Aydar-Arnasoy ko‘llari hududida qushlarni kuzatish tadbirlari bo‘lib o‘tdi

Ekologiya vazirligi Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti tomonidan Jizzax viloyati, Forish tumanida joylashgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida press-tur o‘tkazildi.
3-4 oktyabr — “Butunjahon qushlarni kuzatish kunlari” munosabati bilan o‘tkazilgan press-turda vazirlik huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘limi va Forish davlat o‘rmon-ovchilik xo‘jaligi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida qushlarni tabiiy muhitda kuzatish, ko‘llar bo‘ylab qayiqda sayohat va Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hamda undagi qushlar haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, hududning ekoturizm salohiyati ham keng targ‘ib qilindi.
Ma’lumot uchun, Aydar-Arnasoy ko‘llari O‘zbekistonning Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida joylashgan bo‘lib, Ramsar konvensiyasining suv-botqoq yerlari ro‘yxatiga kiritilgan. Bu yerlarning hayratlanarli, betakror manzaralariga qarab, cho‘l o‘rtasida, Arnasoy pasttekisligida: Och dasht va Qizilqum cho‘li o‘rtasida ekanligiga ishonish qiyin. Aydar-Arnasoy tizimiga Aydarko‘l, Tuzkon va Sharqiy Arnasoy ko‘llari kiradi. Ko‘llarning umumiy maydoni 4 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi.
Sharqiy Arnasoy ko‘llari Jizzax viloyatidagi Chordaryo suv omborining janubiy-g‘arbida joylashgan. O‘tgan asrning 50 yillarigacha Sharqiy Arnasoy ko‘llarining o‘rnida qurib qolgan sho‘r ko‘l bo‘lgan, u pasttekislikda faqat bahorda paydo bo‘lib, havo isishi bilan yana yo‘qolib qolgan. Och dashtning o‘zlashtirilgan yerlaridan kollektor-drenaj oqimi va Chordara suv omboridan oqib tushadigan sel suvlarining quyilishi natijasida vaziyat o‘zgardi. Bora-bora Arnasoy pasttekisligi to‘la boshladi, Aydar havzasi esa suvga to‘ldi. Shu tariqa Aydarko‘l ko‘li paydo bo‘ldi. 1969 yilda Chordara suv omboridan suv quyilishi natijasida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi va Tuzkon ko‘li vujudga keldi. Go‘zal manzarali maskan baliq va ko‘chmanchi qushlarning sevimli makoniga aylandi.
Arnasoy ko‘llarining qirg‘oqlarida qamish, turanga, chakan, yulg‘un kabi o‘simliklardan iborat zich chakalakzorlarni ko‘rish mumkin. O‘nlab turdagi qushlar, jumladan, baliqchi qushlar, qarqaralar, o‘rdaklar, haqqushlar va boshqalar to‘qayzorlardan boshpana topadilar.
Shuningdek, Aydar-Arnasoyda noyob qushlar: pushti saqoqqush, jingalak saqoqqush, kulrang g‘oz, suralay g‘oz, qiliz o‘rdak, qo‘ng‘ir o‘rdak, qizilbosh, olmabosh, oqko‘z, so‘fto‘rg‘ay, sariq sor, suqsun, saxro lochini, qirg‘iy, miqqiy, oq dumli burgut, qora kalxat va haydarkokil kabilarni uchratish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter