Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini tasdiqladi (batafsil)

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini tasdiqladi (batafsil)

Foto: Yahoo

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini tasdiqladi. Bu haqda Yevrokengash rahbari Antoniu Koshta X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

20-paketga 117 nafar jismoniy shaxs va 60 ta yuridik shaxs kirdi, deb xabar berdi TASS Estoniya TIVga asoslanib. Shu bilan birga, ilgari ko‘zda tutilgan barcha cheklovlar qabul qilinmadi. YeI Rossiya neftining dengiz orqali tashilishini to‘liq to‘xtatish niyatida edi, biroq bu band kelishilmadi. «Qora ro‘yxat»ga 46 ta tanker kirdi — endilikda sanksiya ostidagi kemalarning umumiy soni 600 tadan oshadi. Yana bir cheklov — tankerlarni Rossiya Federatsiyasi shaxslariga sotishni to‘liq taqiqlashdir.

Bundan tashqari, sanksiyalarga Rossiyaning 20 ta banki qo‘shildi, zavodlar ro‘yxati kengaydi. Ilgari rossiyaliklarga cheklovlarni chetlab o‘tishda yordam bergan Laos, Ozarbayjon, Armaniston va Qirg‘iziston moliya muassasalari bilan operatsiyalarni amalga oshirishga taqiq qo‘yildi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi sanksiya ostidagi tovarlarni uchinchi davlatlarga eksport qilishni taqiqlash mexanizmini ishlab chiqdi.

YeI bayonotidan kelib chiqadiki, kriptoaktivlarni o‘tkazish va almashtirish uchun Rossiyada yaratilgan yetkazib beruvchilar va platformalarga to‘liq sektorial taqiq joriy etilmoqda. RUBx kriptovalyutasi bilan bog‘liq operatsiyalar, shuningdek, raqamli rublni ishlab chiqishda YeI tomonidan har qanday ko‘mak berilishi taqiqlanadi.

Boshqa cheklovlar:

  • Rossiyaga kiberxavfsizlik sohasida xizmatlar ko‘rsatishni taqiqlash;
  • Rossiya Federatsiyasi neft sektorining 36 ta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar;
  • Murmansk va Tuapsedagi ikkita Rossiya porti, shuningdek, Indoneziyadagi Karimun porti neft terminali bilan operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlash;
  • Olmoslarning Rossiya Federatsiyasida qazib olinmagani, qayta ishlanmagani yoki ishlab chiqarilmaganini tasdiqlash uchun ularning kelib chiqishini kuzatuvchanlik talablarini kuchaytirish;
  • A7A5 steyblkoini savdo qilinadigan birjani boshqaruvchi Qirg‘iziston tashkiloti sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi;
  • 2027-yildan boshlab Rossiya kompaniyalariga STG-terminallari (suyultirilgan tabiiy gaz) xizmatlarini ko‘rsatishga taqiq qo‘yildi;
  • YeI sanksiyalari joriy etilgan shaxslar orasida Ermitaj direktori Mixail Piotrovskiy, reper va tadbirkor Timati, RXBH (Radiatsion, kimyoviy va biologik himoya) qo‘shinlari boshlig‘i Aleksey Rtishev va boshqalar bor.

Ukraina uchun rekord darajadagi kredit

Sanksiyalar bilan bir vaqtda, YeI vakillari Ukraina uchun 90 milliard yevro miqdoridagi kreditni ma’qulladilar. Koshtaning ta’kidlashicha, Yevroittifoqning tinchlik o‘rnatish strategiyasi «Ukrainani mustahkamlash va Rossiyaga bosimni kuchaytirish»ga tayanadi, qabul qilingan qaror esa — har ikki yo‘nalishda oldinga tashlangan qadamdir.

Vengriya va Slovakiya avvalroq Ukrainani moliyalashtirish rejasiga veto qo‘ygan edi, biroq 22-aprel kuni uni bekor qildi. Shu bilan birga, ushbu mamlakatlar mazkur dasturda ishtirok etishdan bosh tortdi. Kreditga xizmat ko‘rsatish va uni to‘lash majburiyati Yevropa Ittifoqi zimmasiga tushadi — Kiyevga pullar qaytarmaslik sharti bilan beriladi.

Xabarlarga ko‘ra, Yevroittifoq 20-paket doirasida O‘zbekistonning ayrim kompaniyalariga ham sanksiyalar joriy qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring