2026 yilda mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trln so‘m ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda kelgusi yil uchun vazifalarni belgilab berdi.
Birinchi yo‘nalish – qurilish orqali aholini ishli va daromadli qilish.
Kelgusi yilda mamlakatimizda 675 trillion so‘mlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 380 trillion so‘mi qurilish ishlariga to‘g‘ri keladi.
Kelgusi yilda 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joy qurish maqsad qilingan.
Har bir hokim bundan samarali foydalanib, qurilish sohasining o‘zidan kamida 20-25 ming, yaratilgan infratuzilma orqali 10 ming kishini bandligini ta’minlashi mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, 2026 yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi.
Lekin bu mablag‘ hamma tumanga teng taqsimlanmaydi.
Chunki, Do‘stlik tumanida berilgan 5 milliard so‘m maqsadli ishlatilib, Chinobod mahallasidagi 2 kilometrli ko‘chaning infratuzilmasi yaxshilandi, kunu tun ishlaydigan maskanga aylantirildi. Ishning samarasi ko‘ringani sababli tumanga yana 10 milliard so‘m ajratilgan edi, ko‘chaga tutashgan daryo bo‘yi obodonlashtirildi, savdo-servis uchun qo‘shimcha joy ochildi. Natijada 130 ta yangi tadbirkor ish boshlab, 700 nafar odamni band qildi.
Lekin xuddi shunday «drayver» loyihalar uchun mablag‘ olgan Uchko‘prik, Bektemir, Jomboy, Kitob, Toshkent tumanlarida hali natija ko‘ringani yo‘q.
«Endi qaysi hokim tez harakat qilib, aniq loyiha asosida natija ko‘rsatsa, o‘sha tuman ko‘p mablag‘ oladi», – dedi Prezident.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter