Ilgari deputatlik o‘rni 1 million dollargacha sotilardi...

Joriy yil 30 noyabr kuni Qirg‘izistonda mamlakat parlamenti (Jogorku Kenesh) deputatligi uchun saylov bo‘lib o‘tadi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida saylov to‘g‘risidagi yangi qonun ovoz berish jarayonini shaffof va halol o‘tkazishga xizmat qilishini aytgan.
Japarovning ta’kidlashicha, ilgari Jogorku Keneshdagi deputatlik o‘rni 100 ming dollardan 1 million dollarga qadar sotilgan bo‘lsa, endi xalq noibi kursisi savdoga qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Endilikda har bir nomzod faqat o‘z obro‘-e’tibori va xalq ishonchiga tayanib kurash olib boradi. Biz shaffof saylov uchun barcha shart-sharoitni yaratdik. Ish saylovchilarda qolgan – ular faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib, ovozlarni sotib olish amaliyotiga yo‘l qo‘ymasliklari lozim”, – degan Qirg‘iziston prezidenti.
Respublika 30 ta okrugga bo‘lingan va har bir okrugdan 3 nafar deputat saylanadi. Ayni choqda, gender balansini ta’minlash uchun bir o‘rin alohida ajratilgan.
Qayd etilishicha, ovoz berish jarayoni raqamlashtirish sharoitida o‘tkaziladi: caylov uchastkalarida kameralar o‘rnatiladi, aeroport va yirik savdo markazlarida qo‘shimcha ovoz berish shoxobchalari tashkil etiladi.
“Saylov yangi tariximizda maksimal darajada toza o‘tishi kerak. Asosiy muammo – ovozlarni sotish va sotib olish. Bu holatga chek qo‘ysak, qolgan masalalar hal bo‘ladi”, – degan Japarov.
Qirg‘iziston rahbari saylov jarayonida mahalliychilik, qarindosh-urug‘chilik kabi illatlarga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini ham uqtirgan.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yil 25 sentyabr kuni Jogorku Kenesh o‘z vakolatini muddatidan oldin to‘xtatish haqida qaror qabul qildi. Mazkur masala yuzasidan nutq so‘zlagan deputat Ulan Primov mamlakat hayotidagi ikki muhim siyosiy hodisa – prezidentlik va parlament saylovlari
o‘rtasidagi farq qisqa muddatni tashkil etishi, shunga ko‘ra qonun chiqaruvchi idora o‘z vakolatini ixtiyoriy ravishda ilgariroq topshirishi kerakligini aytgan edi.
Bunga qadar parlament saylovi 2026 yil oxirida, prezidentlik saylovi esa 2027 yil yanvarida tashkil etilishi kutilayotgan edi.
24.kg nashri parlamentning kutilmaganda tarqatib yuborilishi va yangi saylov tayinlanishi yuzasidan muqobil fikrlarni e’lon qilgan.
Ekspert Emil Jo‘rayevning fikricha, deputatlikka nomzodlardan keskin tanqidiy chiqish va muxolif pozitsiyani kutmagan ma’qul.
Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchi Arkadiy Dubnov ham saylov okruglari amaldagi hukumatga sodiq nomzodlarni saralashga e’tibor qaratadi deb hisoblaydi. Chunki “hukumat rejasiga ko‘ra, tezkor saylov kampaniyasidan ko‘zlangan maqsad deputatlik korpusini Qirg‘izistondagi barqarorlik va tartib-intizomni mustahamlovchi ishonchli boshqaruvdagi parlamentga aylantirishdan iboratdir”.
Huquqshunos Tattububu Ergeshbayeva esa superprezidentlik hokimiyati amal qilayotgan Qirg‘izistonda parlament a’zolarida asosan qonun ijodkorligi hamda vakillik vakolatlari qolganiga e’tibor qaratgan.
Siyosatshunos Almaz Tojiboyning taxminicha, bu yil saylovda ko‘proq pul sarflagan va maqsadga muvofiq gaplarni gapirgan nomzodlar g‘olib chiqadi.
“Garov puli va parlamentga o‘tish ko‘rsatkichi oshgani inobatga olinsa, ziyolilar o‘ta olmaydi. Bu saylov – budjetga 3,5 ming dollar tuhfa eta oladigan va ovoz berish kampaniyasi uchun kamida 20 ming dollar sarflay oladigan boylar uchundir”, – deb hisoblaydi Almaz Tojiboy.
Aksar tahlilchilar saylov ortidan Qirg‘iziston siyosiy hayotida jiddiy beqarorlik yuzaga kelmaydi degan fikrda.
Ammo parlamentarizm bo‘yicha mutaxassis, siyosatshunoslik fanlari doktori Ilyos Qurmonov DW nashriga bergan intervyusida siyosiy tizimi beqaror
har bir mamlakat uchun saylov muayyan xatar va qaltislik tug‘dirishini ta’kidlagan.
Qirg‘izistonda mustaqillik yillarida 8 ta chaqiriq parlamentdan 5 tasi o‘z vakolat muddatini oxirigacha o‘tay olmagan. Hukumat 35 marta iste’foga chiqarilgan. Aksar hollarda ommaviy noroziliklar ortidan 6 marotaba prezident alishgan.
Ekspertning ta’kidlashicha, siyosiy institutlar, partiyalar, sudlar haminqadar bo‘lgan sharoitda parlamentni mustaqil institut sifatida mustahkamlash uchun tizimli choralar ko‘rish talab etiladi.
“Xalq va mamlakatni o‘z ortidan ergashtira oladigan kuchli shaxslar va partiyalar bo‘lsagina kuchli parlament shakllanadi. Agar Jogorku Keneshda kamida 10 nafar kuchli deputat bo‘lganida, Qirg‘iziston boshqacha mamlakat bo‘lar edi”, – degan Ilyos Qurmonov.
Bir palatali Jogorku Keneshda 90 nafar deputat faoliyat yuritadi. Qirg‘iziston saylov komissiyasi ma’lumotiga qaraganda, mamlakat bo‘yicha 4 million 287 ming nafar saylovchi ro‘yxatga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter