Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eng ko‘p iste’mol qilinadigan go‘sht turi ma’lum bo‘ldi

Eng ko‘p iste’mol qilinadigan go‘sht turi ma’lum bo‘ldi

Foto: iStock

Tovuq dunyoda eng ko‘p iste’mol qilinadigan go‘sht manbaiga aylandi. 2006-yildan 2023-yilgacha jahonda tovuq yetishtirish hajmi kamida 1,5 barobar oshdi, deb xabar berdi Financial Times.

2023-yilda jahon bo‘yicha yetishtirilgan tovuqlar soni 76,2 milliardga yetgan — 2006-yilda bu ko‘rsatkich 48,3 milliardga teng edi. Tovuq go‘shtiga talab, ayniqsa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika va Yevropada yuqori. Xitoy va AQSh jahonda tovuq go‘shtiga bo‘lgan talabning uchdan bir qismini ta’minlamoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda tovuq go‘shti ishlab chiqarish hajmi birinchi marta cho‘chqa go‘shtini ortda qoldirgan.

XXI asrda tovuq go‘shti ko‘pchilik uchun oqsilning asosiy manbalaridan biriga aylandi. Buning sabablari — tovuqni boqish oson va nisbatan arzon, uning go‘shti istalgan milliy oshxona, diniy talablar va har xil daromad oluvchilar darajasiga moslashuvchan.

Tovuq go‘shti jahon bozoridagi savdo tizimiga ham juda mos keladi. Parrandani qismlarga ajratib, har bir qismini talab yuqori va qimmatroq sotiladigan bozorga chiqarish mumkin. Masalan, tovuq panjalari G‘arb mamlakatlaridagi supermarketlarda unchalik xarid qilinmaydi, ammo Xitoyda ularga talab juda yuqori.

Mutaxassislarning fikricha, tovuq go‘shtiga bo‘lgan talab hali yana o‘sadi. «Biz eng yuqori nuqtaga yetishimizga hali ancha bor», — dedi Kanzas universiteti qishloq xo‘jaligi iqtisodchisi Glinn Tonsor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring