Buxorodan Novosibirskka yangi aviqatnov yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi tarixida yana bir yangi parvoz: Buxoro – Novosibirsk – Buxoro xalqaro aviaqatnovi rasman yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Buxoro xalqaro aeroporti direktori o‘rinbosari Hasan Sa’dullayev ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilda Buxoro viloyatiga 3,5 million xorijlik sayyoh tashrifi nazarda tutilgan. Ularning katta qismi havo yo‘llari orqali qatnaydi. Ma’lumki, Buxoro xalqaro aeroporti orqali O‘zbekiston shaharlaridan tashqari, Moskva, Istanbul, Dubay, Jidda, Olmaota kabi yirik shaharlarga muntazam reyslar parvozi muntazam amalga oshirilib kelinmoqda.
«Buxoro – Novosibirsk – Buxoro» parvozining ham yo‘lga qo‘yilgani qadim shahar va Sibir o‘lkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lovchi yangi yo‘nalish bo‘lib xizmat ko‘rsatadi.
Bildirilishicha, ushbu reys haftaning har juma kunida, ya’ni bir oyda to‘rt marotaba har ikki mamlakat aeroportlaridan parvozga ko‘tariladi.
Hasan Sa’dullayevning aytishicha, 2024 yilda viloyatga rossiyalik sayyohlar soni 50 ming atrofida bo‘lgan. Qo‘shimcha 2 ta reysning yo‘lga qo‘yilishi bilan o‘tgan yili Rossiyadan 350 mingdan ortiq mehmon kelgan.
— Bu raqamlar, qariyb, 7 barobarga ko‘p, degani. E’tiborli tomoni, ularning 30 foizga yaqinini, aynan, Sibir o‘lkalari aholisi tashkil qilmoqda. Joriy yilgi reja esa qariyb, 500 mingga yaqin. Demak, talabga yarasha taqdim qilinayotgan taklifni istiqbolli loyiha, deyish mumkin,—deydi o‘rinbosar.
«Buxoro – Novosibirsk – Buxoro» yo‘nalishining ochilishi mamlakatda amalga oshirilayotgan transport siyosati, xalqaro hamkorlik va iqtisodiy ochiqlik tamoyillarining yana bir amaliy ifodasidir. Bu O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.
—O‘zbekiston aeroportida yangi qatnov ochilgani va ushbu yo‘nalishda birinchi yo‘lovchilar qatorida ekanimdan judayam xursandman. Buxoro haqiqatanda, go‘zal va mafutnkor shahar ekan. Mehmondo‘st, samimiy, ochiqko‘ngil odamlariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Hammasi uchun rahmat, O‘zbekiston!—deydi ilk parvozchilardan biri Anastasiya Ivanova.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter