global tendensiyalar fonidagi rivoji hamda milliy jurnalistika uchun yaratayotgan yangi imkoniyatlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalari jurnalistika mazmunini o‘zgartirayotgan bo‘lsa-da, ijodkorlik va inson omili har doim ustuvor bo‘lib qolishini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilarning savollariga javob berilib, kitob yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Bu esa mavzu atrofida ochiq va mazmunli muloqot shakllanganini ko‘rsatdi.
Mazkur nashrni ommaviy axborot vositalari tahririyatlari hamda jurnalist kadrlarini tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa kitobning keng jamoatchilik orasida ommalashishi va uning amaliy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter