Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh...

Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh...

foto: chatgpt

Chorsudagi gul bozori har fasldan ko‘ra gavjum. Onaxonning har bir gul nomini — nimani yaxshi ko‘rishiniyu, qayerda o‘zini qulay his qilishini atrofidagilarga erinmay tushuntirayotgani diqqatimni tortdi. Sababi onaxon gul sotuvchi emas, xaridor edi. “Gulni yaxshi ko‘rasizmi yoki avval gulchilik bilan shug‘ullanganmisiz” dedim. “Yo‘q gulchilik bilan shug‘ullanmayman, shunchaki ularni yaxshi ko‘raman, kecha o‘g‘lim, ko‘ylak oling deb bir million so‘m bergandi, men esa hammasiga gul oldim”, — deydi.

O‘sha yerda yurgan yana bir erkak suhbatga qo‘shiladi, shunaqa ayollar ham bormi “o‘zingiz uchun ishlating” deb o‘g‘li pul bersa ko‘ylak olmay gul oladigan.....

Onaxon kulimsiraydi: “hamma oxirgi moda ko‘ylak kiysa, meni uyimda hech kimda yo‘q gullar bor...”

Onaxon bilan yana ozroq suhbatlashdik. Asli zominlik ekan, gul olmasayam shunchaki Toshkentga gul bozorni aylanish uchun ham kelib ketarkan. Toshkentning qayerida qanday gul bozori bor, hammasini nomma-nom sanaydi... Keyin qaysi iqlimda o‘simlik qanday o‘sishi, ayniqsa tog‘li hududlarda shahardagi ba’zi gullarning bargi va tanasi boshqacha kattarib ketishini ham maroq bilan so‘zlab berdi...

Darhiqat, atrofimizda o‘zini qiziqtirgan mashg‘ulot uchun mablag‘ini va vaqtini ayamaydigan insonlar talaygina. Nega ba’zi insonlar ko‘pchilikka isrofgarchilikdek tuyuladigan xobbisi ya’ni qiziqishlari uchun pulni ayamaydi? Psixologlarning fikricha, bu shunchaki isrofgarchilik emas, balki ruhiy terapiya ekan.

Psixolog Abraxam Maslou inson ehtiyojlari iyerarxiyasida eng yuqori pog‘onaga o‘zini namoyon qilish va estetik ehtiyojni qo‘yadi. Onaxonning bir million pulni ko‘ylakka emas gulga sarflashi, bu shunchaki xarid emas ichki “men”ini tan olish emasmikan? Biz ko‘pincha “ichki meni”mizni faqat taom yoki kiyim bilan, ya’ni jismoniy darajada rozi qilishga urinamiz. Ammo ruh, avvalo go‘zallik va ma’no bilan tirik.

Mashhur pedagog va faylasuf Rudolf Shtayner: “Inson gullarga qarab, o‘z qalbidagi eng yaxshi fazilatlarni uyg‘otadi” deganida, o‘sha oddiy qishloq ayoli gul parvarishlayotganda aslida o‘zi uchun tinchlik, xotirjamlik va yaratish zavqini yaratayotganiga ishora qilmaganmikan?

Iqtisod ilmida foydalilik nazariyasi degan tushuncha bor. Ko‘pchilik uchun foyda, bu biror buyumning necha yillab xizmat qilishida. Ammo ma’naviy iqtisodda foyda, bu insonning ruhiy muvozanatidir.

Kornell universiteti tadqiqotchilari bir xulosaga kelgan: odamlar moddiy buyumlardan ko‘ra, taassurotlarga, zavqqa va qiziqishlarga sarflangan puldan ko‘proq mamnun bo‘ladi. Chunki buyumlar bilan biz solishtiramiz, taassurotlar bilan esa yashaymiz. Bu faqat gulga qiziqadigan odamlargagina tegishli emas. Kimdir nodir kitoblar yig‘adi, kimdir rasm chizish uchun bo‘yoqlarga pulini ayamaydi.

Yana bir tanishim bor, u eng noyob kitoblarni topib, shaxsiy kutubxonasiga qo‘ymaguncha ko‘ngli joyiga tushmaydi. Uning uchun kitob shunchaki kolleksiya emas, balki ruhiy yangilanish vositasi.

Faylasuf Rene Dekart aytgan edi: “Yaxshi kitoblarni o‘qish — o‘tgan asrlarning eng aqlli insonlari bilan suhbatlashish demakdir”. Bu tanishimning “kitob ovi” aslida dunyoning eng buyuk donishmandlari bilan yuzma-yuz kelish ishtiyoqidir.

Qolaversa bibliofiliya — kitobga bo‘lgan muhabbat insonga xavfsizlik va mazmun hissini beradi. Xorxe Luis Borxes aytganidek: “Men jannatni doim kutubxona ko‘rinishida tasavvur qilganman”.   

Facebookda “Kitobxonlar davrasi” guruhi bor. O‘sha guruhda kitob muxlislari yangi nashr yoki tarjima qilingan mashhur asarlarni qancha pulga bo‘lsa ham sotib olmoqchi bo‘lganlarini kuzatishingiz mumkin. Ko‘pincha guruhda ota-onasi yoki yaqinlari “o‘zing uchun nimadir olasan”, deya sovg‘a qilishgan pulga kitob sotib olmoqchi bo‘lgan yoshlarni uchratganingizda ko‘nglingiz yorishadi. Ya’ni bu yoshlarning puldan ham qadrliroq qadriyatlar borligini anglab yashayotgani beixtiyor quvontiradi odamni. Va xuddi shunday kiyim kiymasayam, qimmat restoranlarga bormasayam kitob sotib olishdan o‘zini to‘xtata olmaydigan insonlar ham tom ma’noda Maslouning ehtiyojlar iyerarxiyasining eng yuqori cho‘qqisiga chiqib borayotganlardir.

Keyingi paytlarda  sayohatga chiqish ancha jonlandi. Sayohat qilish deganda albatta g‘ildirakli katta chemodan ko‘z oldimizga keladi. Bu yerdan ketishda va borgan mamlakatdan qaytishda ichini to‘ldirmasak hisobmas. Ammo men bilgan yana bir inson sayohatni butunlay boshqacha anglaydi. U sayohatga katta chemodanlar bilan emas, atigi yetti kilolik ryukzak bilan ketadi. U na borishda, na qaytishda vaqtini va pulini turli matohlarga sarflamaydi. Uning maqsadi bozorma bozor yurib narsa yig‘ish emas, balki taassurot yig‘ish. Bu yerda biz minimalizm falsafasini ko‘ramiz. Faylasuf Seneka aytganidek: “Boylik — bu ko‘p narsaga ega bo‘lish emas, balki kam narsaga ehtiyoj sezishdir”.

“Katta chemodan, bu og‘ir yuk, bu qo‘shimcha mas’uliyat, qo‘shimcha xarajat va jismoniy og‘irlik”, — deydi unga ilk bor katta-katta sumkalarsiz sayohatchini ko‘rib turishimni aytganimda.

“Men uchun bir-ikkita qulay kiyim kifoya, diqqat-e’tiborimni kiyinishga emas, balki ko‘rayotgan yangi shaharlar, tog‘lar, tabiat manzarasi va odamlar, urf-odatlarga qarataman. Va qolaversa men bu bilan nafaqat pulimni, balki eng qimmatbaho resurs vaqtimni tejayapman. Aeroportlarda chemodan kutish, uni ko‘tarish, qaytishda “kimga nima sovg‘a olsam ekan”, deb bozor kezish azobidan ozodman.”, — deydi u aslida sayyohatdan maqsad nima ekanligini menga chuqurroq anglatish maqsadida.

Demak bu sayohatchi tanishim vaqtini faqat o‘zini anglashga sarflaydi. U uchun ichki xotirjamlik moddiy buyumlardan yuqori turadi...  

Gulni yaxshi ko‘radigan onaxon, kitob yig‘adigan kitobxonlar va og‘ir yuksiz dunyo kezgan sayyoh... Ularning hammasini bir narsa birlashtiradi: ular ichki menini tashqi yaltiroq narsalar bilan aldashni istashmaydi.

Psixolog Viktor Frankl ta’kidlaganidek, inson uchun eng muhimi — hayotning ma’nosini topishdir. Kimdir uchun bu ma’no bir tup gulning ochilishida, kimdir uchun yangi kitobning ilk sahifasida, yana kimdir uchun esa begona shaharning tor ko‘chasida namoyon bo‘ladi.

Biz ko‘pincha kiyimni yoki qimmatbaho buyumlarni o‘zimiz uchun emas, boshqalarning nazari uchun sotib olamiz. Bizni boy va muvaffaqiyatli, deb o‘ylashlarini istaymiz. Ammo yuqoridagi uch qahramonimiz boshqalarning fikridan yuqori tura olgan odamlardir.  

Qolaversa bunday qiziqishlar, mashg‘ulotlar bugun hamma internet ichida yashayotgan bir paytda insonni ekrandan uzoqlashtiradi. 

Ularni kuzata turib shunday xulosa qildim: haqiqiy hashamat nafsimizni emas, qalbimizni to‘ydirishdir. Zero, inson bu dunyodan o‘zi bilan olib ketadigan yagona narsa uning ruhiy boyligi, taassurotlari va qalbida o‘stirgan “gulbog‘”idir.

Sizning ichki dunyoyingiz bugun nimaga tashna? Balki, qalbingiz millionlik kiyimni emas, o‘zini baxtli qiladigan kichik bir mo‘’jizani kutayotgandir? Tasavvur qiling: sizda hozir ortiqcha bir million so‘m pulingiz bor, qaysidir qiziqishingizni ortga surib kelayapsiz, balki shu bugun uni amalga oshirish uchun imkoniyat berilayotgandir... Uning ortidan keladigan zavq, huzur va yangilanishni bir tasavvur qilib ko‘ring-a...

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring