Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada Ukrainaga qarshi urushdan qochib kelgan yigit sudlandi

Farg‘onada Ukrainaga qarshi urushdan qochib kelgan yigit sudlandi

Farg‘ona tuman sudi 24 yoshli A.Q.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan ayblab 3 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Sud tergovi bayonnomasida qayd etilishicha, A.Q, 2022 yil 3 fevral kuni ishlash uchun Rossiyaning Moskva shahriga boradi. U yerda ko‘cha tozalovchisi bo‘lib ishlab yurib, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganligi uchun Rossiya Federatsiyasi huquq tartibot idora xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi va 7 yilga qamaladi.

U Yekaterinburgdagi «IK-5» sonli qamoqxonada jazo muddatini o‘tab kelib, jazodan ozod bo‘lish va Rossiya fuqaroligini olish ilinjida RF Qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shilishni va Ukrainaga qarshi olib borilayotgan urushga qo‘shilishni reja qiladi. 2024-yil noyabr oyining o‘rtalarida Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza topshiradi va  2024-yil 27-noyabrida 21 kunlik dastlabki harbiy tayyorgarlikdan o‘tish uchun Donetsk Xalq Respublikasi hududiga jo‘nab ketadi.

Dastlabki harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan A.Q. DXRning Golovka shahriga borib, u yerda harbiy harakatlarni olib borayotgan rossiyalik harbiy xizmatchilarga mototsiklda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish vazifasini bajaradi. Shu tariqa, A.Q. taxminan 8 oy davomida mazkur vazifada ishlaydi.

2025-yil avgust oyi o‘rtalarida esa RF Qurolli kuchlari tarkibidan chiqib ketishni maqsad qilib, xizmat joyidan qochib, 2025-yil 28-avgust kuni «Moskva-Farg‘ona» yo‘nalishidagi aviareysda O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Sudlanuvchi A.Q.ning bildirishicha, u Moskvada ishlab yurganida Elmira ismli qiz bilan tanishib qoladi va u bilan yurgan kunlarining birida tekshiruvda o‘sha qizning yonidan giyohvandlik moddasi chiqadi va A.Q. ham shu ish bo‘yicha sudlanib qamaladi.

Qamoqda esa uni bir sabab bilan 3 oy karserda saqlab, so‘ng koloniya boshlig‘i chaqirgan va unga Rossiya tomonidan urushga kirish taklifini bergan. Agar ushbu taklifni rad etsa jazo muddatiga yana 10 yil qo‘shilishini aytib uni qo‘rqitgan. Shu bilan A.Q. urushga borishga rozilik bildirgan.

U, shuningdek, urushga kirgan payti ham 2 mara qochishga harakat qilganini, biroq ushlab olishganini, 2025 yil avgust oyi o‘rtalarida u yerdan qochib, 2025-yil 18-avgust kuni Moskva shahriga yetib kelishga muvaffaq bo‘lganini, Moskva shahrida O‘zbekiston konsulxonasiga murojaat qilib, vatanga qaytish guvohnomasini olishga ariza topshirganini, 2025-yil 28-avgust kuni esa vatanga qaytganini aytadi.

Sud sudlanuvchi A.Q.ni JKning 154-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topdi va 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring